Chingiz Boy: Gulnoraning "qaytar dunyo"si haqida

Image caption "Ota"

Karimovlar oilasidagi mojarolarga nazari tushgan G‘arb va mintaqa matbuotidagi tahlilu ta‘riflarni o‘qirkansiz, aksariyat holatlarda "siyosiy-ijtimoiy-jug‘rofiy" va yo "beqarorlik – barqarorlik" degan ta‘bir joiz bo‘lsa "qog‘oziy"fikrlashlar bilan ro‘para kelasiz.

Bular bir ma‘noda Karimovlar oilasidagi oddiy insoniy va ehtimol bu o‘rinda noinsoniy sahnalar yuziga tortilgan pardaday...Aslida ichkarida nima bo‘layotganini kamdan kam odam bilar, balki ular ham va hatto mazkur oila a‘zolari ham nima bo‘layotganini yaxshi bilmaslar...

Tasavvur qiling, xalq orasida so‘kinish san‘atining ustasi sifatida tanilgan Ota barcha so‘kinchlarni ishlatib bo‘lganidan keyin nima qiladi?

Ehtimol, barcha yoshi o‘tib borayotgan va farzandlarining noqobilligi va yo ortiqcha qobilliklaridan ozurda bo‘lgan boshqa otalar kabi ko‘rpacha ustigami va yumshoqqina divanigami cho‘kar...

"Nima qildim? Nimaga bunaqa bo‘layapti? Endi nima qilaman?" kabi savollar bilan boshini og‘ritar? Ehtimol, Gulnoraning Twitterda yozganlariga ishonadigan bo‘lsak, "hammasini san qilding", deb alamini xotinidan olar...

Nima qiynashi mumkin mamlakatni 20 yildan ortiq boshqarib kelayotgan va aksariyat tomonidan "diktator" deb tamg‘alangan, bu hammamizga o‘xshagan va ayni paytda o‘xshamagan, tanasidan quvvatiyu ko‘zidan nuri arib borayotgan keksa odamni?

Har turfa taxminlar o‘rtaga otilmasin, "bashoratlar" qilinmasin va qandaydir "konspirativ" g‘oyalar ko‘rinish berayotgani haqida bong urilmasin, fikri ojizimizcha, Ota ehtimolan o‘zidan so‘raydigan bu savollariga javob yo‘q... Ayniqsa, oxirgi savolga... "Endi nima qilaman?"

Ichkaridan qulflangan eshiklar

Gulnora esa...alamini Twitterdan olmoqda. (edi) Aftidan u bosh urib boradigan barcha eshiklarga qulf urilgan, ichkaridan qulflangan eshiklar... Hatto Otaning ham eshiklari berk. Buni tasavvur qilish qiyindir balki, ammo Gulnora o‘zi otasining bo‘layotgan voqealardan "bexabarligi" haqida bir necha marta "twitladi". Ota bexabarmikan?

Alamini Onadan va Singildan ham oldi. Oilaning xavfsizligini ta‘minlashga ma‘sul bo‘lib kelayotgan mamlakat xavfsizlik xizmati rahbariga ham yozg‘irdi.

Sal avvalroq esa Gulnora bu tarmoq faqat o‘ziga kelayotgan olqish va maqtovlarni qaytadan twitlash, onda sonda ba‘zi "qora kuchlar"ning tanqidlariga kurakda turmaydigan so‘kishlar bilan javob berish va kuniga ehtimolki, o‘nlab uni maqtamaydigan followerlarni blok qilib qo‘yish bilan band edi. Olam guliston edi Twitterda…

Kecha o‘zi aytmish "ROVD"da izdoshlaridan birini ozod qilaman deb kechayu tunni o‘tkazar ekan, Gulnora o‘zini dunyo haqsizliklariga qarshi bosh ko‘targan yolg‘iz jangchi deb his qildimikan? O‘zi odatda kinoya va pichinglar bilan ta‘rif beradigan inson huquqlari faoliga beixtiyor aylanib qolganini sezdimikan?

"Yoshlar - kelajak, bu 1938 yil emas" deya ommani hayratlantirgan Gulnora o‘tgan yigirma yildan ortiq davrda yuzlab, ehtimolki minglab begunoh yoshlarning"aybi" namoz o‘qigani, boshqa davlat litseyida tahsil olgani, bu rejimdan, haqsizlikdan norozi bo‘lgani, boring aldangani va yo xalq orasida she‘ri bilan mashhurligi uchun qamoqqa otilganlari haqida bilmasmidi?

Qamoqxonalarda qiynoqdan o‘lgan o‘nlab yoshlar haqida o‘qiy, ularning taqdiri, oilasi bilan qiziqay desa Otasi internetiga "bolam, bunaqa narsalar sani buzadi, o‘qimagin" deb xufyona blok qo‘yib qo‘yganmidi?

