Gulnora Karimova Forum TV studiyasi "qo‘rqinchli amakilar" tomonidan pogrom qilinganini yozdi

  • 14 Noyabr 2013
Gulnora Karimova ishtirok etgan kecha va tadbirlar Forum TV orqali muntazam namoyish etilardi

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi, Gulnora Karimova, Twitter orqali 13 noyabr kuni erta tongda Toshkent markazida Forum TV studiya "qo‘rqinchli amakilar" tomonidan "pogrom" qilingani haqida xabar bergan.

Forum TV Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladi.

"Ertalabdan Forum TVning yoshlar studiyasi pogrom qilindi... yoshlarni quvib solishdi... qurbonlar hozircha yo‘q..." - deb yozgan Gulnora Karimova Twitter sahifasida. - "Ilgarilari "qo‘rqinchlik amakilar"ning bolalarga avtomat o‘qtalishini faqat televizor orqali ko‘rsatishardi..."

Ortidan "Ikrom723tj" nikli foydalanuvchi hodisaning qayerda yuz bergani haqida so‘ragan.

"Toshkent markazida! Darxonda! O‘zbekistonda va xorijda barcha uchun suyukli va eng progressiv va yosh jamoatchilik TV kanali studiyasida," - deya javob qaytargan Gulnora Karimova.

"Pogrom qilishgan, odamlarni kaltaklashgan, o‘z nomiga va yosh kollektivga qarshi ko‘rsatma berishga majburlashgan! Talabalarga nimani "ilgash" mumkin?!??"

Pogrom ortida qanday sabab turgani haqida so‘ralganida, Karimova: "Qo‘rqitish va qo‘rqinchli tush ko‘rsin deb uyga jo‘natib yuborish! "Qo‘poruvchilik va yoshlar orasida aksil-davlat kayfiyati uyg‘otish" ayblovi bilan "ish" qo‘zg‘ash ". Mana sizga noto‘g‘ri tarbiyaning natijasi," - deya javob qaytargan.

San‘at festivali qoldirildi

23-25 noyabrda o‘tkazilishi belgilangan "Bazaar Art 2013" nomli an‘anaviy nafis san‘at festivali dekabr oyiga qoldirildi, deb xabar bergan Podrobno.uz web sahifasi.

Har yil o‘tkaziladigan mazkur festival "Fond Forum" tomonidan uyushtiriladi.

O‘zbekiston madaniyati va san‘atini targ‘ib etuvchi ushbu forumga Gulnora Karimova rahbarlik qiladi.

"Festivalning aniq kuni keyinroq e‘lon qilinadi," - deya web sahifa "Fond Forum"dan iqtibos keltirgan.

Berkitilgan TV kanallar

21 oktyabr kuni Forum TV va yana uchta nodavlat telekanallari faoliyati to‘satdan va kutilmaganda to‘xtatilgan.

Ulardan uchtasi - TV Markaz, Forum TV va SofTS, ko‘pchilikning ishonishicha, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tomonidan nazorat etiladi.

NTT nodavlat televideniyesi bo‘lsa-da, u ham boshqa berkitilgan telekanallar singari Gulnora Karimova boshqargan Fond Forum faoliyatini keng targ‘ib etadi.

Forum TV "ta‘mirlash ishlari" bois to‘xtatilgani xabar qilingan, TV Markaz esa "yangi yoyin formatiga o‘tayotgani" sababli o‘z faoliyatini to‘xtatganini e‘lon qilgan.