Afg‘oniston: Loya jirg‘ada AQSh bilan kelishuv muhokamasi boshlandi

Image caption Loya Jirg‘a muhokamalarida ikki mingdan ortiq Afg‘on oqsoqollari ishtirok etishadi

Payshanba kuni Afg‘onistonda oqsoqollar kengashi Qo‘shma Shtatlar bilan xavfsizlik borasidagi kelishuv muhokamasini boshlagan.

Afg‘oniston poytaxtida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, shaharning hamma joylarida harbiylar joylashtirilgani, majlis o‘tadigan hududga o‘tayotgan odamlar sinchiklab tekshirilmoqda.

Loya Jirg‘a to‘rt kun mobaynida AQSh kuchlari 2014 yildan keyin Afg‘onistonda qolishi yo yo‘qligini muhokama qiladi.

Masalaning hal etilishi Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay oqsoqollarga taqdim etadigan kelishuv matniga ham bog‘liq.

Loya Jirg‘a muhokamalarida ikki mingdan ortiq Afg‘on oqsoqollari ishtirok etishadi.

2014 yilda Afg‘onistonni tark etishi kutilayotgan xalqaro kuchlardan keyin mamlakatda xavfsizlik masalalari dolzab bo‘lib qoladi.

AQSh bilan qanday shartlar asosida kelishuv tasdiqlanishini Loya Jirg‘a, so‘ngra Milliy parlamentdagi ovoz berish hal qiladi.

Xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi orqasidan Eron va Pokistonning mamlakatda ta‘siri kuchayishidan xavotirlari bois AQSh bilan kelishuv tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.

Deputatlardan birining aytishicha, kelishuvning imzolanishi uchun mamlakatga tashqi hujum xavf solgan taqdirda AQSh Afg‘on armiyasi va xavfsizlik kuchlarini quvvatlashiga ishonch hosil qilishlari kerak.

Oldinroq Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay Amerika rasmiylari bilan dastlabki kelishuvni muhokama qilgan. Biroq Afg‘oniston tomonining Barak Obamaga xalqaro kuchlarning Afg‘onistondagi xatolari va tinch fuqarolarni halok bo‘lishidagi aybini tan olishni so‘rab qilgan murojaati javobsiz qolgan.

Shuningdek, 2014 yildan so‘ng Amerika kuchlari Afg‘onistondagi tinch fuqarolarning uylarini qanday sharoitlarda tekshirishi mumkinligi aniqlashtirilmagan.

Barak Obamaga yozilgan murojaatda o‘tgan yillarning xatolari takrorlanmasligini oldini olish aytilgan.

Biroq AQShning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Syuzan Raysning bildirishicha, Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan kechirim so‘rashi uchun hech bir sabab yo‘q.

AQSh Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga 4 milliarddan ortiq yordam va‘da qilgan. Loya Jirg‘a ishtirokchilari kelishuvni tasdiqlamas ekan, Afg‘onistonga bu yordam yetkazilmasligi mumkin.

Oddiy afg‘onistonliklar amerikalik harbiylarning mamlakatdan to‘liq chiqib ketishini xohlaydi. Mintaqadagi notinch vaziyatda esa bu qadamning oqibatlari mamlakat uchun og‘ir bo‘lishidan xavotirlar bor.