Futbol: O‘zbekiston 2015 yilgi Osiyo Kubogiga chiqdi

Vetnam va Gongkongga qarshi guruh bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi ikki tur uchrashuvini g‘alaba bilan yakunlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida oltinchi bor Osiyo Kubogi uchun kurashini davom ettiradigan bo‘ldi.

Jamoa biroz avval safarda Gongkong milliy terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlangan o‘yin 40.000 kishilik "Gongkong" stadionida bo‘lib o‘tdi.

Har ikki milliy terma jamoada ham 2-yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoni borligi bois, ikkovlon ham maydonga faqat g‘alaba uchun tushishgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar butun o‘yin davomida juda hujumkor o‘yin namoyish etishdi.

Jamoa deyarli butunlay yosh tarkib bilan maydonga tushganiga qaramay, raqib darvozasi qarshisida o‘nlab qaltis vaziyatlar paydo qilishning uddasidan chiqdi.

Sardor Rashidov, Igor Sergeyev, Vohid Shodiyev, Jamshid Iskanderov Odil Ahmedov, Vitaliy Denisovlar qatorida juda yorqin futbol namoyon etishdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinning asosiy vaqtida sardori Server Jeparovsiz to‘p surdi.

Ammo mezbon Gongkong milliy terma jamoasi yaxshi himoyalandi. Himoyachilari va ayniqsa, darvozaboni jamoani qator yaqqol to‘plardan asrab qoldi.

O‘yinda hisob faqat 84-daqiqaga kelib ochildi: Bor-yo‘g‘i ikkinchi bor milliy terma jamoa tarkibida maydonga tushgan Vohid Shodiyev O‘zbekiston milliy terma jamoasini oldinga olib chiqdi.

Oradan bor-yo‘g‘i 5 daqiqa o‘tib, Odil Ahmedov hisobni yanada mustahkamladi.

Eslatib o‘tish joiz, Vohid Shodiyev 15 noyabr kuni Vetnam darvozasiga kiritilgan uchta to‘pdan biriga ham mualliflik qilgandi.

4-tur uchrashuvlari ortidan 4 o‘yindan 12 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari esa, guruh peshqadami sifatida muddatidan ilgari 2015 yilgi Osiyo Kubogiga chiqqandi.

Birlashgan Arab Amirliklari 5-tur uchrashuvini birozdan so‘ng o‘z maydonida Vetnamga qarshi o‘tkazadi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2011 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida tarixiy natija qayd etib, yarim finalga chiqqan. Qit‘aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biriga aylangandi.

Bu - O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida oltinchi bor Osiyo Kubogi uchun bellashishi bo‘ladi.

Jamoa 2004 va 2007 yillarda qit‘a miqyosidagi ushbu nufuzli turnirning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekistonlik futbolchilar bu galgi guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy javob uchrashuvini kelasi yil 5 mart kuni Toshkentda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘tkazishadi.