Gulnora Karimova oilasida hech qachon pulga sig‘inish bo‘lmaganini yozdi

Image copyright Getty

Keyingi kunlarda ham Gulnora Karimova turli mavzularda, xususan followerlarini qiziqtirgan va o‘zi oshkor qilishni xohlagan mavzularda twitlar qoldirishda davom etmoqda.

Shunday twitlaridan birida Gulnora Karimova ayni paytda taqiqlangan qo‘shiqchilar qatorida bo‘lgan Shohruh repperni tanqid qildi.

Shohrux repperning muxlisi Gulnora Karimovaga "Bechora Shohruh katta iste‘dodi bilan yo‘qolib ketayapti", degan mazmundagi twitni qoldirganidan so‘ng,

Gulnora Karimova Shohruhning otasi haqida yozadi: "U besh yil oldin Abu Sahiyning qonunsizliklarini mustahkamlanishiga halaqit qildi... hech qanday soliqlarsiz va to‘lovlarsiz! O‘shanda barchani tozalashdi... Uning otasi bunga yagona misol emas... U onasidan ham ajralib qolishiga sal qolgandi", deydi.

O‘z otasi haqidagi gaplardan so‘ng Shohruh repper "ishonmanglar. Mening nomimdan javob yozishyapti", deganiga qarata, Gulnora Karimova xonandani qo‘rqoqlikda ayblagan.

"Nahotki qo‘rquv odamlarning miyasini shunday buzadi? Sizning otangiz kuchliroq!, Hatto chiqishga yo‘l yo‘q bo‘lgan joyda ham. Uch kun oldin so‘radim. Agar kerak bo‘lsa. Har safar siz yig‘lagan holda yordam so‘rab kelganingiz uchun men siz uchun kurashgandim! Nima o‘zgardi? Buning uchun sizga mukofot va‘da qilishdimi?! Balki sizni haydalgan institutingizga qaytadan qabul qilishar?! Qo‘rqoq odam ekansiz! Shunday ota uchun bu sharmandalik!", degan ketma-ket kinoyali twitlar qoldiradi.

Gulnora shuningdek kuni kecha xorijiy butiklarning yopilishini qattiq tanqid qilib, Toshkentda ko‘pchilikni ishsiz qoldirganini yozdi.

17 noyabrda Sabina nikli followerining "Mangoning yopilishi nafaqat xaridorlar uchun fojea bo‘ldi, xodimlar bilan nima bo‘ldi?" - degan savoliga "Oxirgi ikki-uch oyda bir necha ming kishi bir qancha tujjorlarning firmalari yopilishidan ishsiz qolishdi... Ularni ham turmaga tiqishsa, kim ishni bajaradi", deb aytadi Karimova xonim.

O‘tgan hafta boshida savdo qonunlarini buzganligi uchun Toshkent markazidagi qator kiyim do‘konlari yoilgan edi.

Qimmat xorijiy butiklar Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgani aytiladi.

"Pulga sig‘inish"

Gulnora xonim 18 noyabrdagi twitlarida o‘zining oilasida "hech qachon pulga sig‘inish"bo‘lmaganini aytadi.

"Samarqandning Siyob bozori yaqinidagi qadimiy tumanda ulg‘aygan otam hech qachon bolaligidan mayda savdogarlarni yoqtirmagan... Uning fikricha, yosh yigit o‘zining karerasini zavodda ishlab boshlashi kerak. Men ilk bor kurer sifatida Markaziy statistika boshqarmasida sakkizinchi sinfni bitirgach, yozgi ta‘tilda ishlaganman. Bundan keyin ko‘rgazmalar zalida tarjimon bo‘lganman", deb yozadi u.

"Men dizayner bo‘lmoqchi edim, lekin ular(ota-onam) bunga qarshi chiqishdi... Men mavjud variantlar orasidan sotsiologoimyani tanladim... Kimdir sotsiologiya va filosofiya yordamida boy bo‘lganini topish mumkinmi? Albatta ehtimoli kam. Bizning oilada pulga sig‘inish bo‘lmagan, biroq keyinroq onamda bu ko‘rina boshladi", deb yozadi. Oldinroq u onasi va singlisini jodugarlikda ayblagandi.

Twitterda o‘ziga ergashuvchilar oshib borayotganini ta‘kidlagan Gulnora Karimova ular qiziqishi va hayratini oshirib, twitlashda davom etmoqda.

"Oshkora twitlar"

Keyingi ikki haftada Karimova xonim Twitter orqali qator kutilmagan gaplarni oshkor qildi.

30 oktyabrdagi twitida o‘zining rahbarlik ambitsiyalari haqidagi sukutini buzib, prezident bo‘lish niyati yo‘qligini aytdi.

Keyinroq hibsga olingan qarindoshi Akbarali Abdullayev bilan yaqin aloqalari bo‘lganini rad qildi.

Gulnora Karimova bu oshkora twitlarini hukumat tomonidan unga qarashli teleradiokanallar yopilishi ortidan qildi. 21 oktyabrdla Markaz TV, NTT, Forum TV va SOFTS telekanallari bir kunda uzib qo‘yilgan.

24 oktyabrda Terra Group tarkibidagi uch radiostantsiya ham efirdan olingan. Lekin Karimova twitlarida bular haqida keng to‘xtalmagan.