Nimalarni o‘yladi ekan Gulnora? Oddiy savollar... Endi nima qilaman? Nima qilsam ekan? Kimdan yordam so‘rasam? Kelajak, Vatan, 1938 yil haqidagi twitlar esa, hatto bunday bo‘lmasa ham – "cho‘kayotgan odamning xasga yopishishi" emasmikan?

Oilaning "milliy qadriyatlari"

Image copyright none
Image caption O‘zbekiston televizionidan ko‘rsatilmaydigan suratlardan biri

Sho‘ro madaniyati va siyosatida suyagi qotgan Ota esa aslida hech qachon mahalliy madaniyatni oxirigacha tushunib yetmadi. Avvaliga tutulib yurdi, keyin esa bir qadar o‘zbekchani o‘rganib oldi, madaniyatga kelganda esa aftidan faqat o‘ziga yozib berilgan "milliy qadriyatlar" haqida nutqlar o‘qib berishdan nariga o‘tmadi... O‘tolmadi.

O‘zbekiston televizioni millatu hayo va ibo haqida tinmay sayrab turar ekan, Karimovning qizi yarim yalang‘och shaklda G‘arbning oliftalari uchun chiqadigan jurnallar betini bezab turdi...Yogasevar qizning turfa usullarda egilib –bukilib tushgan rasmlarini boshqalar emas, o‘zi ko‘z-ko‘z qilar ekan, bu rasmlarning birortasi ham rejim shaklga solgan "milliy qadriyatlar"ga mos tushmasligi va hech qachon davlat ommaviy axborot vositalaridan joy olmasligini hamma bilardi.

Ota esa aftidan suyukli qizining "erkaliklaridan" bexabar qolgan edi...

Bugun davlat ishlari, davlat uchrashuvlari va hukumat majlislari bilan mashg‘ul paytlarda uning fikru xayolidan nima o‘tayotgan bo‘lsa? So‘nggi voqealar rivojiga va suhbatlarga asoslanib aytiladigan bo‘lsa, bu Katta oiladagi mojarolarni bundan ham yomonroq bir holatda tasavvur qilish mumkinmi?

O‘zbekistonning Sho‘ro va mustaqil tarixida qaysi o‘zbek mulozimining oilasidan shu qadar ko‘p va asosan yumshoq qilib aytilsa, "toza bo‘lmagan" tafsilotlar ommaga oshkor qilingan? Begonalar tomonidan emas, shu oila a‘zosi tomonidan? Eslaysizmi?

"Men bu yerda o‘t yoqsam..."

Image caption 1938

Gulnoraning bir yopilib bir ochilib turgan Twitter hisobida unga mehr va muhabbat izhor qiluvchilarning soni sezilarli darajada kamayib borayotgandi... "O‘zbekistonliklar qo‘llab quvvatlamayapti, Rossiya va Qozog‘istondan yozishmoqda!" deb o‘pkaladi u...Nima deb dastaklasin yana o‘zbekistonliklar?

"Biz siz bilanmiz", "Onamizsiz", "Sizni sevamiz" deb yozishdi, tinmay yozishdi, ayrimlar yozmasa bo‘lmaydi deb ishonganidan, ayrimlar ta‘ma va ayrimlar rostakamiga yozdi. Ammo rejim mexanizmi shunga asoslangan emasmi? 1938 yil mexanizmi? Avval ko‘klarga ko‘tarishadi, ko‘tartirishadi keyin esa... haqiqiy 1938 yil boshlanadi!

Zotan, u keyingi haftalarda ko‘tarayotgan va bong urayotgan mavzularning hech qaysisi yangilik emas O‘zbekiston uchun...yigirma yildan beri kun tartibidan tushmagan masalalar: qiynoqlar, noqonuniy ushlab turishlar, kaltaklash, beboshlik, o‘zgacha fikrlovchilar ovozini o‘chirish yo‘llari va hokazo.

Zotan, Gulnora aytgan 1938 yil O‘zbekiston uchun 1989 yil bo‘y ko‘rsatgandi. Bu mash‘um yil O‘zbekistonni shu qadar "sevdiki", 24 yildan beri YANGI YIL KELMADI...

"Qaytar dunyo"dir balki?

Ammo nima bo‘lganda ham xazon fasli Toshkentda...Quyosh ko‘proq chiqib tursa? xazonlar quriydi. Twitter degan "o‘choq"ning tutuni esa Toshkentdan ko‘kka o‘rlar ekan, dunyoga yoyildi... Bu tutun orasida qandaydir uchqunlar ham ko‘rinayotganday... Gulnora o‘zi bilib aytdimi, bilmasdanmi, buni biz hech qachon bilmasmiz, ammo so‘nggi voqealar haqida yozar ekan, "bu portlashga olib keladi" dedi...