Gurjistondagi chechenlar Suriyaga jihodga bormoqdalar

Image caption Omar Shishani musulmonlarni Bashar Assadga qarshi jihodni quvvatlashga chaqiradi

Istanbuldan Tbilisiga uchganimda men BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha agentligining sobiq xodimi bilan gaplashib qoldim.

U Pankis qo‘riqxonasida yashovchi chechenlar bilan ishlagan.

Gurjistonning shimoli-sharqida joylashgan bu qo‘riqxona oxirgi yillarda unutildi go‘yo. Chunki, deydi BMTning sobiq xodimi, "Putinga sadoqatli Ramzan Qodirov tuzumi qo‘riqxonada yashovchi chechenlarni xohlamaydi, gurji hukumati ularga yordam bera olmaydi, Rossiyaga bo‘lsa ular ahamiyatsiz".

Shunday qilib Pankis qo‘riqxonasiga tomon yo‘naldim. Men nima uchun ko‘pchilik yosh chechenlar Bashar al-Assad tuzumini ag‘darishga bel bog‘lagan isyonchilar tomonida kurashish uchun Suriyaga ketayotganini aniqlashtirishni istadim.

Ularning eng taniqlisi Omar Shishani bo‘lib, "Jaish al-muhajirin va al-Ansar" guruhining yetakchisi edi. Aytilishicha, guruh "Al-Qoida"ga aloqador bo‘lib, uning safida Shimoliy Qovqozdan borayotgan yuzlab xorijiy jangarilar bor.

Musulmonlar

Pankis qo‘riqxonasi Qovqoz tog‘ yonbag‘rida joylashgan bo‘lib, Gurjiston-Rossiya chegarasiga yaqin.

U yerda taxminan 5 mingdan 15 minggacha kistinlar - ota-bobolari XVI-XIX asrlarda kelib qolgan etnik chechenlar yashaydi.

Ular juda qashshoq hayot kechiradilar. Gurjiston hukumatiga ko‘ra, kistinlar asosan davlat tomonidan beriladigan nafaqalar hisobiga kun kechirishadi.

Ikki chechen urushi payti Pankis qo‘riqxonasidagi aholi soni yanada oshgan.

Qo‘riqxona urushdan qochgan odamlar uchun boshpana bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya Checheniston ustidan nazoratni o‘rnatgach, jangarilar ham bu yerlarga kela boshlaganlar.

Ularning ko‘pchiligi ashaddiy radikal islomiy va salafiy bo‘lib, maqsadi - Shimoliy Qovqozda islomiy davlat qurish bo‘lgan.

Qo‘riqxonada islomiy davlat tarafdorlarining soni ko‘payib borar ekan, yoshlar orasida ular targ‘ib qilgan g‘oyalar ham keng tarqala boshlaydi.

Bu esa o‘zini sufiylar deb bilgan etnik chechenlar bilan munosabatlarga ta‘sir qilmay qo‘ymaydi. Jokolo qishlog‘ining salafiy imomi Ayub Borchashvilining harakati bilan bu munosabatlar biroz yaxshilanadi.

Salafiylar Qur‘on va Sunnat talablari asosida yashashni xohlashlarini aytishadi.

Omar Shishani musulmonlarni Bashar Assadga qarshi jihodni quvvatlashga chaqiradi.

Janubga sayohat

Avvallari Pankis qo‘riqxonasidan yosh salafiylar jang qilish uchun shimolga, Checheniston yoki Dog‘iston, Ingushetiya va Kabardin-Balqarga borganlar

Odatga ko‘ra, ular chechen jangarilari rahbari Doku Umarov rahbarligidagi "Qovqoz amirligi" yirik islomiy guruhi nomi ostida kurashganlar.

2011 yilda Suriyadagi qo‘zg‘olonlar boshlangach, katta sondagi chechenlar "Qovqoz amirligi" uchun emas, sunniy isyonchilarga yordam berish uchun Suriyaga keta boshlashdi.

Gurjistondagi chechen jamoasi yetakchilaridan Umar Idigovning aytishicha, Suriyada 200 dan ortiq chechen millatiga mansub kishilar janglarda qatnashmoqda. Lekin u bunga qarshiligini aytadi.

Ezilganlarga yordam

Image copyright AP
Image caption Doku Umarov Suriyaga ketgan chechen jihodchilarini quvvatlaydi

"Qovqoz amirligi" Suriyadan yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan jangchilarni olmoqda.

Borchashvilining aytishicha, buning bir sababi keyingi paytda Shimoliy Qovqoz chegarasini kesib o‘tish qiyinlashgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yosh chechenlar "Suriyaning ezilgan xalqini himoya qilish" kerakligiga ishonadi.

Doku Umarov dastlab chechen jangarilarining Suriyaga ketayotganlariga qarshi chiqib, ular "Qovqoz amirligi"ga yordam berishlari kerakligini aytgan.

Keyinchalik esa u Suriyaga borayotgan chechenlarni quvvatlab, "Qovqoz amirligi" yoshlarni qabul qilmagani bois ular Suriyaga borayotganini bildirdi.

Chechen jangarilariga yaqin manbaning aytishicha, "Shimoliy Qovqozda Suriyadagi kabi mashq maydonlari yo‘q, shuningdek ularga mablag‘ ham yetishmaydi".

"Qovqoz qamal qilingan paytda bizning Suriyaga borishimiz uyatli. Lekin yoshlar u yerdan to‘liq mashqlarni o‘tab qaytmoqdalar. Mening do‘stlarimdan biri portlovchi moddalar bilan ishlash bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tib qaytdi", deb aytadi chechen yigiti BBCga.

"Shu tomondan bizning Suriyaga borishimiz foydali. Natijada ular "Qovqoz amirligi"ga yaxshi tayyorlangan, tajribali jangchilar bo‘lib qaytishyapti", deb ta‘kidlaydi u.