Filippin: qutqaruv va ko‘mak amaliyotlari haddan ziyod mushkullashgan

Image caption Tabiiy ofat tufayli ba‘zi odamlar barcha yaqinlaridan ayrilgan

Filippinda to‘xtamayotgan yog‘ingarchilik va aksar aholi maskanlarining uzilib qolgani Xayan to‘fonidan omon qolganlarni qutqarish va ularga mo‘ljallangan yordamlarni yetkazish ishlarini imkonsiz qilmoqda.

Tabiiy ofat ko‘lami tobora ayonlashib bormoqda.

Kamida 10 ming inson to‘fon qurboni bo‘lgan degan xavotirlar bildirilmoqda.

Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun xalqaro hamjamiyatdan ko‘mak ko‘rsatishni so‘raganidan keyin AQSh va Britaniya harbiy kemalari Filippinga yo‘l olgan.

BMT bosh kotibi haddan ziyod ayanchli to‘fon oqibatlari aks etgan fotosuratlarni namoyish etgan.

Janob Pan muhtojlarga 25 million dollarlik yordam yuborishga qaror qilinganini aytgan.

Filippin Prezidenti Benino Akuino mamlakatni tabiiy ofat holatida deb e‘lon qilgan.

Uning bayonotida mamlakatning Leyte va Samar viloyatlari eng ko‘p zarar ko‘rgan viloyatlar ekani aytilgan.