Tojikiston: Imomali Rahmon to‘rtinchi bor prezident etib saylandi

Imomali Rahmonning g‘alabasiga shubha qilinmagan Image copyright Reuters
Image caption Imomali Rahmonning g‘alabasiga shubha qilinmagan

Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi chorshanba kuni o‘tgan saylovlarning dastlabki natijalarini e‘lon qildi. Kutilganidek amaldagi prezident Imomali Rahmon ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rahmon janoblariga 83,6 % saylovchi yoki 3 million 200 ming odam ovoz bergan.

Prezidentlik saylovlarida besh foizlik to‘siqni yengib o‘tgan va MSK tomonidan rasman ro‘yxatga olingan yana besh nomzod ishtirok etgan.

Iqtisodiy islohatlar partiyasidan Olimjon Boboyev 3,8%, Ijtimoiy partiya raisi Abduhalim G‘afforov 1,5%, Tojikiston demokratlarini nomidan Saidjafar Ismonov 1%, kommunist Ismoil Talbakov 5% va Qishloq xo‘jaligi partiyasidan Tolibek Buxoriyev 4,5% ovoz olgan.

MSK prezidentlik saylovlari o‘tdi, deyish mumkinligini bildirgan. Konstitutsiya bo‘yicha prezident 7 yilga saylanadi.

Markaziy Saylov komissiyasi saylovlar jiddiy qonunbuzarliklarsiz o‘tganini aytdi. Komissiya ma‘lumotlariga ko‘ra saylovda 3 million 600 ming odam yoki mamlakatdagi saylovchilarning 86% qatnashgan.

20 yildan ortiq Tojikistonni boshqarayotgan janob Rahmonning 2006 yildagi saylovda 79 foiz ovoz to‘plagani xabar qilingan, bu yilgi saylovda esa u faol kampaniya yuritmagan.

Aksincha, u mamlakatning turli hududlariga safarlar uyushtirgan, Tojikiston matbuoti esa bu ishchi safarlarini juda keng yoritgan.

Buni esa Prezident Rahmon muxoliflari bir yoqlamalik deb tanqid qilganlar.

Poytaxt va boshqa shaharlarda katta-katta suratlari osilgan janob Rahmonni Tojikistonda shaxsga sig‘inishni paydo qilishda ham ayblashmoqda, uning o‘zi bu ayblovlarni rad etadi.

Amaldagi Prezident Imomali Rahmon to‘rtinchi marta saylovlarda g‘olib chiqdi.