Almazbek Atambayev: Bizga yuqoridan turib gaplashishlari ketmaydi

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev BBC Qirg‘iz Xizmati bilan mamlakatidagi iqtisodiy vaziyat, qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan chegara muammolari kabi qator masalalarda suhbatlashgan.

Ayni paytda u Issiqko‘l tumanidagi Kanadaning Centerra Gold shirkati nazorati ostida bo‘lgan "Qumtor" oltin shirkatini milliylashtirish mumkinligiga ham ishora qilgan.

Oxirgi vaqtlarda shirkatning ko‘proq hissalarini Qirg‘iziston tomoniga berilishini talab qilgan qator namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

BBC avvalo undan iqtisodi zudlikda o‘nglanishga muxtoj, noroziliklar va piketlar kunda-shunda bo‘lgan mamlakatni boshqarish Siz uchun o‘ta mushkul bo‘lsa kerak? - deb so‘ragan.

Atambayev: Albatta bu oson emas, chunki odamlar hamma narsani hal qilish mumkin va tezlik bilan hal qilish mumkin, deya kutishadi. Shunday umid bor odamlarda. Lekin bu umidlarni ro‘yobga chiqarish oson emas. Ammo biz voqelikdan uzilmasligimiz kerak. Biz bu umidlarni ro‘yobga chiqarish uchun qattiq ishlamoqdamiz, ko‘zga ko‘rinarli muvaffaqiyatlarga ham erishdik. Ba‘zilar buni payqagandir, boshqalar payqamagandir. Mening asosiy maqsadim albatta, odamlarning ishonchini qozonish. Ularning ishonchini qozonish uchun esa sabr-toqatli, bag‘rikeng bo‘lishim kerak. To‘rt yildan so‘ng mening prezidentlik muddatim tugagan vaqti odamlar "U juda yaxshi ishladi" deyishlari uchun ertayu kech qattiq ishlamoqdaman.

BBC: Ikki yildan beri prezidentsiz, shu vaqtgacha prezident sifatida boshdan kechirgan eng quvonchli va eng qayg‘uli kun qaysilar bo‘lgan?

Atambayev: To‘liq ikki yil bo‘lishiga hali bir necha kun bor. Men ochiq ayta olamanki, prezident sifatida o‘tkazgan har bir kunimni juda yaxshi eslayman. Chunki har bir kun juda uzoq va mashaqqatlidir. Har bir kun ijobiy va salbiy hodisalarga to‘la. Har kuni ham quvonch va ham qayg‘uni boshdan kechiraman. Shuning uchun bir kunni alohida ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Har kuni yaxshi xabar keladi, yomon xabar ham keladi. Har kuni ko‘ngil ko‘tariladi va xafsalang pir bo‘ladi. Qirg‘izistonda hayot shunday kechmoqda hozir. Qirg‘iziston o‘ziga xos mamlakat. Qo‘shni davlatlarga qarasangiz, u yerda biron nimalar kechyaptimi- yo‘qmi bilish qiyin. Faqatgina katta bir saylovlar bo‘lsagina biron narsa eshitamiz. Qirg‘iziston esa shovqinli va tez oqar tog‘ daryosiga o‘xshaydi. Har kuni biron katta narsa sodir bo‘ladi. Aytganimdek bu hodisalar ham ijobiy va ham salbiy. Lekin mening ishonchim komilki, bu tog‘ daryosi bir kun kelib keng vodiyga yetib boradi va Xudo xohlasa hamma narsa yaxshi bo‘ladi. Yo‘limiz keng va ravon bo‘ladi, bunga mening ishonchim komil.

Image caption Chegara muammolari tezda yechiladigan masala emas, degan Qirg‘iziston prezidenti

BBC: Siz o‘z prezidentlik muddatingiz davrida O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara hududlaridagi muammolarni yecha bilaman, deb o‘ylaysizmi?

