BBCga aytaman: Biz ham sochimizni qilich bilan olib tashlab yurishimiz kerakmi?

BBC O‘zbek xizmati yangi loyiha boshladi.

Uni "BBCga aytaman" deb nomladik.

Ko‘pchilik O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning BBC haqidagi she‘rini yaxshi eslaydi.

Zamonlar o‘zgardi, o‘zgardi do‘st-yov, Davr ham o‘zga bir libosni kiydi. Bugun xafa qilsa birovni-birov, Darhol BBCga aytaman! deydi.

Yangi loyihamizdan ko‘zlagan maqsadimiz - radiotinglovchi va mushtariylarimizni "o‘zlarida bori"ni biz bilan bo‘lashishga, ularning ijtimoiy mediadagi faolliklarini yanada oshirishga undash.

Sizda qiziqarli axborot yo ma‘lumot bormi?

Ko‘pchilik uchun ahamiyatli fotosurat yoki videolavhangizni BBC web-saytida ko‘rishni istaysizmi?

Unda "BBCga aytaman" loyihasiga marhamat!

Aytadiganingizni BBCga aytish uchun "Sizning yangiligingiz, sizning suratingiz" sahifasidan foydalaning!

Shuningdek, elektron pochtamiz manzilini eslatamiz: uzbek@bbc.co.uk

-------------------------------------------------------------------

BBCga aytaman: Biz ham sochimizni qilich bilan olib tashlab yurishimiz kerakmi?

Image caption Rossiyadagi millatchilar davlatning o‘zi paydo qilgan harakat, deydi Maksim Nazirov

Ko‘p yillar Rossiyada mardikorlik qilgan, ayni paytda Frantsiyada ham ishlab, ham til o‘rganayotganini aytgan Maksim Nazirov:

Salom! Biz ham bog‘lansak bo‘ladimi? Yoki sochimizni qilich bilan olib tashlab yurishimiz kerakmi, degan xatni yo‘llagan edi.

Maksim Nazirov bilan bog‘langanimizda, u Rossiyadagi muhojirlar, millatchilarning munosabati va davlat idoralaridagi korruptsiya kabi o‘zini qiynayotgan muammolar haqida gapirib berdi. "Rossiyadagi millatchilarga o‘chakishib, biz ham boshqa joylarda uchragan ruslarni kaltaklashimiz, sochimizni qirib olib tashlab yurishimiz kerakmi endi? Muammo hal qilinmasa, uning oxiri yaxshi bo‘lmaydi", deb aytadi u.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------------

"O‘zbekistondagi vaziyatni o‘zgartirish uchun sog‘lom kuch va tashkilot kerak"

Image copyright AP
Image caption "Millionlab muhojirlar katta kuchga aylanishi mumkin"

Usmon Nosir degan mushtariymiz shunday fikrda:

O‘zbekistondagi vaziyatni o‘zgartirish uchun, uni o‘zgartira oladigan bir sog‘lom kuch va tashkilot kerak. Bunday tashkilot, millionlab muhojirlarni birlashtira oladigan siyosiy partiya bo‘lishi mumkin. Bu partiyani programmasi xalq dardini tushunish, millat kelajagini o‘ylagani holda, adolatparvarlik, haqiqatparvarlik ruhida, vatanni sevgan insonlar g‘oyalari ifodalangan programma bo‘lishi kerak. Bu partiya ishonchni qozonsa, qudratli bir kuchga aylanadi.

------------------------------------------------------------------------

Image copyright Reuters
Image caption Muhojirlarga nisbatan qo‘pol munosabatga ularning o‘zlariga turtki bermoqda, deb hisoblaydi BBCga gapirgan muhojirlardan biri

O‘zbekistonlik mehnat muhojiri Asilbek Matkarimov BBCga maktub yozgan.

Rossiyaning Qozon shahrida besh yildan buyon muhojirlikda bo‘lgan Asilbek Matkarimovning fikricha, mehnat muhojirlarining hammasi ham axborot vositalarida aytiladiganidek "jabrlangan" emas.

"Men o‘ylaman, hozirgi mehnat muhojirlari bilan bo‘layotgan barcha xodisalarga asosan ularning o‘zlari aybdor. Ular menimcha unutib qo‘yishgan kim qayerda mehmonligini. Hayronman nima bu yerga kelib xuddi tog‘dan tushganday tutishadi o‘zlarini...shu mavzuda fikr yuritmokchi edim".

