Rossiya: o‘zbekistonlik ayol deportatsiya qilinadi

Image caption Migratsiya xizmati bildirishicha, Rossiyada noqonuniy turgan 3,6 million muhojir chiqarib yuborilishi kerak

Vladivostok mahkamasi o‘tgan haftada hujjatlari yo‘qligi sababli dastlab tug‘ruqxonaga qabul qilinmagan o‘zbekistonlik ayolni ikki hafta ichida mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror bergan.

O‘zbekistonlik Shoira Ulasheva ko‘rsatilgan muddat ichida Rossiyadan chiqib ketishga ulgurmasa yoki xohlamasa, uni majburan deportatsiya qilinishi aytilgan.

Muhojirlik xizmatiga ko‘ra, Shoira Ulashevaning eri topilmayapti, uning o‘zi esa bolalarini olib, o‘z xohishi bilan chiqib ketishga rozi bo‘lgan.

Shoira Ulasheva Rossiyada 2009 yildan buyon noqonuniy yashab kelgani aytilmoqda.

Biroq bir oylikdan kichik bola bilan uchoqqa chiqish taqiqlangani bois, u qanday yo‘l orqali deportatsiya etilishi noma‘lum.

Vladivostok shahar 1-tug‘ruqxonasi bosh shifokori Vitaliy Melnikov muhojir ayol kasalxonaga hujjatsiz, pulsiz va sug‘urta qog‘ozisiz kelgani uchun qabul qilinmaganini aytgan BBC muxbiriga.

Ko‘chaga chiqarib yuborilgan homilador ayol to‘lg‘oq tutib, odamlarni yordamga chaqira boshlagan.

Bu holatni esa tug‘ruqxona xodimlari spektakl deb atashgan.

Biroq, dardi tutib kelgan ayol atrofdagi odamlar va ular xabar bergan politsiya xodimlari yordamida ichkariga olinishi bilan bolasi tug‘ilgan.

Shifokorlarga ko‘ra, Shoira Ulasheva ertasi kuni tug‘ruqxonadan qochib ketgan.

O‘tgan hafta juma kuni muhojirlik xizmati xodimlari ayolni chaqalog‘i va boshqa bolalari bilan Vladivostokdagi uylardan birining yerto‘lasidan topishgan.

Rossiyadagi o‘zbeklarning "Adolat" jamoatchilik tashkiloti raisi Bahodir Nurakovning aytishicha, ayolning ikki bolasi vaqtincha uning tanishlari qaromog‘iga topshirilgan.

Rossiya huquq tartibot idoralari bu voqea bilan bog‘liq tug‘ruqxona xodimlarining ishida jinoyat belgilari topilmaganini bildirgan.

Bundan oldin homilador ayol sog‘ligini xavfli holatda yordamsiz qoldirganlik bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangani aytilgandi.

Migratsiya xizmati hisobicha, Rossiyada noqonuniy turgan 3,6 million muhojir chiqarib yuborilishi kerak.