Margvelashvili Gurjiston prezidenti sifatida qasamyodga keltirildi

Image copyright AP

Gurjistondagi so‘nggi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Georgiy Margvelashvilining inauguratsiya marosimi o‘tkazilgan.

Yangi prezidentni qasamyodga keltirish marosimi poytaxt Tbilisidagi eski parlament binosida bo‘lib o‘tgan.

Inauguratsiya marosimidan fotoreportajni tomosha qiling

Gurjistonda 2013 yil 27 oktyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida hozir qudratda bo‘lgan "Gurjiston orzusi" koalitsiyasi nomzodi Georgiy Margvelashvili 62 foizdan ziyod ovoz to‘plab g‘alaba qozongan.

Uning raqibi, sobiq prezident Mixail Saakashvilining "Yagona Milliy harakat"i ilgari surgan David Bakradze 22 foiz ovoz yiqqani xabar qilingan.

Georgiy Margvelashvili 44 yoshda, Tbilisi universitetining falsafa fakultetini tamomlagan.

Margvelashvili Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan keyingi Gurjiston tarixidagi to‘rtinchi prezident bo‘ldi.

Bungacha Zviad Gamsaxurdia, Eduard Shevardnadze va Mixail Saakashvili prezidentlik lavozimini egallaganlar.

Muxbirlar bu galgi Gurjistondagi prezident almashuvi tinch yo‘l bilan o‘tganiga e‘tibor qaratmoqdalar.

Qonli hodisalar ortidan Zviad Gamsaxurdia hokimiyatdan ag‘darilgan.

2003 yildagi Saakashvili rahbarligidagi "Atirgul inqilobi" deb nom berilgan muxolifatning ommaviy noroziliklari Eduard Shevardnadzeni hokimiyatdan voz kechishga majbur qilgan edi.

Mixail Saakashvili esa ikki muddat prezident bo‘ldi.

Biroq janob Saakashvili hokimiyatining oxirgi yili uning uchun qiyin bo‘ldi.

2012 yil oxirida o‘tkazilgan parlament saylovida Saakashvilining muxoliflari bo‘lgan "Gurjiston orzusi" parlamentda ko‘p joyni egalladilar va o‘z hukumatini tuzdilar.

Oxirgi bir yil prezident bilan Bosh vazir Bidzina Ivanishvili o‘rtasidagi taranglik bilan kechdi.

O‘tgan yili oktyabrida koalitsion hukumat Georgiy Margvelashvilini Bosh vazir o‘rinbosari, maorif va ilm-fan vaziri etib tayinlagan.

Yangi prezident inauguratsiyasidan oldin Gurjiston rasmiylari marosimda 53 mamlakat rasmiy hay‘atlari a‘zolari ishtirok etishlari haqida xabar tarqatgan edilar.