"Uyg‘urlarning politsiya idorasiga hujumida 11 kishi o‘lgan"

Image copyright AP

Xitoyning davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalarining xabar qilishlaricha, Shinjonning Qashg‘ar shahriga yaqinSerikbuya maskanidagi politsiya idorasiga boltalar bilan qurollangan shaxslar hujum qilganlar.

Sinxua axborot agentligi xabariga ko‘ra, hujumchilardan 9 nafari otib o‘ldirilgan.

Hujumchilar ikki politsiya xodimini o‘ldirgani, yana bir nechasini yaralagani xabar qilinmoqda.

Xitoy matbuoti hodisa borasidagi boshqa tafsilotni bermagan.

Ko‘pincha muhojirlikda yashayotgan Uyg‘ur faollari Shinjonda ro‘y bergan zo‘ravonliklarning davlat ommaviy axborot vositalari tarqatganidan boshqa manzarasini chizadilar.

Xususan, shu yil aprelidagi 21 inson halok bo‘lgan hodisani Xitoy hukumati terrorchilarning oldindan rejalagan xuruji, deb e‘lon qilgan.

Biroq Uyg‘ur faollariga ko‘ra, Xitoy hukumatining musulmon Uyg‘urlarga tobora kuchayib borayotgan zug‘umi davlat idorasi xodimlariga qarshi chiqishga majbur qilgan.

Shinjonning Bachu shahri rasmiylarga ko‘ra, ularning o‘zining ta‘biricha, "jamoat xodimlari" uyma-uy yurib, qurol-yarog‘ qidirayotgan paytlarida to‘qnashuv kelib chiqqan.

O‘n besh politsiyachi, jamoat xodimlari va olti gumondor halok bo‘lgani xabar qilingan.

Yana sakkiz kishi hibsga olingan.

Qonli hodisa 23 aprel kunduzi Qoshg‘ar shahrining Bachu tumanida ro‘y bergan.

Biroq muhojirotdagi Jahon Uyg‘urlari Kongressi tashkilotiga ko‘ra, Xitoyning "qurollangan shaxslari" hukumatning navbatdagi tozalash kampaniyasi payti yosh Uyg‘urni o‘ldirgani ushbu hodisaga sabab bo‘lgan.

Bir necha kun oldin poytaxt Pekin markazidagi Tyananmen maydonidagi hodisani Xitoy rasmiylari terrorchilik hujumi deb atadi.