O‘zbekiston Bojxona ittifoqiga qo‘shiladimi-qo‘shilmaydimi?

Senat raisi qovun tushirdimi? Image copyright council.gov.ru
Image caption Senat raisi qovun tushirdimi?

O‘zbekistonning Bojxona ittifoqiga qo‘shilishi borasida o‘zbek rasmiylaridan bir biriga zid xabarlar kelmoqda. Avvaliga senat raisi ittifoqqa qo‘shilish masalasiga ijobiy qarashini aytgan bo‘lsa, keyinroq senat a‘zosi Sodiq Safoyev ushbu masala kun tartibida bo‘lmagani va ko‘rib chiqilmaganini ta‘kidlab raddiya berdi.

12 noyabr kuni Rossiya matbuotida O‘zbekiston Bojxona ittifoqiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor sarlavhasi ostida xabar chiqdi.

Unda Rossiya parlamenti yuqori palatasi rahbari Valentina Matviyenkoning O‘zbekiston senati raisi Ilgizar Sobirov bilan uchrashuvi davomida bojxona ittifoqi haqida savol berilgani aytiladi.

"Jurnalistlarning O‘zbekiston bojxona ittifoqiga qo‘shilishiga qanday yondashasiz degan savoliga Ilgizar Sobirov "ijobiy" deya javob berdi", - deb xabar yozdi RIA Novosti.

Biroq ushbu xabar chiqqandan bir kun o‘tib Oliy Majlis Senatining tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi Sodiq Safoyev Matviyenko bilan uchrashuvlarda Bojxona ittifoqiga qo‘shilish masalasi muhokama qilinmaganini aytib chiqdi. Bu haqda 12uz.com axborot portali xabar berdi.

"O‘zbekiston oldingidek Rossiya bilan hamkorlik masalasiga qiziqish bildiradi. Biroq hozircha yangi integratsion jarayonlarda ishtirok etishga tayyor emas. O‘zbekiston Bojxona ittifoqiga ehtiyotkorlik bilan qiziqish bildirishi xabar qilindi. Ishontirib aytamanki, bu muammo muhokama qilinmadi va kun tartibida yo‘q edi. Biz ikki tomonlama munosabatlar masalasini muhokama qildik va O‘zbekiston respublikasining Bojxona ittifoqiga munosabatida hech qanday o‘zgarishlar kiritilgani yo‘q", - degan Sodiq Safoyev.

Ilgizar Sobirovning gapi va undan kelib chiqqan xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilingan.

O‘zbekiston hukumat idoralariga yaqin twitter foydalanuvchisining yozishicha, uchrashuvlar davomida bunday gap-so‘z bo‘lmagan va senat raisining haminqadar rus tilisi bu kabi xabarlarga sabab bo‘lgan.

"Senat Raisining haminqadar rus tilisi mana shunaqa xabarlarning urchishiga sabab bo‘ldi", - deb yozadi twitter foydalanuvchisi.

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Senat raisi ushbu gaplarni O‘zbekiston prezidenti va boshqa mutasaddilar bilan muvofiqlashtirmagan holda aytib yuborgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Balkim mehmonning rayiga qarab iliq so‘zlar, har xil komplimentlar aytilgan bo‘lishi mumkin. Shu orada O‘zbekiston Bojxona ittifoqiga qiziqish bildirmoqda va bu jarayon ijobiy tus olishi mumkin degan pozitsiyani o‘zi o‘ylamagan holda yoki bu gaplarning ahamiyatini anglamagan holda aytgan bo‘lishi mumkin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosatshunos ushbu hodisa so‘nggi vaqtlarda Gulnora Karimova bilan hukumat tepasidagi mash mashalarga bog‘liq emasligini aytadi. Ilgizar Sobirov prezident devonidan biror mutasaddining gapini noto‘g‘ri tushungan bo‘lishi yoki kutilmaganda o‘zi tashabbus ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Qonunchilik bo‘yicha, O‘zbekiston senatining raisi amaldagi prezident o‘z vazifasini bajarolmay qolgan holatda mamlakat boshqaruviga o‘tadi va 3 oyning ichida prezidentlik saylovlarini tashkil qiladi.

Your contact details
Disclaimer