Chegara: O‘zbekiston va Qozog‘iston yiliga 1 milliard dollar yo‘qotayapti

  • 22 Noyabr 2013
Markaziy Osiyodagi eng muammoli chegara
Markaziy Osiyodagi eng muammoli chegara

Jahon banki Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasini Markaziy Osiyodagi eng muammoli deb topdi. Ma‘ruzada aytilishicha, ikki davlat chegarada tovarlarning o‘tishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmagani uchun biznes bir yilda o‘rtacha 1 milliard dollar yo‘qotmoqda.

Solishtirrish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi bir yillik tovar aylanmasi taxminan shunchani tashkil qiladi.

Kursiv.kz portalining xabar berishicha, Jahon banki tomonidan tayyorlangan "Biznes yuritish" ma‘ruzasi mualliflari chegara oldi korruptsiya va paysalga solishlar Markaziy Osiyodagi savdo va iqtisodiy munosabatlarda qiyinchilik tug‘dirmoqda deb hisoblaydi.

Ekspertlar O‘zbekiston va Qozog‘iston tovarlar aylanmasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmagani sabab ikki o‘rtada biznes yiliga taxminan 1 milliard dollar yo‘qotayotganini ta‘kidlashadi. Agar chegara uzoq muddatga yopiladigan bo‘lsa ikki tomonning biznesi 3 milliard dollar zarar ko‘radi.

Ushbu raqamlarning haqiqatga yaqinligini O‘zbekistondan oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilishga harakat qilgan tadbirkor Akbar Husainov ham tasdiqlaydi.

"2004 yida Ostona hokimiyati bilan "Ostona shahrini oziq ovqat bilan ta‘minlash" nomli katta loyiha ishlab chiqqan edik. Unga ko‘ra Toshkent viloyati va Ostona shaharlari to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzib, Qozog‘istonga mahsulot olib kelib poytaxt bozorlarini ta‘minlashi kerak edi. Lekin dastur yarmiga ham bormasdan tugadi. O‘sha vaqti O‘zbekistonda Vazirlar mahkamasi oziq ovqat mahsulotlarini olib chiqishni cheklovchi qaror qabul qildi", - deydi Akbar Husainov.

Natijada Toshkent viloyati bir yilda bir necha 100 million dollarlik mablag‘dan quruq qoldi. Ostona ma‘muriyati esa shaharni oziq ovqat bilan ta‘minlash uchun boshqa davlatlar bilan shartnoma imzoladi. Bir millionga yaqin aholisi bor shahar ishlab chiqaruvchilar uchun yaxshigina bozor ekanligi aytiladi.

Ostona istiqomat qiluvchi tadbirkorga ko‘ra O‘zbekistondan tovar olib chiqish faqatgina davlat eksport kompaniyasi orqali amalga oshiriladi va to‘liq monopoliyalashtirilgan.

"Faqatgina "Uzmarkazimpeks" davlat eskport kompaniyasi bor, shular orqali olib chiqishingiz mumkin. Lekin u ham shunaqangi ko‘p to‘siqlar qo‘yganki, oxirida kelib chiqadigan narxingiz bozorga to‘g‘ri kelmay qoladi. Tashqi bozorlarda kerak bo‘lgan asosiy mahsulotlar, afsuski, faqat "Uzmarkazimpeks" orqali amalga oshiriladi", - deydi Akbar Husainov.

Ma‘muriy to‘siqlarning ko‘pligidan tadbirkorlar mahsulotlarni noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga harakat qiladi. Biroq bunday usul ancha xatarli bo‘lib vaqti vaqti bilan o‘tkaziladigan maxsus reydlar bunga to‘siq qo‘yishi va tadbirkorning cho‘ntagiga ziyon keltirishi mumkin.

Shu yilning 12 noyabr kuni O‘zbekistonda yaqin xorijga eksport qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari butunlay to‘xtatilib qo‘ydi.

Delovoimir.kz saytining ma‘lum qilishicha, O‘zbekiston huquq tartibot organi xodimlari yashirin yo‘llar bilan mahsulot eksport qilishni fosh qilishgan va unda bir necha yuqori lavozimli davlat mutasaddilarining ham aralashgani ma‘lum bo‘lgan.

Chegera oldi savdodagi korruptsiya va to‘siqlar tufayli O‘zbekiston o‘zining an‘anaviy bozorlarini yo‘qotayotgani aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra Qozog‘iston shaharlarida quruq meva bilan savdo qiluvchi o‘zbekistonlik tadbirkorlar O‘zbekistondan deyarli tovar olib kelmay qo‘ygan. Ular olis va sifatsizroq bo‘lsa ham Eron va Xitoydan mahsulot olib kelib bozorlarda sotishmoqda.

"Xo‘l va quruq meva sotuvchilar ko‘proq Xitoy va Eron bilan ishlayapti. Ostona bozoridagi 10 yillik muddatni tahlili qiladigan bo‘lsak, 2003 yili bozorlarda O‘zbekiston mahsuloti 80 foizni egallar edi. Hozirgi kunda 20 foiz ham yo‘q", - deydi Akbar Husainov.

Tadbirkorlar mevaga boy O‘zbekiston yo‘qotilgan ushbu bozorni qaytarib olish uchun hali ham imkoniyat borligini aytishadi. Buning uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratilishi yoki qonunlar chiqarilishi shart emas. Aksincha ushbu biznesga aralashmaslik va qo‘yilgan sun‘iy to‘siqni olib tashlashning o‘zi kifoya.