Gulnora Karimova Toshkentdagi hibslarni 1938 yilga qiyosladi

Gulnora Karimovaning Twitterda yozishicha, "Fond Forum" tashkil qilgan "Kelajak ovozi" tadbiri ishtirokchilaridan biri bo‘lgan qiz hibsga olingan.

Shundan keyin u tuman Ichki ishlar bo‘limiga borgan.

"Men ROVDdaman", deya twit qilgan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi.

@DostonArtikov ismli foydalanuvchi yozishicha, "faol bo‘lgan yoshlarni ta‘qib qilmoqdalar".

Shundan keyin Gulnora Karimova hibslarni amalga oshirayotganlarga murojaat qilgan:

"Aqli va yuragini yo‘qotmagan hammaga! Yoshlarni sindirish mumkin emas!!! Sizning kelajagingizni o‘chirib chizib tashlashayapti! Bu sizga kechqurun kelib uyidan imi-jimida olib ketadigan 1938 yil emas!", deb yozgan rus tilida Karimova xonim.

"Aqli sog‘lom har bir kishi tushunadiki, mamlakatini, Prezidentni, uning oilasini yer bilan yakson qilayotganlarni uyidan olib ketayotganlari, ta‘qib etayotganlari yo‘q. Aksincha butun mamlakatga qo‘rquv solish yoki zindonga tashlash bilan eng iste‘dodlilarni yo‘q qilishayapti! Buning hammasi nimaga olib keladi? Faqat portlashlar va qarama-qarshilikka", deb yozgan Gulnora Karimova.

Buning ortidan Karimova xonim o‘zini O‘zbekistondan qo‘llab-quvvatlashmayotgani haqida twit qilgan.

"Eng qizig‘i, meni dastaklashlarini izhor qilib lentaga Rossiyadan, Qozog‘istondan yozishayapti... O‘zbekiston esa har doimgidek sukut saqlayapti..."

So‘ng Toshkent shahridagi militsiya bo‘limlaridan birida ekanini yozgan Gulnora Karimovaga ko‘ra, "Kelajak ovozi" tadbirining Internet makoni bo‘yicha loyihasi ishtirokchilaridan biri bo‘lgan talaba qizni terrorchilik ayblovi bilan olib ketganlar.

Talaba qizni "bema‘ni Internet jamiyati" tashkil qilishda ayblashayotgani haqida yozgan Gulnora Karimova.

"Kelajak ovozi bolalarini terrorizm degan boshboshdoqlik bo‘yicha hibsga olishgan", deb yozgan Gulnora Karimova.