BBCga aytaman: "O‘zbekiston hukumati xalqning sabrini sinamoqdami?"

Image caption "O‘zbekiston gazi qayoqqa ketyapti?"

"O‘zbekistonning barcha viloyatlarida gaz va svet eng katta muammoga aylandi. Uning oldiga mana yaqindan boshlab benzin yo‘qligi ham qo‘shildi. Hukumat xalqning sabri yana qanchaga yetishini sinamoqda shekilli. To‘g‘risi hammaning sabr-kosasi to‘lib bo‘lgan", - deydi BBC mushtariylaridan biri.

Shu mazmundagi maktublar BBC pochtasiga kelgan.

"Aholining joniga tegdi. O‘zbekiston gazi qayoqqa ketyapti?", deb yozadi Xurshid ismli o‘quvchimiz.

"Qo‘qonda gaz bo‘ladimi? O‘zbekiston gazi qayoqqa ketyapti? Aholi foydalangani yo‘q gazdan. Nima qilish kerak, kim nimani kutyapti? O‘zbekistonda urush bo‘lishini xohlamaydi hech kim. Lekin aholining joniga tegdi. Gaz yo‘q, svet yo‘q. Nima qilish kerak? Go‘daklar sovuqdan kasal bo‘ladi. O‘zbekiston aholisi ko‘payyapti. 2013 yilda ham gaz, svet bo‘lmasa, bilmadim. Aholi jonidan to‘ydi. Aholi 8 yil qishda gaz, svetsiz. Kimga yoqadi, qaysi yurtga yoqadi? Toshkentda nimaga bunaqa muammo yo‘q" - degan savollarni qo‘yadi Xurshid.

O‘zbekistondan kelayotgan boshqa xabarlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida uch kun mobaynida gaz va elektr energiyaning to‘liq o‘chirib qo‘yilganidan darg‘azab bo‘lgan aholi, aksariyati ayollar katta yo‘lni to‘sishgan. Shundan so‘ng mahalliy rasmiylar tez orada gaz va chiroq doimiy berilishini va‘da qilganlari aytilmoqda.

BBCning Juma shahridagi manbasi aytishicha, odamlarning jur‘atlilari shunday talab bilan chiqmasa, gaz va chiroqsiz hayot ko‘pchilik uchun odatiy bo‘lib qolgan.

"Ertalab svetni soat 7 da beradi 8 da o‘chiradi. Shu bilan kech 6 da yonadi, bir soatdan keyin o‘chiradi. Keyin 11-12 da beradi. Nima bu axmoqlik? Kimga kerak bu? Yo‘q gazga pul to‘layapmiz. Berganiga besh soatlarda ham ovqat pishirolmaysiz. Nahotki buning oxiri bo‘lmasa?", deydi jumalik suhbatdosh.

Image copyright none
Image caption Gaz bo‘lmagan qishloqlarda xalqning kuni o‘tin va o‘choqqa qolgan

Qashqadaryoda taksi haydab, ro‘zg‘orini boqayotgan kishining so‘zlariga qaraganda, u borgan deyarli hamma tumanda ahvol shu. Qishloq joylarda gaz umuman yo‘q. Men yashaydigan Kasbida dekabrdan martgacha gaz beradi xolos. Qolgan paytlar o‘choq, svet bo‘lsa plitada ovqat qilinadi, men gaz ballon sotib olganman. Qashqadaryo bo‘yicha Nishonda svet biroz yaxshi shekilli Talimarjon stantsiyasi borligi uchun. O‘g‘lim Nishonda paxta teryapti, svet yaxshi deyapti u".

Suhbatdoshimizga ko‘ra, hamma viloyatlardan talabalar paxtadan qaytgan, Qashqadaryoda esa talabalar hanuz paxta terishmoqda. Ularning qachon qaytishi noma‘lum. Yangi hokim qanday ishlayotganini ko‘rsatishi kerakdirda? - deya o‘zi javob qaytaradi savoliga.

"Ilgari Qarshida elektr bilan muammo kamroq bo‘lardi, hozir bizda ham ahvol qishloqdagilar bilan bir xil bo‘lib qoldi. Bolalarim maktabda o‘qiydi. Kechki payt chiroq o‘chadi. Dars qilishga vaqt yetmaydi. Keyin yarim kechagacha kutib o‘tiradi yonishini. Ertalab turolmaydi. Bolalar kerakli bilimni ololmayapti. Bilmayman qayoqqa qarab ketyapmiz o‘zi?" - deb aytadi qarshilik uy bekasi.