O‘zbekistonlik iqtisodchi Narimon Nishanovning BBC tinglovchilari savollariga javoblari

Image copyright none
Image caption Narimon Nishanov muxlislar savollariga radio va internet orqali javob beradi

Narimon Nishanov 1998 yilda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetini bitirgan.

2005 yil esa, Yaponiya Xalqaro Universiteti magistraturasida "Xalqaro taraqqiyot" dasturini bitirgan.

Narimon Nishanov Qurg‘oqchilik hududlarida qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar xalqaro markazida (IKARDA) 2006 yildan buyon ishlab keladi.

Markaz rivojlanayotgan davlatlardagi qurg‘oqchilik hududlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni targ‘ib qilishga intiladi.

IKARDA 1998 yildan buyon O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar konsultativ guruhining O‘rta Osiyo va Janubiy Qofqoz mintaqaviy dasturiga mezbonlik qiladi. Va ushbu mintaqa qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Dasturning maqsadi O‘rta Osiyo va Janubiy Qofqozda yuqori sifatli tadqiqotlar, hamkorlik va peshqadamlik qilish orqali aholining turmush darajasini oshirish, inson salomatligi va oziqlanishini yaxshilash va ekologik tizimlarning bardoshliligini oshirishdan iboratdir.

Shuningdek, Narimon Nishanov chorva mollari yungini qayta ishlash orqali fermerlar va qishloq ayollari daromadini oshirishga qaratilgan loyihada daladagi tadqiqotlar koordinatori sifatida ishlagan.

Loyihadan asosiy maqsad chorva yungini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport kilish orqali, qishloq hududlarida yashovchi aholining, ayniqsa, kasanachilik bilan shug‘ullanadigan ayollar hamda chorvachilikka ixtisoslashgan kichik fermerlar daromadlarini oshirish orqali turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘lgan.

Iqtisodchilar fikricha, yung va ishlab chiqariladigan mahsulotlar sifatini oshirish orqali, bu mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish bilan qishloq aholisi daromadini ancha oshirish mumkin.

Ushbu loyiha 2009 yildan Qirgiziston va Tojikistonda amalga oshirilib, joriy yilning sentyabr oyida yakunlangan.

Narimon Nishanov bilan suhbat

BBC: Bu galgi BBC mehmoni o‘zbekistonlik iqtisodchi Narimon Nishanov bo‘ladilar. Assalomu alaykum Narimon dasturimizga xush kelibsiz!

Narimon Nishanov: Vaalaykum assalom.

BBC: "Narimon aka, kasbingiz iqtisodchi ekan. Qishloq xo‘jaligi siz uchun nimasi bilan qiziq?" deya savol yo‘llabdi Nozima ismli tinglovchimiz.

Narimon Nishanov: Savol uchun rahmat. Iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligi iqtisodi degan alohida yo‘nalish mavjud. Barchaga ma‘lumki, O‘zbekistonda aholini oziq-ovqat bilan ta‘minlashdek muhim vazifani bajarishda qishloq xo‘jaligi o‘z o‘rniga ega va bu sohaga alohida e‘tibor qaratilgan. Shu taraflari bilan qishloq xo‘jaligi men uchun qiziq deb hisoblayman.

BBC: Qo‘shma Shtatlardan Jasur: "Qishloq xo‘jaligida qanday ishlar qilasiz?" deb so‘ragan va tashkilotingiz faoliyati va O‘rta Osiyoda qanday yutuqlarni qo‘lga kirita olgani bilan qiziqqan. Olmoniyadan xat yozgan Alisher ham: "O‘zbekistonda ham shunaqa loyiha qilganmisizlar? Yoki qilish niyatlaringiz bormi?" deb so‘ragan. Nazarimda bu savol Tojikiston va Qirg‘izistonda chorva mollari yungini qayta ishlash va eksport kilish loyihasi borasida.

