"Qumtor"ni milliylashtirishga nima undamoqda?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev ilk bor Issiqko‘l tumanidagi "Qumtor" oltin shirkatini milliylashtirish mumkinligiga ishora bergan.

Ayni paytda kon Kanadaning Centerra Gold shirkati nazoratida faoliyat qiladi.

Dengiz sathidan 4 ming metr balandda joylashgan "Qumtor" - dunyodagi eng baland va qazib chiqish qiyin bo‘lgan oltin koni sanaladi.

Ushbu kon Qirg‘iziston kabi tabiiy boyliklari kam va qashshoq mamlakat uchun qariyb milliy boylik timsoli hamdir.

Chunki, Qirg‘iziston chetga sotadigan mahsulotning yarmini "Qumtor" oltini tashkil etadi. Qirg‘iz hukumati konni davlat tasarrufiga o‘tkazish mamlakat iqtisodi uchun zararli bo‘lishini ta‘kidlab kelgan.

Ammo, "Qumtor"ga egalik masalasi mamlakatda oylab davom etgan noroziliklar, ochlik amallari va tartibsizliklarga yetaklagandi.

Nihoyat, o‘tgan oy Qirg‘iz hukumati Senterra Gold bilan yangi qo‘shma korxona tashkil qilish borasidagi bitimga erishgan.

Endi esa, janob Atambayev "Qumtor"ni milliylashtirish ehtimoliga ishora berarkan, bunga uni qaysi omillar undagan bo‘lishi mumkin? Biz bu savolni BBC Qirg‘iz Xizmati muharriri Gulnora Kasmambetovaga berdik:

Image caption "Qumtor"ga egalik masalasi mamlakatda oylab davom etgan noroziliklar, ochlik amallari va tartibsizliklarga yetaklagandi

Gulnora Kasmambetova: Qizig‘i shundaki, biz konni milliylashtirish ehtimoli haqida Prezidentning o‘zidan eshityapmiz. Ayni paytda biz, mamlakatdagi qator kuzatuvchilar bilan ham gaplashdik. Ularning fikricha, Prezident shunday qilishga majbur bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Chunki, bir tomondan "Qumtor" Qirg‘izistondagi xorijiy sarmoyadorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan muvaffaqiyatli shirkatlardan biri sifatida muhim. Eng avvalo, uning mamlakat byudjeti uchun ahamiyati katta. Agar shirkat ishi to‘xtab qolsa yoki yetarlicha mahsulot ishlab chiqara olmasayu mamlakat g‘aznasiga yetarli zahiralarni yetkazib bermasa, albatta, iqtisodga buning ta‘siri anchayin salbiy bo‘ladi. Prezident buni yashirayotgani yo‘q. U ochiqdan-ochiq: "Bu - biz uchun, iqtisodimiz uchun nihoyatda katta zarba. Ammo, biz mamlakatda har qanday siyosiy beqarorlik yuz berishi oldini olish uchun ushbu qadamni qo‘yishimiz mumkin", deydi. Bunday vaziyatdan ayrim shaxslar mahalliy aholini ko‘tarishda foydalanishdi. Prezidentning o‘zi ham aynan mana shu odamlar 2003 yilgi Kanada shirkati bilan eski shartnomani qo‘llab-quvvatlashganini aytarkan, nima uchun bugunga kelib, ular bu mavzudan mamlakatni beqarorlashtirish yo‘lida foydalanishmoqda, degan savolni qo‘yadi.

BBC: Ma‘lumki, "Qumtor" atrofida kechayotgan noroziliklar shundoq ham beqarorlik va zo‘ravonliklarga tez-tez sahna bo‘lib turadigan Qirg‘izistonga boshqa xorijiy sarmoyadorlar kelishini to‘xtatishi mumkin. Hozir jamiyatda ayni mavzu qanday aks-sado bermoqda?

Gulnora Kasmambetova: Jamiyat bu mavzuda ikkiga bo‘lingan. Bir tomondan, hamma iqtisodga beriladigan har qanday zarbadan aziyat chekadiganlar oddiy odamlar bo‘lishini yaxshi bilishadi. Ikkinchi tarafdan, ba‘zi guruhlar kon joylashgan hududdagi mahalliy aholini agar kon davlat tasarrufiga o‘tkazilsa, mamlkat uchun foydaliroq bo‘ladi, degan gapga ishontirishgan. Ammo, odamlarga agar sarmoyadorlar mamlakatni tark etishadigan bo‘lsa, kon o‘z-o‘zidan muvaffaqiyatli ishlay olmasligi borasida yetarlicha tushuntirish berilmagan. Boshqa tomondan, mahalliy kuzatuvchilar bu kabi tartibsizlar ortidagi siyosiy maqsadlar borasida gapirishadi. Ular mamlakatda qanchalar ko‘p beqarorlik yuzaga kelsa, shunchalar ko‘p siyosiy mavqe‘ga erishish mumkin deb o‘ylaydilar.

BBC: Hozirgacha Prezidentning aytganlariga Centerra Gold tarafidan biron bir munosabat bildirildimi?

Gulnora Kasmambetova: Hozirgacha bunga biron bir munosabatni eshitganimiz yo‘q. Chunki, intervyu endigina olindi. Hozircha faqat qirg‘iz tilida. Ammo, ishonamanki, Qirg‘iz Prezidentining so‘zlari ingliz tiliga o‘girilgach, ular qandaydir munosabat bildirishlari mumkin.