"Zino uchun toshbo‘ronu 100 karra darra?"

Image copyright Reuters

Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulatilishidan 12 yil o‘tib, prezident Homid Karzay ma‘muriyatining yana toshbo‘ron qilib o‘ldirish tajribasiga qaytishi mumkinligiga aql bovar qilmaydi.

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini himoya etish tashkiloti yangi Jinoyat Kodeksi loyihasini ishlab chiqishda ko‘mak berayotgan Afg‘oniston Adliya vazirligi ishchi guruhining taklifidan o‘z taajjublarini shu tariqa izhor etib chiqqan.

Ishchi guruhi esa, zinokorlar yoki nikohdan tashqarida jinsiy yaqinlikda bo‘lganlarning toshbo‘ron qilib, jazolanishi taklifini ilgari surgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, Afg‘oniston adliya tizimidagi islohotlar jarayonini dastaklayotganlari doxil barcha donor davlatlar prezident Homid Karzayga bu kabi tashabbuslar o‘zlariga qimmatga tushishini anglatib qo‘yishlari lozim.

"Prezident Homid Karzay hech bo‘lmaganda insonlarning haq-huquqlari himoyasiga mas‘ul ekanini ko‘rsatib, toshbo‘ron qilib o‘ldirish taklifini rad etishi zarur", - deydi xalqaro tashkilotning Osiyo qit‘asi bo‘yicha rahbari Brad Adams.

Yangi Jinoyat Kodeksining xalqaro tashkilot qo‘liga tushgan xomaki nusxasi tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, agar mahkama tomonidan oilali bo‘lgan erkak va ayolning nikohdan tashqarida jinsiy aloqada bo‘lganliklari aniqlansa, ularni omma ko‘zi o‘ngida toshbo‘ron qilib o‘ldirish ko‘zda tutilgan.

Agar, zinokor ayol yoki erkak oilasiz bo‘lishsa, ularni 100 karra darralash taklif qilingan.

Zinokorlarni toshbo‘ron qilib o‘ldirish Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qudratda bo‘lgan 90-yillar o‘rtalaridan boshlab, 2000 yilgacha amalda bo‘lgan.

Ammo tuzum qulatilishi ortidan, yangi afg‘on hukumati tezlikda xalqaro konventsiyalarni imzolab, Afg‘onistonda insonlar, ayniqsa, xotin-qizlarning huquqlarini himoya etishga va‘da bergandi.

Afg‘onistonda hozir amalda bo‘lgan va 1976 yilda qabul qilingan Jinoyat Kodeksida esa, toshbo‘ron qilib o‘ldirish yoki darralash kabi jazo choralari haqida so‘z bormaydi.

2001 yildan keyin ham Afg‘onistonda toshbo‘ron qilib o‘ldirish hollari uchrab kelgan, ammo afg‘on hukumati shu paytgacha bu kabi jazo usullariga ro‘yxo‘shlik bildirganini hech qachon namoyon etmagan.

"Human Rights Watch" tashkilotining eng so‘nggida aytishicha, odamzodning toshbo‘ron qilib o‘ldirilishi qiynoqli, shafqatsiz va noinsoniy jazo choralari taqiqlangan xalqaro inson huquqlari me‘yorlariga zid bir ishdir.