"Toshkentdagi qimmat butiklar soxta mollar sotgan"

Image caption Toshkentdagi qimmat do‘konlarda soliq va savdo qonunlari qo‘pol ravishda buzilgani aytiladi

O‘zbekiston internet nashrlari yozishicha, respublika huquq-tartibot idoralarining tekshiruvlari ortidan Geox, Mango, New Millennium, New Millennium Sport, Levis, Antonio Moratto, Chicco, Benetton kabi qator brend do‘konlari soliq va bojxona qonunlarini qo‘pol ravishda buzgani, savdo tartiblariga amal qilmagani aniqlangani ularning to‘satdan yopilishiga sabab bo‘lgan.

Surishtiruv ishlari natijasida ushbu xorijiy butiklarda "ikkilamchi hisob" yuritilgani, katta miqdordagi kirim pullari ko‘rsatilmagani va do‘konning o‘zida xorij valyutasida naq pullar saqlangani oshkor etilgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, yuqorida keltirilgan barcha do‘konlarda rasman hujjatlashtirilmagan xodimlar ishlagani ma‘lum bo‘lgan. Bundan tashqari ularning maoshlari kamaytirib ko‘rsatilib, pullarini alohida konvertlarda olishgan. Do‘konlarda mehnat qonunchiligi buzilgan.

Do‘kon egalari va xodimlari olib kelingan mollar uchun kerakli hujjatlarni, jumladan soliq to‘langanlik haqidagi qog‘ozlarni soliq xodimlariga taqdim qila olishmagan. Aniq bo‘lishicha, do‘kon ichkarisida yashirin tikuv tsexlari bo‘lib, ularda qimmat brendlarning yorliqlari soxta mollarga tikilgan, deyiladi.

Do‘konlardagi mollar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib chiqib ketilgani aytilmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi qimmat do‘konlar Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgan.

Do‘konlarning yopilishi ham keyingi oylarda davom etayotgan tekshiruvlarlarning davomi sifatida qaralmoqda.

Qimmat do‘konlarning yopilishiga munosabat bildirgan foydalanuvchilarning fikricha, bunday holat tekshirilsa hozir har bir do‘konda bor. Lekin aynan 14 ta do‘konda boshlab yuborilgani qiziq, deb yozishadi ular.