Pokistondagi Tolibon harakati o‘zining yangi rahbarini e‘lon qildi

Image copyright AFP
Image caption Mullo Fazlulloh o‘ta qattiqqo‘lligi bilan tanilgan

Pokistondagi Tolibon harakati Mullo Fazlullohni o‘zining yangi rahbari deya e‘lon qilgan.

Harakat rahbari Hakimulloh Mehsud o‘tgan hafta shimoliy Vaziristonda dron hujumida halok etilgandi.

Tolibon harakatining Svat vodiysidagi eng ko‘zga qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Mullo Fazlulloh Pokiston shimoli-sharqida Tolibon rahbarlari sho‘rosi paytida tanlab olingan.

Pokiston hukumati AQShni Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlash harakatlariga to‘sqinlik qilishda ayblagan edi.

Islomoboddagi BBC muxbiri Richard Galpinning aytishicha, pokistonlik maktab o‘quvchisi Malala Yusufzayni otgan shaxslar Mavlon Fazlullohning jangchilari bo‘lishgan.

Richard Galpinga ko‘ra, Mullo Fazlulloh har qanday tinchlik muzokaralarini o‘tkazish urinishlariga qattiq qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

Mullo Fazlullohning Tolibon rahbari etib tanlangani haqidagi xabar harakatning muvaqqat rahbari Asmatulloh Shohin tomonidan e‘lon qilingan.

Mazkur xabar e‘lon etilishi ortidan Mironshoh mintaqasida osmonga o‘qlar uzilgan.

Mavlono Fazlulloh Svat vodiysida 2007-2009 yillar orasida o‘ta qonli amaliyotlar o‘tkazgan, jumladan maktablarga o‘t qo‘ygan, omma o‘ngida jinoyatchilarga darra urgan va boshlarini tanalaridan judo qilgan.