Tojikistonda zilziladan zarar ko‘rganlar yordamga muhtoj

Tojikistonda yakshanba kuni sodir bo‘lgan 5,2 ballik zilziladan so‘ng, Vahdat tumanidagi yuzlab oilalarning uylari vayron bo‘lib, ko‘chada qolishgan.

Aksariyat odamlar, yarmi qulab tushgan uylarida uxlashga qo‘rqib tunni ko‘chada o‘tkazishmoqda.

Ular orasida bolalar va homilador ayollar bor.

Boshpanasiz qolgan vahdatliklar toza suv tanqisligidan qiynalayotganlarini aytishgan.

Kunduzi 5-10, kechqurun 0 darajagacha tushgan sovuq vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 5 ballik zilziladan Tojikiston janubi-sharqidagi 12 qishloq aholisi zarar ko‘rgan. 104 uy to‘liq vayron bo‘lgan, 259 tasi qisman o‘pirilib tushgan.

Tibbiy yordam bo‘limi binosi ham buzilgani sababli, jarohatlanganlarga uylardan birida yordam ko‘rsatilmoqda. Shu paytgacha 50 ga yaqin kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Qishloqlardagi uylar asosan loy va xom g‘ishtdan qurilgani uchun yer silkinishiga bardosh berolmagan. Hukumat tarqatgan chodirlar hammaga yetmaganligi sababli, ko‘pchilik ochiq havoda yoki mashinasida tunni o‘tkazishga majbur. Bitta chodirda esa 10-15 kishidan yashayapti.

Qishloqlarda ishsizlik yuqori. Odamlar uylarini qayta tiklash uchun pullari yo‘qligini, hukumat hozircha faqat oziq- ovqat bilan dastlabki yordam bergani, lekin u ham arzimas ekanligini aytishgan BBC muxbiriga.

"Kunduz kunlari bolalar bilan bir iloj qilib tashqarida o‘tkazamiz, kechqurunlari sovuq. Issiq ovqat yo‘q. Yupqa chodirlaryomg‘irdan saqlashi mumkin, lekin hademay qish kelganda nima qilamiz?", deb aytadi qishloq ayollaridan biri.

Vahdatdagi o‘rta maktab binosi ham qulab tushgan. Mahalliy hukumat qurilish keyingi yilda bitishini aytgan. Shunday ekan, bolalar qishda ham chodirlarda dars o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Qishloqlardagi ko‘pchilik erkaklar Rossiyaga ishlashga ketishadi. Lekin qish mavsumida ularning aksariyati qayta boshlagan. Endi ular oilani boqish bilan birga, yangi boshpana qurish tashvishida ham qolganlar.