Ronaldo arab qiziga "salom" dediyu, uyog‘i nima bo‘ldi?

Image copyright Reuters

Ayon bo‘lishicha, 28 yoshli Portugaliya va "Real"(Madrid) yulduzi birgina twitiga javob qaytarish bilan saudiya arabistonilik qizgina Dananing bir umrlik orzusini amalga oshiribdi.

Dana o‘zining azaliy istagini Twitterdagi sahifasi orqali izhor etgan, "Mening bir orzuim bor... Siz mening twitimga javob qaytarib, "Salom, Dana", debsiz", - deya twit qoldirgan.

Kutilmaganda, o‘tgan hafta Krishtianuning, "Salom, Dana, mana endi armoning qolmadi", degan javobi esa, Saudiya Arabistonidagi Twitter foydalanuvchilarini ruhlantirib yuboradi.

Yulduz futbolchining javobi ortidan, Dananing followerlari soni bir necha kunning o‘zida 5 ming kishiga yetadi.

Image copyright riyadhconnect.com
Image caption Yulduz futbolchining javobi ortidan, Dananing followerlari soni bir necha kunning o‘zida 5 ming kishiga yetadi

Ayrimlari esa, o‘zlarining ham omadlarini sinab ko‘rib, menga ham salom deyarmikan, degan maqsadda Krishtianu Ronaldoga twit yuborishga tushib ketishadi.

Portugaliyalik sara hujumchi bugun futbolga befarq bo‘lmagan aksariyat tomonidan haqli ravishda ikkita eng zo‘r o‘yinchidan bittasi sifatida tan olinadi.

Krishtianu Ronaldo 2009 yilda dunyodagi eng qimmat birinchi futbolchi sifatida ham tarixga kirgan.

Ispaniyaning nahang "Real"(Madrid) jamoasi uni Angliyaning qizil iblislaridan o‘sha paytda rekord - 80 million AQSh dollariga sotib olgandi.

"France Football" esa, 2010 yil barcha tushumlarini nazarda tutib, yulduz futbolchini Devid Bekhem va Lionel Messidan keyin jahondagi eng ko‘p haq oluvchi uchta futbolchidan bittasi, deb topgandi. Uning boyligini 160 million AQSh dollari miqdorida baholagandi.

Ayon bo‘lishicha, Krishtianu Ronaldo ijtimoiy muloqot tarmoqlarida o‘rnatgan o‘ziga xos rekordlari bilan ham jahonning manaman degan futbolchilarini ortda qoldirgan.

Image copyright riyadhconnect.com
Image caption Krishtianu Ronaldoning Twitterdagi bu javobi Saudiya Arabistonida katta aks-sadoga sabab bo‘libdi

Deylik, 2010 yilda portugaliyalik futbol yulduzi "Facebook"dagi do‘stlarining soni 10 millionga yetarkan, u ijtimoiy muloqot tarmoqlarida bu kabi muvaffaqiyatga erishgan amerikalik bo‘lmagan birinchi taniqli shaxsga aylangan.

Oradan ikki yil o‘tib esa, "Real"(Madrid) yulduzining "Facebook"dagi do‘stlari soni 50 million kishiga chiqadi va u buncha do‘st orttirishga muvaffaq bo‘lgan jahondagi ilk sportchi bo‘ladi.

Amerikada chop etiluvchi nufuzli "Forbes" jurnali esa, o‘tgan yili Krishtianu Ronaldoni Ledi Gaga, Rianna, Jastin Biber va Keti Perridan keyin eng mashhur shaxs, deb topgandi.

Agar, "Vikipediya"da futbolchi haqida berilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, xuddi o‘sha yili kompyuterlar xavfsizligini ta‘minlash bilan shug‘ullanuvchi McAfee shirkati sara hujumchini kiber fazodagi eng "xavfli" o‘yinchi, deya ham e‘tirof etgan.

Shirkatga ko‘ra, "Krishtianu Ronaldo", "Krishtianu Ronaldo daunlod", "Krishtianu Ronaldo va suratlari" yoki "Krishtianu Ronaldo va videolari", deb u haqda internetda ma‘lumot qidirgan kimiki bor, o‘zlarining shaxsiy ma‘lumotlarini o‘g‘irlatib qo‘yish darajasida tavakkal qilisharkan.

Krishtianu Ronaldo bir bolaning otasi va rossiyalik mashhur model Irina Sheyk bilan yuradi.

Portugaliyalik futbol yulduzi o‘zining G‘azo Bo‘lgasidagi xayriyaparvarlik ishlari bilan ham arab dunyosida ancha nom chiqargan.

Sobiq jamoadoshi va hozirda Londonning "Arsenal" klubi o‘yinchisi Mesut O‘zil yaqinda bergan suhbatida Krishtianu Ronaldoga "Qur‘oni Karim" suralarini o‘rgatgani haqida ham aytib o‘tgandi.