"O‘zbekistonda neftni qayta ishlash sanoatini liberallashtirish kerak"

O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi har yili kuzatiladi
Image caption O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi har yili kuzatiladi

O‘zbekistonda benzin taqchilligi davom etayotgan manzarada, mutaxassislar muammoga barham berish uchun neftni qayta ishlash sanoatini liberellashtirish vaqti kelganini ta‘kidlamoqda.

"O‘zneftmahsulot" aktsiyadorlik kompaniyasi yonilg‘i muammosida neft mahsulotlarining yetishmasligi sabab bo‘layotganini qisman tan olgan va muammoni bartaraf etish uchun chetdan xom ashyo import qilishga va‘da bergan.

Shirkat benzin qayerdan va qancha miqdorda import qilinishi borasida ma‘lumot bermagan. Biroq "Novy vek" gazetasi kompaniyadagi manbaasiga tayanib xom ashyo Turkmanistondan import qilinishi mumkinligini bildirgan.

Mutaxassislar Ittifoq tarqaganidan so‘ng O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan neft mustaqilligiga erishish g‘oyasi bugunga kelib barbod bo‘lganini ta‘kidlashmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilning ichida suyuq uglevodorod qazib olish 2,2 barobar tushib ketgani aytiladi.

Rasmiy malumotlarga ko‘ra, 2002 yili 7 milion 240 ming tonna neft va gaz kondensati qazib olingan bo‘lsa 2012 yilga kelib ushbu ko‘rsatgich 3 million 170 ming tonnaga tushib ketgan. Shundan neft qazib olish esa 2,6 foizga tushib ketgan va o‘tgan yili 1 million 560 ming tonna neft qazib olingan.

"O‘zbekneftgaz" xolding kompaniyasi raisining sobiq muovini, iqtisodchi Anvar Husainov O‘zbekistonni neft mahsulotlari bilan ta‘minlab turgan "Ko‘kdumaloq" neft konida mahsulot miqdori yildan yilga kamayib borayotganini va respublikada yuzaga kelgan benzin taqchilligi muammosining asosiy negizi shu ekanligini aytadi.

"Ko‘kdumaloqdan qazib chiqarilayotgan neftning miqdori yildan yilga kamayib borayapti. Birinchidan, qazib olishni rejalashtirishda mutaxassislarning maslahatlariga qaramasdan jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yildi. Intensiv qazib chiqarish yo‘lga qo‘yilgani uchun neftning katta qismi qochib ketdi. Natijada katta bir neft koniga tayanish o‘zini oqlamayapti", - deydi Anvar Husainov.

Sobiq hukumat a‘zosining qo‘shimcha qilishicha, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasining o‘sha vaqtdagi ayrim rahbarlari mamlakatni ichki zahiralar orqali ta‘minlash mumkin degan g‘oyani oldinga surishgan va barcha kuch ichki zahirani rivojlantirishga sarflangan.

Natijada "G‘arbiy Sibir – Markazi Osiyo" neft quvuridan foydalanish butkul to‘xtatilgan.

Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekistonning neft mahsulotlari importi bilan shug‘ullangan Anvar Husainov ushbu quvur orqali O‘zbekiston yiliga Rossiyadan 5 million tonnadan ortiq neft mahsuloti import qilganini aytadi. Bugungi kunga kelib ushbu quvur foydalanmasdan yotibdi.

Quvurlar chirib ketmasligi uchun ichi suvga to‘ldirilgan. Mutaxassis quvurlar orqali neft transporti judayam arzonga tushishini aytadi.

"Sibirdan olinadigan neftning sifati baland, narxi arzon bo‘lishiga qaramasdan, biz undan voz kechganmiz. O‘zbekiston rahbariyatining "biz hech kimdan biror bir narsaga qattiq qaram bo‘lib qolmaymiz, o‘zimizning imkoniyatlarimizdan foydalanamiz", degan ambitsiyalari bor", - deydi Anvar Husainov

Mutaxassis ushbu ambitsiyalar bugun iqtisodiy rivojlanishga tushov bo‘layotganini aytadi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati haliyam ushbu variantdan foydalansa ayni muddao bo‘ladi. Buning uchun Rossiya bilan davlat rahbarlari miqyosida kelishuvlar olib borilishi kerak va Surgut nefti yana o‘zbek zavodlarida qayta ishlanishi mumkin.

O‘zbekistondagi Buxoro, Ohangaron va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlariga yiliga 11 million tonnadan ortiq neftni qayta ishlash quvvatiga ega. Biroq xom ashyoning yetishmasligi sabab ushbu zavodlar 60% kuch bilan ishlamoqda.

Mutaxassislarning hisob kitoblariga ko‘ra ayni vaqtda O‘zbekiston ichki bozorini ta‘minlash uchun yiliga 4 million tonnadan ortiq neft import qilishga muhtoj. 10 yildan keyin ushbu ko‘rsatgich 7 million tonnaga chiqishi mumkin.

Anvar Husainovning ta‘kidlashicha, agar Rossiya, Qozog‘iston yoki Turkmanistondan neft import qilinib mahalliy zavodlarda qayta ishlansa, benzin bilan ichki bozorni ta‘minlash bilan birga uni qo‘shni davlatlarga eksport qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Misol uchun, qo‘shni Qozog‘iston neftga boy bo‘lishiga qaramasdan, qayta ishlash quvvati kamligi sabab ichki bozorini benzin bilan qoplay olmaydi va yiliga 1 million 100 ming tonna yoki 33% dan ortiq benzin import qilishga majbur.

Sobiq hukumat a‘zosi Anvar Husainov neftni qayta ishlovchi korxonalarga nisbatan liberal siyosatni amalga oshirish lozimligini urg‘ulaydi.

"Xorijiy sarmoyadorlar keltirgan neftni ma‘lum shartnomalar asosida tayyor mahsulotga aylantirib bersa, o‘sha sarmoyadorlarning o‘zi sotuvchi bo‘lishi mumkin. Ya‘ni neftni qayta ishlash korxonalariga liberal siyosatni amalga oshirish, ko‘proq erkinliklar berish kerak. Xorijiy kapitallarning ham neft-gaz sohasiga kirib kelishiga yo‘llar yopilgan. Ularni ham ochish kerak. Mana shu zavodlarga Turkmanistondan, Qozog‘istondan va Rossiyadan xom ashyosini olib kelib, qayta ishlash imkoniyatlarini bersak, neft bilan birga sarmoya ham kiradi", - deydi iqtisodchi.