Atambayev: Chegara muammolari tezda yechiladigan masala emas. Ochiq aytishim kerakki, bu o‘ta mushkul masala. Balkim mustaqilikka erishilganidan so‘ng dastlabki yillarda bu muammolarni yechish imkoni bo‘lgandir. Afsuski bu masala hozirda tezda hal qilib bo‘lmaydigan masalaga aylangan. Lekin o‘ylaymanki, kelgusi 4 yil mobaynida, mening prezidentlik muddatim tugaguniga qadar men qo‘shnilarimizning Qirg‘izistonga nisabatan kamsituvchi munosabatini to‘xtata olaman. Bu masalaga teng mavqeda yondoshishni boshlaymiz.

BBC: Siz O‘zbekistonni chegara masalalarida yoki Qambar ota GESi qurilishi mavzusida ishontira olaman, deb o‘ylaysizmi?

Atambayev: Singiljon, hattoki sizning savolingizda kamsituvchi ohang bor. Nimaga Qirg‘iziston O‘zbekistonni bu masalalarda biron narsaga ishontirishi kerak ekan? 20 yil moaynida bu kabi munosabat bizning odamlarimizning va qo‘shnilarimizning qon-qoniga singib ketdi. Bundan buyog‘iga bunday bo‘lmaydi. Shuning uchun bir-birini ishontirish vazifasi har tomonning va mamlakatning gardanida barobar ravishda bo‘lishi kerak. Xoh chegara masalasida bo‘lsin, xoh boshqa masalada. Bundan buyog‘iga biz ruslar aytmoqchi "kichik og‘a" bo‘lmaymiz. Chegara masalasida bo‘lsin yo Qambar ota GESi qurilishida bo‘lsin, yo-da boshqa har qanday masalada faqatgina teng mavqeda turib gaplashamiz.

BBC: O‘zbekiston ham bu masalani hal qilishi kerak. Ular ham bu masalani imkon qadar tez yechilishiga harkat qilmoqdalar, deb o‘ylaysizmi?

Atambayev: Afsuski biz 20 yil mustaqillik davrida vaqtni bekorga sarfladik. Qaysidir ma‘noda Qirg‘izistonga nisbatan kamsituvchi munosabatga o‘zimiz aybdormiz. Yaratganning yordami bilan bunga chek qo‘yamiz. Hozirda iqtisodimiz o‘zgacha. Odamlar darrov sezmayotgan bo‘lsalar ham oxirgi 3 yil mobaynida iqtisodimiz ancha o‘sdi. Balkim biz o‘zgacha qurolli kuchlar va chegara qo‘shinlariga ham ega bo‘larmiz. Shuning uchun har bir mamlakat bilan teng mavqeda gaplasha boshlaymiz.

Image caption Janob Atambayev Asqarov ishini sinchiklab o‘rganilayotgani, lekin uni oqlash uchun hozircha yangi dalillar yo‘qligini aytgan

BBC: Yaqinda sizning Ovro‘poga safaringiz vaqtida, Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqishga da‘vatlar yangradi. Asqarovning ishi 2010 yil O‘sh hodisalari mobaynidagi eng ko‘zga ko‘rinarli ish. Siz prezident sifatida adliya tizimiga aralasha olmayman, deya javob berdingiz. Lekin xalqaro tashkilotlar bu masalani ko‘tarishda davom etar ekan, Qirg‘iziston adliya tizimi ne qadar adolatli ekani haqidagi savollarni tug‘diradimi sizda?

Atambayev: Albatta bu savol meni o‘ylantiradi. Men o‘z navbatida bu ishga nazar tashlash uchun maxsus komissiya ham tuzdirganman. Biz hanuz Asqarov ishini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqmoqdamiz. Lekin biron yangi dalillarni topganimiz yo‘q hozircha. Bundan tashqari biron Ovro‘po rahbariga "mahkamaga ayting, o‘zgacha qaror chiqarsin", deb ayta olmaysizku, bu bema‘nilik bo‘lardi. Ular mahkama qarorini hurmat qilishlarini aytishadi. Nima uchun bizga munosabat o‘zgacha bo‘lishi kerak. Bu ikki yuzlamachilik, shunday emasmi? Biz ham huddi ularga o‘xshagan mamlakatmiz. Biz ham demokratiya qurmoqdamiz. Biz ham mahkama qarorini hurmat qilishni o‘rganishimiz lozim.