O‘zbekiston siyosatidagi asosiy o‘yinchilar kimlar?

Image copyright AFP Getty
Image caption Prezident Islom Karimov

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnoraga tegishli biznes imperiyasi parchalanishi ortidan mamlakat elitasi ichida qudrat uchun qaqshatqich jang borayotgani borasidagi gap-so‘zlarni urchidi.

Gulnora Karimovaning o‘zi Milliy Xavfsizlik Xizmati boshlig‘i Rustam Inoyatovni qudratni qo‘liga olishga urinayotganlikda aybladi.

Xo‘sh, Prezident oilasidan tashqaridagi asosiy o‘yinchilar kimlar?

Panadagi qo‘g‘irchoqboz

Rustam Inoyatov: Milliy Xavfsizlik Xizmatining 69 yoshli boshlig‘i O‘zbekistonda Prezident Karimovdan keyin ikkinchi qudratli shaxs hisoblanadi.

Hukumatdagi aksar lavozimlarni josuslik xizmati sobiq zobitlari egallashgani hisobga olinsa, mamlakat hayotidagi har bir soha Inoyatov nazorati ostida ekaniga ishoniladi. Va hech kim uning iznisiz amal kursisiga o‘tira olmasligi haqida ham gapiriladi.

"Haqiqatda, Prezident Islom Karimov kadrlar siyosatini nomiga boshqaradi. Lavozimlarga tayinlash yoki olib tashlash Milliy Xavfsizlik Xizmati boshlig‘ining roziligi bilan amalga oshiriladi", deydi ekspert Rashid Qurbonov Tsentraziya.ru websahifasidagi maqolada.

Image copyright none
Image caption Milliy Xavfsizlik Xizmatining 69 yoshli boshlig‘i O‘zbekistonda Prezident Karimovdan keyin ikkinchi qudratli shaxs hisoblanadi

General-polkovnik Rustam Inoyatov 1944 yil janubiy Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U o‘zbek siyosiy elitasi ichidagi eng qudratli Toshkent klani lideri sanaladi. Mazkur klan hukumatdagi katta sonli asosiy lavozimlar, jumladan, Moliya, Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklarini egallab olgan.

SSSR KGBsi - Davlat xavfsizlik qo‘mitasi safida uzoq yil faoliyat qilgan Inoyatov janoblari 1995 yil mustaqil O‘zbekistonning MXX rahbariga aylangandi.

Ekspertlar o‘shandan beri MXX davlat ichidagi haqiqiy davlatga aylantirilganiga ishonadilar. Ayniqsa, 2005 yil mayida Andijonda yuz bergan hodisalar ortidan militsiya xizmati Ichki ishlar vazirligi nazoratidan olinib, xavfsizlik xizmatiga qo‘shib yuborilganidan keyin yaqqol ko‘zga tashlandi.

Siyosatshunos Innokentiy Adyasovning internet sahifalaridan biriga yozishicha, "hech bir muhim qaror Milliy Xavfsizlik Xizmati iznisiz olinmaydi".

"MXX O‘zbekistondagi barcha iqtisodiy va siyosiy hayotni nazorat qiladi va Prezidentdan bo‘lak hech kimga hisob bermaydi", deydi Birjevoy lider websahifasi.

Inoyatov muvaffaqiyat bilan o‘z siyosiy qudratini iqtisodiy boylikka aylantira olgan. Talgat Ibrayevning Spik.kz sahifasida yozishicha, u qator korxonalar, bank va sarmoya jamg‘armalariga egalik qiladi.

Shuningdek, u O‘zbekistonning eng muhim ko‘rilgan paxta sanoati, deyarli barcha moliyaviy va yoqilg‘i ta‘minoti rafiqasi Flyura Inoyatova hamda ukalari rahbarligidagi shirkatlar orqali amalga oshirilishiga ishonishini aytadi.

G‘arbparast islohotchi

O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari va Moliya vaziri 55 yoshli Rustam Azimov - O‘zbekiston hukumatidagi yana bir qudratli siyosiy shaxs.

Rustam Azimov 1958 yil taniqli o‘zbek akademigi Sodiq Azimov oilasida dunyoga kelgan.

Image copyright none
Image caption Rustam Azimov islohotchi va g‘arbparast siyosatchi deb ko‘riladi

U matbuotda tez-tez Prezident Karimovning ehtimoliy vorisi sifatida tilga olinadi.

Azimov islohotchi va g‘arbparast siyosatchi o‘laroq bilinadi.

U bir necha yil bank tizimida, jumladan Ipak Yo‘li hissadorlik innovatsion tijoriy banki boshlig‘i sifatida faoliyat olib borgan.

Siyosatga 1991 yil, Prezident Karimov uni yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy bankiga rais qilib tayinlashi bilan kirib kelgan.

Ko‘pda O‘zbekiston mustaqillik davri iqtisodi otasi deb ko‘riladigan Rustam Azimov 1998 yil Moliya vaziri lavozimini egallagandi.

Ikki yil o‘tib, Karimov unga Bosh vazirning butun iqtisod bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini berib, qudrati doirasini yanada kengaytirgandi.

2013 yilning boshlarida u jamoat ishlarini qisqartirish bo‘yicha hukumat komissiyasiga rais sifatida tayinlanishi ortidan u prezidentlikka ehtimoliy nomzod degan gap-so‘zlar urchitgan.

Ammo, tanqidchilar Azimovni kundalik ehtiyoj mollari narxlari keskin oshishi va energetika tanqisligi bilan bog‘liq muammolarda ayblashadi.

Rustam Azimov, shuningdek, Toshkent klani, jumladan, klan rahbari Inoyatovning dastagiga ega.

Toshi og‘ir siyosatchi

Ko‘rinishidan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev o‘z o‘rinbosari Rustam Azimovning mutlaq farq qiladi.

Image copyright none
Image caption Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan

U ko‘pda Prezident Karimovning o‘ng qo‘li va Gulnora Karimovaning przeidentlik kurashidagi asosiy raqiblaridan biri deb ko‘riladi.

Mirziyoyev mustaqil matbuotda qattiqqo‘l, yuksak cho‘qqilarni ko‘zlovchi, o‘zini omma ko‘zidan chetda saqlovchi siyosatchi sifatida ta‘riflanadi.

56 yoshli Shavkat Mirziyoyevning kelib chiqishi haqidagi ma‘lumotlar kamligi u haqdagi mish-mishlarga yo‘l ochadi. Aksar maqolalarda u Jizzax mintaqasidan deb keltiriladi.

2003 yil Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimligidan Bosh vazirlikka tayinlangan, bu esa, uning kasbiy faoliyatidagi yirik katta sakrash edi.

Mamlakatdagi neft va gaz sanoatini nazorat qilgan "Zeromaks" shirkati yopilishi ortidan Mirziyoyev prezidentlikka ehtimoliy nomzod ekani borasida gapirila boshlandi. "Zeromaks" shirkati aslida Gulnora Karimova nazoratida bo‘lganiga ishonilgan.

Espertlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevni Samarqand klani qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni paytda u Rustam Inoyatovning ham dastagiga ega ekani aytiladi.

O‘zbekiston Xalq Harakati rahbari Muhammad Solih o‘tgan iyun oyida internet sahifalaridan biriga: "Agar Mirziyoyev biron guruhga aloqador bo‘lsa, bu Inoyatovning guruhidir", deb aytgandi.

Muxolif matbuot prezidentlikni Inoyatovning salomatligi ko‘tarmasligi va Mirziyoyevni kelgusi prezident bo‘lishi uchun bosh vazirlikka tavsiya qilganini da‘vo qiladi.