Narimon Nishanov: IKARDA markazimiz o‘simlikshunoslik, chorvachilik, suv va yer resurslaridan unumli foydalanish, GIS texnologiyalari yo‘nalishlarida ish olib boradi. Markazning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan tadqiqotlar orqali qishloqlardagi aholining turmush darajasini yanada yaxshilashdir. O‘rta Osiyoda markaz tarafidan don va dukakli ekinlar bo‘yicha, yaylovlarni yaxshilashga karatilgan, resurs tejamkor dehqonchilik texnologiyalarni targ‘ib etish ustida tadqiqotlar olib boriladi. IKARDA O‘rta Osiyoda asosan mahalliy qishloq xo‘jaligi akademiyalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ishlaydi. Shu sababli, markazimizning asosiy yutuqlaridan biri mintaqaning yetakchi olimlari hamkorligini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish deb o‘ylayman. Bundan tashqari, yangi g‘alla navlar yaratalishi ham O‘rta Osiyo davlatlarining qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga katta hissa qo‘shishiga imonim komil. Ikkinchi savolga kelsak, O‘zbekistonda shunga o‘xshash chorvachilik bilan bog‘liq loyiha 2006-2009 yillarda amalga oshirilgan. Lekin, aynan junni kayta ishlash bo‘yicha loyiha hozircha qilinmagan. Bunday ishlarni qilsa bo‘ladimi, degan savolga kelsak, albatta, qishloqlardagi aholi zich joylashgan hududlarda uy-ro‘zg‘or ishlari bilan ayollar qo‘shimcha daromad topishlari uchun sharoit va imkoniyatlari bor deb o‘ylayman. Bizning loyiha Tojikiston va Qirg‘izistonda amalga oshirilgan. Amalga oshirilgan modellarni O‘zbekiston sharoitida ham yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Endi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band ayollar yungni qayta ishlash uchun nima yetmaydi? Ularga asosan bilim va xom ashyo zarur. Jun yuqori sifatli bo‘lishi kerak. Nimaga deganda, faqat yuqori sifatli yungni eksport qilish mumkin bo‘lgan mahsulotni ishlab chiqarish mumkin. Ikkinchi masala, uyda o‘tirib qolgan, bekor qolgan ayollar bilim saviyasini tayyorlov mashg‘ulotlari, targ‘ibotlar orqali, junni qayta ishlash texnologiyalari, ip yigirish yoki to‘qish uskunalarini o‘rgatish bilan, mening nazarimda, bunga erishsa bo‘ladi.

BBC: Markaziy Osiyoda qishloq aholisini ish bilan ta‘minlash dolzarb masalalardan biri. Buni ko‘plab davlatlar misolida ko‘rish mumkin. Qishloq joylarida ish o‘rinlarini yaratish uchun yana qanday loyihalarni amalga oshirish mumkin? Tojikistonlik iqtisodchilardan biri bilan gaplashganimda, u bog‘dorchilikni rivojlantirish yaxshi natija berishi haqida gapirgandi. Siz nima deya olasiz?

Narimon Nishanov: Aholini ish bilan ta‘minlash, ayniqsa, qishloq hududlarida ish bilan ta‘minlash masalasiga kelsak, masalan, har bir qishloqda har xil zahiralar mavjud. Bir qishloq chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqa joylarda bog‘dorchilik bilan iqtisod qilinadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashning qaysidir bosqichlarini uy sharoitiga moslashtirish bilan ham shu ishlarni yo‘lga qo‘yish mumkin. Lekin, har bir qishloqqa alohida maxsus dastur ishlab chiqilishi zarur. Universal dorisi yo‘q bu masalani. Bundan tashqari, mintaqa, O‘zbekiston aholisi soni yuqori sur‘atlarda o‘sib borayotganini inobatga olsak, nafaqat qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik va chorvachilikni rivojlantirish, shu bilan birga, agro protsessing, ya‘ni qishloq xo‘jalik mahsulotlarni qayta ishlash shahobchalari va kichik fabrika zavodlarini qurish orqali ko‘p-ko‘p yangi ish joylari yaratilishi mumkin. Va mintaqada shu texnologiyalar ko‘proq rivojlantirilishi kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Xo‘janddan O‘ktam Rizayev O‘rta Osiyoning hozirgi iqtisodiy darajasi hamda Ovro‘pa va Osiyo iqtisodiyotidagi farqlarga oid fikrlaringiz bilan qiziqqan.

Narimon Nishanov: Mintaqamizning iqtisodiy o‘sish sur‘atlari yiliga o‘rtacha 6 foizni tashkil qilyapti. Umuman olganda, O‘rta Osiyo davlatlari 2008 yilda boshlangan global iqtisodiy inqirozdan chiqdi deb xulosa qilsa bo‘ladi. Kelajakda esa, bu davlatlar ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan sohalarni va yuqori kvalifikatsiyaga ega bo‘lgan kadrlarni o‘stirishga alohida e‘tibor berishi kerak. Savolning ikkinchi qismiga o‘tsak, iqtisodiy nazariyada shunday tushuncha bor: har 50-60 yil davomida yuqori sur‘atlar bilan rivojlanib kelgan davlatlar iqtisodiy o‘sishi sekinlashadi. Ovro‘po va Osiyo davlatlarini olganda Ovro‘poning ko‘pgina mamlakatlari rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiradi, Osiyoda esa, ko‘plab davlatlar rivojlanayetgan mamlakatlar guruxiga kiradi. Shu sababli yuqori sur‘atlar bilan o‘sish uchun Osiyo davlatlarida imkoniyatlari katta. Lekin, buning uchun investitsiyalar hajmi yuqori va barqaror bo‘lishi kerak.

BBC: Shotlandiyadan William Wallace ham o‘xshash savol yo‘llagan ekan: "O‘zbekistonning iqtisodiy potetsialini Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga solishtirganda qanday baholaysiz? Markaziy Osiyoda O‘zbekiston bu borada yetakchi davlat bo‘la oladi, deb o‘ylaysizmi?"

Narimon Nishanov: Osiyo taraqqiyot banki ma‘lumotlari O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi barqarorligidan dalolat beradi. Masalan, 1995 yildan 2011 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 100 foizdan ziyod o‘sgan. Respublikamizning qishloq xo‘jalik sektori esa, 90 foizga ko‘tarilgan. Yana bir faktga to‘xtalsak, 2008 yildagi hammaga ma‘lum bo‘lgan global iktisodiy inqirozdan ham O‘zbekiston O‘rta Osiyo mamlakatlari ichida deyarli yo‘qotishlarsiz chiqdi va barqaror rivojlanishda davom etmoqda. Buning asosiy sababini global iqtisodga O‘zbekistonning integratsiya darajasi juda ham yuqori bo‘lmaganida ko‘raman. Shu O‘zbekistonning globallashuv darajasi yuqori bo‘lmagani bois iqtisodini asrab qoldi desak ham bo‘ladi.

BBC: Endi bu iqtisod uchun ijobiy holatmi?

Narimon Nishanov: Inqiroz tarafiga nazar tashlasak, albatta, bu ijobiy holat. Lekin, kelajakka, uzoq kelajakka qarasak, O‘zbekistonning iqtisodi, albatta, globallashuv jarayoniga qo‘shiladi, deb aytish mumkin. Ammo, bu globallashuv bosqichma-bosqich inqirozlarga qarshi qaratilgan mexanizmlarni yaratish orqali amalga oshirilishi kerak. Bundan tashqari davlatimizda aholining 60 foizdan ziyodi yoshlarni tashkil yetadi, bu esa, kelajakda iqtisodimiz ishchi kuchi bilan ta‘minlanganidan dalolatdir. Bu ta‘lim darajasini yanada yuksakroq darajaga ko‘tarish orqali O‘zbekistonning asosiy boyligi - uning odam resurslari bo‘lishiga imkoniyat yaratadi. Yuqoridagilarga asoslangan holda shuni aytsa bo‘ladiki, O‘zbekistonni mintaqamizdagi iqtisodiy barqaror davlat sifatida tan olinishiga istiqbollar yuqori.

BBC: "Hozirgi kunda O‘rta Osiyoda suv zahiralaridan unumli foydalanish masalasi bor. Mintaqada shu masalaga qaratilgan qanday ishlar olib borsa bo‘ladi?" deya so‘raydi Londondan uzbek_man999 nomi bilan xat yo‘llagan muxlisimiz.

Narimon Nishanov: Mintaqaning hamma davlatlari manfaatdor bo‘ladigan yo‘nalishlardan biri bu tomchilab sug‘orish texnologiyalarni o‘zlashtirish va keng ravishda ishlatilishidir. Ushbu texnologiya nafaqat suv samaradorligini oshiradi, tomchilab sug‘orish orqali avval bog‘ yaratish imkoni bo‘lmagan qir-adirlarda ham fermerlar katta bog‘-rog‘lar yaratganligini guvohi bo‘lganman. Yana bir yo‘nalishlardan biri bu kam suv talab qiladigan va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar navlarini yaratish va ko‘paytirishdan iborat.

BBC: Amerikadan G‘ani: "Iqlim o‘zgarishi haqida juda ko‘p maqolalar chiqayapti. Sizning fikringizcha, O‘rta Osiyo kelajakda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qanday o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak va qanday ishlar qilinishi lozim?" deya so‘raydi.

Narimon Nishanov: Iqlim o‘zgarishi haqida gap ketganda, ko‘plab bashoratlarda mintaqamizda suv resurslarini kamayishi bilan havo haroratini o‘sishi aytib o‘tilgan. Chet el tadqiqotchilarga ko‘ra, 2050 yilgacha mintaqadagi o‘rtacha havo harorati tselsiy bo‘yicha 1 darajaga oshishi va suv resurslarining 5-10 foizga qisqarishi ehtimoli bor. Bunday o‘zgarishlarga tayyor turish uchun suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan yangi texnologiyalarni targ‘ib etish lozim. Shu jumladan, intensiv bog‘dorchilik va sabzavotlarni yetishtirish texnologiyalar qo‘l keladi.

BBC: Katta rahmat! BBC mehmoni o‘zbekistonlik iqtisodchi Narimon Nishanov edilar.

Narimon Nishanov: Sizlarga ham rahmat, ishlaringizga omad tilab qolaman.