O‘zbekiston: Yangi telekanallar o‘chirilganlarning o‘rnini bosa oladimi?

Yangi kanallarning ishga tushishi ikki hil qarshi olingan Image copyright daryo.uz
Image caption Yangi kanallarning ishga tushishi ikki hil qarshi olingan

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi musiqiy va kino qo‘yishga mo‘ljallangan ikki telenakalni test-sinov asosida efirga uzatishni boshlagan. Oktyabr oyida O‘zbekistonda 4 telekanalning bir vaqtda yopilishi ortidan o‘zbekzabon efirda bo‘shliq paydo bo‘lgan edi.

"Kinoteatr" va "Navo" telekanallari 14 noyabr kuni soat 17:00 dan efirga chiqa boshlagan. Uni tomosha qilish uchun raqamli televideniye a‘zosi bo‘lishi shartligi aytilgan.

"Yoshlar" telekanali qoshida shakllantirilgan "Kinoteatr" telekanali mamlakatimiz va xorijda yaratilgan to‘liq metrajli, qisqa metrajli, badiiy va hujjatli filmlar hamda tarbiyaviy va ma‘rifiy yo‘nalishdagi spektakllarni namoyish etishga mo‘ljallangan", - deyiladi Milliy teleradiokompaniya web sahifasidagi xabarda.

"Toshkent" telekanali qoshida tashkil etilgan "Navo" telekanali esa tomoshabinlarni mumtoz, xalq musiqa asarlari, zamonaviy va estrada, shu jumladan, xorijiy musiqalar bilan tanishtirishi bildirilgan.

Daryo.uz sayti O‘zMTRKdagi manbalariga tayanib ma‘lum qilishicha, O‘zbekistonda yana ikki telekanal shu kunlarda efirga uzatila boshlashi mumkin.

"O‘zbekiston" telekanali bazasida "Oilaviy" kanali, "Madaniyat va Ma‘rifat" qoshida respublikadagi barcha viloyatlar hayotiga oid ko‘rsatuvlarni uzatish bilan shug‘ullanuvchi "Hududlar" telekanallarini ishga tushirish ustida izchil ish olib borilmoqda va kanallar yaqin kelajakda ishga tushadi", - deb yozadi Daryo.uz.

21 oktyabr kuni prezidentning qudratli qizi va ehtimoliy merosxo‘ri Gulnora Karimovaga tegishli deb ishoniladigan TV Markaz, Forum TV, NTT va Rossiyaning STS Media si bilan hamkorlikdagi loyiha "SoftS" telekanallari hech qanday ogohlantirishsiz ko‘rsatuv namoyish qilmay qo‘ydi.

TV Markaz asosan musiqa qo‘yishga ixtisoslashgan bo‘lsa, NTT kino va hududlardan yangiliklar berish bilan shug‘ullanar edi. Ushbu kanallar "O‘zbekiston" va "Yoshlar" kanaliga yetarlicha raqobat ko‘rsata boshlagani e‘tirof etiladi.

Kuzatuvchilar kanallarning yopilishi ortidan yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun O‘zMTRK yangi kanallarni tushirgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

"Kinoteatr" va "Navo" telekanallari tomoshabinlar tomonidan ikki hil qarshi olingan. Birinchi toifa ushbu kanallarda berilayotgan estrada qo‘shiqlari va kinoalardan mamnun bo‘layotganin bildirib kanallarni iliq qarshi qolgan.

Ikkinchi toifa esa bu kanallar NTT, TV Markaz va Forum TVning o‘rnini bosolmasligini aytishgan.

O‘z telekanallarini yo‘qotgan Gulnora Karimova esa yangi telekanallarni nusxa ko‘chirishda ayblagan.

"Yangi davlat kanallari bo‘shliqni to‘ldirish uchun SofTS va Musiqa kanallaridan nusxa ko‘chirishga harakat qilgan. Biz tayyorlagan mahsulotlar tugab qolsa nima bo‘ladi? Markaz TV formatidagi yosh yulduzlarning tasvirlarisiz va Fond forum, Yangi avlod hamda shunga o‘xshash minglab tanlovlardagi bolalarsiz yangi telekanallar nimani ko‘rsatishadi", - deya savol beradi Gulnora Karimova.

Your contact details
Disclaimer