Vladimir Putin qanday qilib kimsan Chak Norrisni ortda qoldirdi?

Janubiy Koreyaga safar chog‘ida eng oliy dan bilan siylangan Rossiya Prezidenti taekvondo bo‘yicha dunyodagi sanoqli "Faxriy Buyuk usta"lardan biriga aylandi.

Buning qanchalik oliy maqom ekanini bilish uchun esa, Vladimir Putinni kimsan Chak Norris bilan taqqoslashning o‘zi kifoya.

Ya‘ni, Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi Rossiya rahbarini 9-dan qora belboqqa loyiq deb topgan bir paytda, sharqona kurash ustasi, amerikalik mashhur aktyorniki bor-yo‘g‘i 8-dan.

Ustiga ustak, prezident Vladimir Putin taekvondo bilan shug‘ullanmaydi. O‘zining sevgan turi - dzyudo bo‘yicha esa, 8-dan belbog‘ sohibi sanaladi.

Ammo bu kabi sharafga loyiq deb ko‘rilgan Rossiya prezidenti biroz kamtarlik qilishni ham unutmagan.

"Men o‘zimni oliy danga loyiq taekvondo tushib qo‘ydim, deb o‘ylamayman. Bu marosimga, menimcha, ushbu go‘zal sharqona sport turini targ‘ib etish sifatida qarash lozim", - deb aytgan Vladimir Putin.

Janob Putin, o‘z o‘rnida, taekvondoni rivojlantirish yo‘lida salmoqli hissa qo‘shishlariga ham va‘da berishni unutmagan.

Rossiya prezidentining kamtarona so‘zlari manzarasida shuni ham eslatib o‘tish joizki, u kishi "Dzyudoni Vladimir Putin bilan o‘rganing" nomi ostida o‘z diskini ham chiqarishga ulgurgan.

Taekvondo bo‘yicha 9-dan qora belbog‘ni beliga qo‘ndirgan ustalar esa, dunyoda barmoq bilan sanarli.

Lekin, ta‘kidlab o‘tish joiz, ularning bir qanchasi ham taniqli siyosatchilardir.

To‘g‘ri, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun taekvondo bo‘yicha 10-dan qora belbog‘ sohibi sanaladi.

Ammo bu sharafli qora belbog‘ bo‘lgani uchun ham, baribir, 9-danlisi taekvondoda eng oliysi sifatida tan olinadi.

Shunda ham, Pan Gi Mundan tashqari, bu kabi dan faqat Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining sobiq ikki prezidenti Xuan Antonio Samaranch va Jak Roggelarga berilgan, xolos.

Eng so‘nggida shuni ham eslatib o‘tish joizki, Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi 2009 yilda AQSh Prezidenti Barak Obamani ham o‘zining sharafli qora belbog‘i bilan siylashni unutmagan.