Axbor Imomxo‘jayev: "O‘zbekistonning g‘alabasi hammamizni xushnud etdi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkentdan taniqli futbol eksperti O‘zbekiston milliy terma jamoasining safardagi qo‘shaloq g‘alabasi ortidan, muddatidan ilgari 2015 yilgi Osiyo Kubogiga chiqishiga ana shunday munosabat bildirdi.

Jamoa guruh bosqich saralash bellashuvlarining g‘alaba qozonishi shart bo‘lgan so‘nggi ikki tur javob uchrashuvida avval Vetnam, so‘ngra Gongkongni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.

Ta‘kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlabki pley-off bosqichida 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini butkul boy berishi ortidan bu kabi yutuqqa erishdi.

Jamoa aynan shundan keyin o‘tkazgan Osiyo kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining barcha uch uchrashuvini ham ketma-ket g‘alaba bilan yakunladi.

"O‘sha siz aytgan g‘alabadan keyin O‘zbekistonda hamma, hamma, yetish yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan hamma xursand. Ayniqsa, jamoa jahon chempionatining yakuniy bosqich bellashuvlariga yo‘l ololmaganidan keyin ko‘pchilikning kayfiyati tushib ketgan edi. Terma jamoa haqida gapiradigan bo‘lsak, "Qo‘yinglar, gapirmanglar shu terma jamoani. Bo‘ldi, dabdala qildi. Osh og‘zida bo‘lib turganida foydalana olmadi, deb ko‘pchilik xafa bo‘lgandi. To‘g‘ri, bundan bir qaraganda, Vetnam ham, Gongkong ham Osiyoda grandlar qatoriga kirmaydi. Lekin, baribir, shu ikkalasini ularning maydonida o‘ynab turib, yutib chiqishi va 2015 yilgi Osiyo Kubogiga yo‘llanma olganligi, albatta, hammamizni xushnud etdi", - deydi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Axbor Imomxo‘jayev.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2011 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogida tarixiy natija qayd etib, yarim finalga chiqqan. Qit‘aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biriga aylangandi.

Bu - O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida oltinchi bor Osiyo Kubogi uchun bellashishi bo‘ladi.

Jamoa 2004 va 2007 yillarda qit‘a miqyosidagi ushbu nufuzli turnirning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekistonlik futbolchilar bu galgi guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy javob uchrashuvini kelasi yil 5 mart kuni Toshkentda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘tkazishadi.

Milliy terma jamoaning so‘nggi yutug‘iga O‘zbekiston futbol ahlining munosabatini bilish uchun taniqli futbol eksperti Axbor Imomxo‘jayev bilan suhbatimizni tinglang.