Eksklyuziv, Mirjalol Qosimov: "Har ikki o‘yinda ham biz uchun g‘alaba muhim"

Vetnam 0-3 O‘zbekiston: O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarida navbatdagi g‘alabasiga erishdi.

Jamoa safarda o‘tkazgan 4-tur uchrashuvida mezbon Vetnamni yirik hisobda mag‘lub etdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘yinda hisob 41-daqiqadagina ochildi.

O‘zbekistonlik futbolchilar 1-bo‘limda bir qancha yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Ammo bergan zarbalarida aniqlik yetishmadi.

Ammo Vetnamga qarshi o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ilk bor maydonga tushgan Vohid Shodiyev qator urinishlari ortidan raqib darvozasini aniq nishonga oldi.

0:1 hisobi bilan javob uchrashuvining 1-bo‘limi o‘z nihoyasiga yetdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2-bo‘limni juda hujumkor ruhda boshladi.

Vohid Shodiyev, jamoa sardori Server Jeparov, Odil Ahmedov, Igor Sergeyev va Jamshid Iskanderovlarning ketma-ket hujumlari besamar ketmadi.

Uchrashuv 2-bo‘limining 46-daqiqasida Igor Sergeyev hisobni 0:2 ga yetkazdi.

Buning ortidan ham O‘zbekiston milliy terma jamoasida vetnamliklar darvozasini aniq nishonga olishning qator yaxshi imkoniyatlari bo‘ldi.

Ammo 90-daqiqaga kelib maydonga tushganiga uncha ko‘p bo‘lmagan Sardor Rashidov Vetnam milliy terma jamoasi darvozasiga kiritilgan 3-to‘pga mualliflik qildi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu yil oktyabr oyi boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 3-tur uchrashuvida bugungi raqiblarini 3:1 hisobida mag‘lub etgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar endi navbatdagi bellashuvlarini 19 noyabr kuni Gongkongga qarshi yana safarda o‘tkazishadi.

Har ikki uchrashuvdagi g‘alabasi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 2015 yili Avstraliyada bo‘lib o‘tajak Osiyo Kubogining final bosqichiga chiqishi uchun muhim.

Bugungi g‘alabasi ortidan O‘zbekiston 4 o‘yindan 7 ochko to‘plab, "E" guruhida Birlashgan Arab Amirliklaridan keyin egallab turgan mavqeini yanada mustahkamlab oldi.

Uch o‘yindan 9 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan guruh peshqadami Birlashgan Arab Amirliklari esa, yana birozdan so‘ng o‘z maydonida Gongkongni qabul qiladi.

Xanoydan eksklyuziv...

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi bugungi uchrashuvlari arafasida Xanoydan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida Vetnam va Gongkongni yutishsa, 2015 yilgi Osiyo Kubogining final bosqichiga chiqishlari va shogirdlari bunga tayyor ekanini aytgandi.

"Milliy terma jamoamiz Osiyo Kubogining final bellashuvlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelgan. Haqiqatan ham, oldinda bizni ikkita muhim o‘yin kutayapti. Albatta, mana shu ikkita o‘yinda yutishimiz kerak. Bu - muhim. Nimagaki, agar, har ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonsak, O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari bilan 2015 yil Avstraliyada bo‘lib o‘tajak Osiyo Kubogi final bosqichida ishtirok etadi", - deydi Mirjalol Qosimov.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqich saralash bellashuvlarining navbatdagi ikki uchrashuvini ham bor-yo‘g‘i to‘rt kunlik tanaffus bilan safarda o‘tkazadi.

Jamoa 15 noyabr kuni Vetnam, 19 noyabr kuni esa, Gongkongga qarshi maydonga tushadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyining aytishicha, milliy terma jamoaning bo‘lajak o‘yinlarga hozirligi g‘alaba qozonish darajasida va shogirdlari bo‘lajak jangga shay.

"Albatta, bunga shubha bo‘lishi mumkin emas. Yigitlar tayyor. Xanoyga 22 ta futbolchi yetib kelishdi. Ulardan uch nafari darvozabon. Hamma tayyor. Men o‘ylaymanki, yaxshi kayfiyatda yetib kelindi. Uzoq parvoz qilganimizga qaramay, kelgan kunimizoq Xanoyda o‘z mashg‘ulotlarimizni o‘tkazdik. Yigitlar judayam yaxshi kayfiyatda edi. Mashg‘ulotlar jarayonida esa, yigitlarning ham ruhan va ham jismonan tayyorgarliklari yaxshi ekani ko‘rinib turibdi", - deydi Mirjalol Qosimov.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi o‘zlari uchun muhim bo‘lgan bu ikki uchrashuv orasidagi farq bor-yo‘g‘i 4 kun ekani ham o‘zlarini cho‘chitmayotganini ta‘kidlaydi.

"Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Bu yerda hech bir xavotir oladigan yeri yo‘q. Nimagaki, 15 noyabrda Xanoyda o‘ynab bo‘lganimizdan keyin bolalarni jismonan tiklab olishimiz uchun vaqtimiz bor. Ertasiga, 16 noyabr kuni Gongkongga parvoz qilamiz va menimcha, 19 noyabrgacha tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtimiz yetarli", - deydi u.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggisini shu yil 15 oktyabr kuni Toshkentda Vetnamga qarshi o‘tkazgan va 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Image caption O‘zbekiston joriy paytda o‘zi tushgan "E" guruhida Birlashgan Arab Amirliklaridan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi

Erishgan g‘alabasi ortidan, jamoa 3 o‘yindan 4 ochko to‘plagan holda kiritilgan to‘plar hisobidagi farq bilan Birlashgan Arab Amirliklari peshqadamlik qilib turgan "E" guruhida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi.

3-tur uchrashuvlarigacha guruhda 2-o‘rinni egallab turgan Gongkong esa, o‘z maydonida Birlashgan Arab Amirliklaridan yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrab, uchinchi o‘ringa tushib qolgandi.

O‘zbekistonning bugungi raqibi Vetnam esa, uch o‘yindan birorta ham ochko qozona olmagan holda "E" guruhida eng so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekiston guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki ikki uchrashuvidan birinchisini Birlashgan Arab Amirliklariga boy bergan va keyingisida Gongkong bilan durang o‘ynagandi.

O‘zbekiston 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini butkul boy berganidan ikki oycha o‘tib, Vetnamga qarshi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash uchrashuvlarining navbatdagisida maydonga tushgandi.

Milliy terma jamoa Bosh murabbiyi Toshkentda Vetnam ustidan yirik hisobda qozonilgan g‘alaba futbolchilarning kayfiyatlariga ijobiy ta‘sir qilganini aytadi.

"Haqiqatan ham, Vetnamga qarshi Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinning 1-bo‘limi ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Buning bir nechta sabablari bor. Qolaversa, jahon chempionatiga chiqa olmaganimizni sabab deb ko‘raman. Nimagaki, bu nafaqat murabbiy va ishqibozlarga, balki o‘yinchilarga ham judayam katta ta‘sir qildi. Lekin, men o‘ylaymanki, futbolda yutuq va yutqiziq yonma-yon yuradi. Shuning uchun ham, to‘xtab qolish kerak emas. Harakat qilish kerak. Va, albatta, hozir terma jamoada o‘zgarishlar bo‘layapti. Bosqichma-bosqich yangi o‘yinchilar jalb qilinayapti. Yoshlarni jalb qilinayapti va shulardan bir jamoa tiklanayapti", - deydi Mirjalol Qosimov.

"Shuning uchun ham, men o‘ylaymanki, bu yerda yoshlar ham bo‘ladi, kattalar ham o‘ynaydi. O‘ylaymanki, chiqqan yoshlar ham, jamoaga yangi qo‘shilgan o‘yinchilar ham, menimcha, maydonda yo‘qolib qolishmaydi va qo‘llaridan kelgancha harakat qilib, milliy terma jamoaning yutug‘iga o‘z hissalarini qo‘shishadi".

Vetnamga qarshi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining javob uchrashuvi 15 noyabr kuni poytaxt Xanoydagi "May Din" stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, milliy terma jamoa 2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogi o‘yinlarining yarim finaligacha ko‘tarilib, tarixiy natija qayd etgan va qit‘aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biriga aylangandi.

Bu - O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘zining qisqa tarixida Osiyo Kubogi uchun oltinchi bor bellashishi bo‘ladi.

Jamoa 2004 va 2007 yillarda qit‘a miqyosidagi ushbu nufuzli turnirning chorak finali, Qatarda 2011 yili bo‘lib o‘tgan so‘nggisida esa, yarim finaliga qadar ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan.