Yangi "O‘ztransgaz" rahbari o‘zbekistonliklar uyini isitib beroladimi?

Image copyright bbc
Image caption O‘zbekistonliklar kunlar sovishi bilan gaz ta‘minoti yomonlashishiga ham ko‘nikib qolganlar

O‘zbekistonda hukumat qarori bilan "O‘ztransgaz" aktsiyadorlik kompaniyasi bosh direktori To‘lagan Jo‘rayev lavozimidan ozod qilingan.

To‘lagan Jo‘rayev ushbu lavozimda 2010 yil noyabr oyidan beri faoliyat yuritib kelgan.

Xabarlarda uning lavozimdan chetlatish sabablari aytilmaydi.

Shirkatning bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib Bahodir Eshmurotov tayinlangan.

"O‘ztransgaz" O‘zbekiston aholisiga gaz yetkazib berish va xorijga gaz eksport qilish inshootlarini boshqarish, shuningdek, qo‘shni mamlakatlarga tabiiy gaz tranziti bilan shug‘ullanadi.

Bu oxirgi kunlardagi O‘zbekiston neft va gaz ta‘minoti uchun mas‘ul "O‘zbekneftegaz" korporatsiyasi rahbarlari orasidagi ikkinchi kadr almashtirilishidir.

Yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin taqchilligi yuzaga kelgani haqidagi xabarlar ortidan "O‘zbekneftegaz" rahbari o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi.

Kunlar sovishi bilan mamlakatning turli hududlarida har yili bo‘lganidek gaz ta‘minotida uzilishlar boshlandi, muammolar haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda.

Ana shu manzarada "O‘ztransgaz" rahbari o‘zgartirilgan.

Hukumat qarorida nega shirkat boshlig‘i almashgani sababi aytilmasa-da, o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov "O‘ztransgaz" mamlakatdagi ichki gaz iste‘moli zaxiralari va istiqbolini ko‘zda tutib ish yuritmaslik "O‘ztransgaz"ning asosiy kamchiliklaridan biri, deydi.

"O‘ztransgaz"ning bosh vazifasi - aholining ijtimoiy zaif qismining gazga bo‘lgan ehtiyojini yil mobaynida raqobatli bozor sharoitida ta‘minlash bo‘lishi kerak. "O‘ztransgaz" faqat katta transport xo‘jaligi bo‘lib, faqat pul yig‘ish bilan band bo‘lib qolmasligi kerak", deydi Anvar Husainov.

"O‘zbekneftegaz" tizimida ikki rahbar almashgani hukumatning benzin va gaz ta‘minotiga taalluqli tanqidlarga quloq tutayotganini anglatadimi?

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist, "Uzmetronom" web-sayti bosh muharriri Sergey Yejkov fikricha, bu hukumatning benzin va gaz taqchilligini bartaraf etish maqsadini ko‘zlab ish ko‘rganini anglatmaydi.

"Bu rahbariyat tanqidlarga quloq tutayotganini anglatmaydi. Bu O‘zbekistonda ta‘minotda uzilishlar boshlanganiga rahbariyat aybdor ekanini anglatadi. Ayni paytda men qaysidir shaxslar vaziyatni yaxshilashning uddasidan chiqa oladilar, deb o‘ylamayman. Bir rahbar o‘rniga ikkinchisi tayinlangani ma‘muriy masalani hal qilishi mumkin. Biroq yonilg‘i va gaz ta‘minoti muammosini emas. Bu xuddi Sovet zamonidagidek siyosat. Go‘yo odamlar almashtirilsa, vaziyat yaxshilanib qoladigandek", deydi Sergey Yejkov.

Biroq oxirgi 5-10 yil davomida har qishda gaz ta‘minotidagi uzilishlar haqida xabar qilinadi. Biroq hukumat bu xabarlarga umuman hech qanday munosabat bildirmas, ahvol ham yaxshilanmas edi. Balki bu rahbarlarning muammolarni hal qilish yo‘lida tanqidlarga ozroq bo‘lsa ham e‘tibor berayotganidandir?

"Shunday bo‘lishi mumkin. Lekin asosiy muammo shundaki, yodingizdami Sho‘ro zamonida Gosplan degan tashkilot bo‘lardi. Keyin "bu hech kimga keragi yo‘q tashkilot", deb aytishdi. Yo‘q, men bunday deb o‘ylamayman. Davlat rejasi tashkiloti muhim kerak tashkilot bo‘lgan. Chunki u hamma narsani oldindan rejalar edi. Bu ham ulkan mamlakatni va ham kichik respublikani nima zarur bo‘lsa, o‘sha bilan ta‘minlash yo‘llarini tahlil qiladigan tizim edi. Bizda esa bu ish o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Mana O‘zbekiston aholisi ko‘payyapti, ko‘chalarda avtomobillar soni ham oshib borayapti. Mana shunday paytda qancha gaz kerak, qancha benzin kerak, bir-ikki yildan keyin qancha zarur bo‘ladi. Mana shunday xomcho‘t va hisob-kitoblarning yo‘qligi va shuni nazarda tutilmayotgani bizda ta‘minotdagi taqchilliklar keltirib chiqarayapti", deydi mustaqil jurnalist Sergey Yejkov.