O‘zbekistonda yana beshta telekanal efirga uzatilmagan

  • 12 Noyabr 2013
Image caption Oddiy aholi telekanallar uzib qo‘yilganidan hali bexabar

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, respublikadagi nodavlat telekanallar tarmog‘ida bo‘lgan yana 5 ta telekanal efiri to‘xtatilgan.

Tarmoqning Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida efirga uzatilgan 5 telekanal faoliyati ustidan tekshiruv boshlangani aytilmoqda.

BBC gaplashgan ismi sir qolishini so‘ragan jurnalistga ko‘ra, telemarkazning hamma xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Studiyalardagi texnik vositalar milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan olib chiqib ketilgan.

Uning aytishicha, telekanallar qayta ochilgan taqdirda ham bir yil muddatsiz ish boshlamasligi haqida gaplar bor. Sababi tekshiruvlar katta bo‘layapti deydi u.

Shuningdek TV markazning xodimi O‘zbekiston televideniyesi tarkibida ikkita yangi- musiqa va kino telekanali ish boshlayotganini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston televideniyesida ishlaydigan jurnalistning aytishicha, ayni paytda nodavlat telekompaniya tarmog‘ida bo‘lgan barcha kanallar ustidan tekshirish boshlangani haqida mish-mishlar katta.

Shuningdek tarmoq rahbari bo‘lgan Firdavs Abduxoliqovga tegishli matbuot nashrlari ham tekshiriladi degan gaplar bor, deydi televideniye jurnalisti.

Ayni paytda qarshilik va surxondaryolik oddiy aholi telekanallar uzib qo‘yganidan xabarsiz.

Qarshilik ayolning aytishicha, yakshanba kuni Qarshi telekanali efirga uzatilgan. Dushanba kuni odatda viloyat va shahar telekanalida profilaktika ishlari bo‘lishi bois, odamlar uzib qo‘yilganini sezmaganlar.

Bugun mahalliy vaqt bilan soat oltida chiqishi kerak deydi u.

Qashqadaryo va Surxondaryodagi manbalarimizga ko‘ra, telekanallar asosan mahalliy yangiliklar, reklamalar va kino-kontsertlar qo‘ygani uchun odamlar ko‘proq shu kanallarni tomosha qilishgan.

Oktyabr o‘rtasida Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari efiri to‘xtatilgan, so‘ngra mustaqil STV kanali uzib qo‘yilgandi.

STV ning rahbari, yirik mediamagnat Firdavs Abduxoliqov ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar chiqqan. Lekin bu haqda rasman biror ma‘lumot berilmagan.

Firdavs Abduxoliqov Gulnora Karimovaga yaqin shaxslardan bo‘lib, Fond Forum tashkil qilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan va ularni telekanal hamda nashrlarida yoritib kelgan.

Telekanallarning to‘xtatilishi Gulnora Karimova rahbarlik qilgan Fond Forum faoliyati va unga bog‘liq tashkilotlar ustidan tekshiruvlarning davomi sifatida ko‘rilmoqda.