BBC mehmoni - o‘zbekistonlik iqtisodchi Narimon Nishanovga savol yo‘llang

Image copyright none
Image caption Narimon Nishanov muxlislar savollariga radio va internet orqali javob beradi

Narimon Nishanov 1998 yilda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetini bitirgan.

2005 yil esa, Yaponiya Xalqaro Universiteti magistraturasida "Xalqaro taraqqiyot" dasturini bitirgan.

Narimon Nishanov Qurg‘oqchilik hududlarida qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar xalqaro markazida (IKARDA) 2006 yildan buyon ishlab keladi.

Markaz rivojlanayotgan davlatlardagi qurg‘oqchilik hududlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni targ‘ib qilishga intiladi.

IKARDA 1998 yildan buyon O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar konsultativ guruhining O‘rta Osiyo va Janubiy Qofqoz mintaqaviy dasturiga mezbonlik qiladi. Va ushbu mintaqa qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Dasturning maqsadi O‘rta Osiyo va Janubiy Qofqozda yuqori sifatli tadqiqotlar, hamkorlik va peshqadamlik qilish orqali aholining turmush darajasini oshirish, inson salomatligi va oziqlanishini yaxshilash va ekologik tizimlarning bardoshliligini oshirishdan iboratdir.

Shuningdek, Narimon Nishanov chorva mollari yungini qayta ishlash orqali fermerlar va qishloq ayollari daromadini oshirishga qaratilgan loyihada daladagi tadqiqotlar koordinatori sifatida ishlagan.

Loyihadan asosiy maqsad chorva yungini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport kilish orqali, qishloq hududlarida yashovchi aholining, ayniqsa, kasanachilik bilan shug‘ullanadigan ayollar hamda chorvachilikka ixtisoslashgan kichik fermerlar daromadlarini oshirish orqali turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘lgan.

Iqtisodchilar fikricha, yung va ishlab chiqariladigan mahsulotlar sifatini oshirish orqali, bu mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish bilan qishloq aholisi daromadini ancha oshirish mumkin.

Ushbu loyiha 2009 yildan Qirgiziston va Tojikistonda amalga oshirilib, joriy yilning sentyabr oyida yakunlangan.

Narimon Nishanov muxlislar savollariga radio va internet orqali javob beradi.

BBC mehmoniga savollaringizni uzbek@bbc.co.uk ga jo‘natishingiz yo-da, quyidagi maxsus forma orqali qoldirishingiz mumkin.

Kelgusi mehmonlarimiz kim bo‘lishini istaysiz?

Fikru mulohazalaringizni kutib qolamiz.