O‘zbekiston: Odamlar qishni isitish va chiroq muammolari bilan qarshi oldi

Chiroq o‘chishi poytaxt Toshkentda ham odat tusiga kirgan Image copyright olam.uz
Image caption Chiroq o‘chishi poytaxt Toshkentda ham odat tusiga kirgan

Bu yil qish mintaqaga barvaqtroq kirib keldi. O‘zbekistonning ko‘p qismida sharros yoqqan yomg‘ir qorga aylangan. Gaz, chiroqdagi uzilishlar ortidan odamlar qishni yana o‘z muammolari bilan qarshi olgan.

Jomboylik huquq faoli Holiqnazar G‘aniyev sovuq kirishi ortidan gaz va chiroqdagi muammolar yechimini topmaganini va aholi qishga o‘z holicha tayyorgarlik ko‘rganini aytadi.

"Bu tun qor yog‘di. Hozir qorning sovug‘ida uyda chopon kiyib o‘tiribmiz. Shu vaqtgacha gazimiz ham yo‘q edi, ammo qayerdandir paydo bo‘lib oz miqdorda kelib turibdi. Tokni ham istagan vaqtida berishadi. Jomboy shahrining ichida bir kunda 30 foiz vaqt chiroq bo‘lmaydi, qishloqlardagi ahvolni bilmadim", - deydi Holiqnazar aka.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida ham gaz choy qaynatar darajada yonib turibdi. Chiroq esa noodatiy holda nimagadir o‘chmayapti, deydi Saida Qurbonova.

"Hozir fermerlarimiz g‘allasini sug‘orayapti, shuning uchun chiroq o‘chgani yo‘q. G‘allaga suv chiqarish uchun nasoslardan foydalaniladi".

O‘zbekistonning aksar joylaridagi kuchli yomg‘ir qorga aylangan va sovuq havo olib kirgan. Yomg‘irning ko‘p yog‘ishi ortidan poytaxt Toshkentning ayrim ko‘chalari ko‘lmak ostida qolgan va odamlarning yurishida muammo tug‘dirgan. Toshkentlik mahalla faoli o‘zi yashab turgan joyda bu muammoga duch kelayotganini aytadi.

"Olmazor tumanidagi ayrim joylar ko‘lmak bo‘lib qolayapti. Maksimal kuch bilan tozalanayapti, lekin ariqlarning ichida quvurlar to‘lib qolib bo‘lgan. Odamlar yurishga qiynalayapti. Asfaltlarning chetigacha suv ko‘lmak to‘lib qolayapti", deydi Olmazor tumanidagi mahalla faoli.

Mahalla faoliga ko‘ra bu yil poytaxtda ham elektr ta‘minotida uzilishlar kuzatilayapti.

"Nilufar" kafesi bor ekan, o‘sha yerga kirsak chiroq yo‘q. Atrofidagi binolarda ham chiroq yo‘q. Poytaxtning markazida ham o‘chib qolayotganiga hayron bo‘layapmiz. Qishloqdagi tuzimga shahar aholisini ham moslashtirish uchun qilishayaptimi, nimaga bunday bo‘layotganiga hayronmiz", - deydi mahalla faoli.

"Bizda ham chiroq birma marta o‘chsin"

So‘nggi yillarda viloyat va shahar hokimlarining jonli efir orqali xalq bilan muloqotga chiqishi odat tusiga kirgan. Ushbu ko‘rsatuvlarda aholining muammolari tinglanadi. Biroq kuzatuvchilar muammolar aytilgani bilan yechimdan darak yo‘qligini e‘tirof etishadi.

Twitter foydalanuvchilarining yozishicha, Toshkent shahar tumanlaridan birining hokimi bilan telemuloqat chog‘ida tuman fuqarosi chiroqni kunda bir marta o‘chirishni so‘ragan.

"Qo‘shni tumanda chiroq kunda bir marta o‘chayapti, bizda esa ikki marta. Bizning tumanda ham bir marta o‘chirishning iloji bormi, deb savol berishdi. Odamlar chiroqning o‘chishiga rozi)", - deydi Twitter foydalanuvchisi.

Samarqand viloyatining hokimi bilan shunday muloqotlarda hokim gaz va elektrdagi muammolardan xabari borligini va uni aholining o‘zi yechishi kerakligini bildirgan.

"Viloyat hokimi telemuloqatda o‘tgan yili gapirgan gapini takrorladi, shunga e‘tibor qaratdim. Viloyat hokimi, "qishda qiyinchilik bo‘ladi deb biz oldindan aytganmiz, aholiga tappi tezak, o‘tinlaringni tayyorlanglar deganmiz", degan gapni yana takrorladi. Bundan boshqa javob bo‘lmadi", - deydi Holiqnazar G‘aniyev.

Samarqandlik huquq faolining aytishicha, ayrim joylarda gaz berishni talab qilib odamlar tegishli idoralarga murojaat qilishmoqda. Ko‘pchilik esa qishdan eson omon chiqib olish uchun o‘zi harakat qilmoqda.

Your contact details
Disclaimer