Asilbek Matkarimovning fikrlarini tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------

Toshkentdagi UzGazOil shirkati xodimi yozgan maktubdan:

Image caption UzGazOil O‘zbekistonda eng yirik benzin ta‘minotchisi hisoblanadi

Hozir O‘zbekistonda benzin taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda UzGazOil AYoQShlari kechasi 12 dan tonggi 7 gacha ishlamaslik haqida ko‘rsatma oldi. Kechasi shaharda umuman benzin bo‘lmayapti. Poytaxt Toshkentda tungi soat ikkilar atrofida xususiy AYoQShlar oldida tirbandlik kuzatilyapti. Bu hammasi UzGazOil benzin bilan ta‘minlab bera olmayotganida. UzGazOiL ishchi xodimlari esa oyiga 240 soat majburiy ishlatilib, 160 soat uchungina haq olishmoqda. UzGazOil O‘zbekiston mehnat kodeksini buzayotgan yagona korxonadir. Uch mingga yaqin ishlayotgan korxonada o‘z huquqlarini talab qilishni sirayam iloji yo‘q, chunki Bosh prokuraturaga bir necha marta yozilgan shikoyatlar javobsiz yoki tekshiruvlarsiz qolgan. Kadrlar bo‘limi boshlig‘iga arz qilsangiz, uni javobi bitta: "Men bu yerda kichkina odamman, men shunchaki rahbar buyrug‘ini bajarib o‘tiraman. Vazifam shu", - deydi. Ha, gapida jon bor. U ham nima qilsin bechora. Axir endigina 28 yoshga kirgan bo‘lsa, uch ming odamga tomdan tarasha tushganday kadrlar boshlig‘i bo‘lib qolgan bo‘lsa, unga ham qiyin. Lekin uch mingga yaqin odamni dardini ularni ko‘p ishlatib ikki baravar kam haq to‘lanayotganini, ularning huquqlari buzilayotganidan kim xabardor bo‘lib, yordam beradi? Ma‘lumotlarga qaraganda, UzGazOil Gulnora Karimovaga tegishli deb ishoniladi. Rasman korxona Uzgazxolding nazoratidadir. Sizlardan iltimos, shu mavzuni kengroq Yevropa jamoatchiligida yoritishda yordamingizni ayamang. Zora Bosh prokuratura eplay olmayotgan ish iszlar tufayli amalga oshib, ishchilar haq-huquqlari tiklansa... Agar rahbariyatdan 240 soat ishlatib, 160 soat uchun haq to‘lar ekansizlar, desangiz darhol rad etishadi. Ammo buning isboti judayam oddiy. Xodimlar ikkita tabelga qo‘l qo‘yishadi. Biri 160 soatlik, ikkinchisi 240 soatlik. Oyning oxirida esa 160 soatlik tabel bo‘yicha ish haqi olishadi, 240 soatlik tabel esa saqlab qo‘yiladi. Mabodo ishchilar huquqlarini talab qilgudek bo‘lsalar, na shu tabellar ish beradi. Toshkentdagi beniz taqchilligining asosiy sababchisi ham UzGazOil. Chunki yil boshidan beri me‘yoridan ko‘p benzin sotib yuborishdi. Bu yoqilg‘i Toshkentdan viloyatlarga tashib ketildi. Bir kunda UzGazOil tarmog‘ida 50 ming litrdan ziyod benzin rahbarar tarafidan talon-taroj qilinadi. Qanday qilib deysizmi? Yoqilg‘i quyish uskunalaridagi hisoblagichlar ortga qaytarib qo‘yiladi, vassalom. Qani edi Human Rights Watch tashkiloti ham biz bechoralar holidan xabar olsa.

----------------------------------------------------------------

Ushbu loyihaning ilk namunasi sifatida O‘zbekistonda ishchi o‘rinlari qanday yaratilishi haqidagi navoiylik o‘quvchimiz mulohazalarini e‘tiboringizga havola etmoqchimiz.

Kuni kecha BBC "830 ming ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa nega millionlab o‘zbekistonlik Rossiyada?" deb sarlavhalangan maqola e‘lon qildi.

Navoiydan Ahmad ushbu maqolaga munosabat bildirib, jumladan shunday yozadi:

Men tadbirkorman, bor-yo‘g‘i 18 ta ishchim bor. Har choraklikda statitiska organi xodimlari, soliqchilar, prokuratura xodimlari yangi ishchi o‘rin ochilgani to‘g‘risida yolg‘on ma‘lumot berishni talab qilishadi. Menda yuqorida aytganimday 18 ta ishchi xodim bor. Kattalar menga "100 ta ishchim bor deb yozing", deydi. "Bu davlatni aldash-ku", desam, "Aka, davlat ham hammani aldayapti-ku. Bizga yuqoridan buyruq kelgan, nima qilaylik, axir", deyishadi. Mana sizga qayerdan 830 mingta ish o‘rin yaralgani...

BBC bilan suhbatda Ahmadning aytishicha, statistika xodimlari ishchilar o‘rni sonini ko‘paytirib yozib hisobot topshirishni so‘raydilar.

Soliq xodimlari esa "senda 30 ta xodim bor ekan, nega atigi 10 kishi uchun soliq to‘layapsan", degan savolni beradilar.

Oxirida esa prokuratura kelib, "nega ishchilar sonini qo‘shib yozding", deb so‘raydi.

Va prokuraturaga tushuntirish xati yozib berib, prokuratura xodimining bir "xizmatini qilib berish" bilan tadbirkor javobgarlikdan qutuladi.

Bu xizmat esa "mashinaga benzin solib berish" yoki prokurorning qaysidir restorandan 100000-200000 so‘mlik qarzini uzib berishdan iborat bo‘ladi.

Ahmadning BBCga aytganlarini tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi