Eron yadroviy dasturi muzokaralarida "ilk muhim qadam" qo‘yildi

Jenevadagi muzokaralarda Eron ayrim jazo choralari yengillashtirilishi evaziga o‘z yadroviy dasturini jilovlashga rozi bo‘lgan.

Yadroviy qurol yasayapti deb Eronga nisbatan joriy qilingan sanktsiyalar yengillashtirilishidan rasmiy Tehron 7 milliard dollarcha mablag‘ni yutadi.

AQSh Prezidenti Barak Obama ham, Eron rasmiylari ham Jeneva kelishuvini "ilk muhim qadam" deb ta‘rifladilar.

Prezident Hasan Ruhoniy ushbu kelishuvni Eronning yadroviy "huquqlarining e‘tirof etilishi" deb atagan.

Eron davlat televideniyesi namoyish etgan Prezident Ruhoniyning chiqishida u mamlakati hech qachon yadroviy qurol barpo etmaydi, deb aytgan.

Yillar davomida rasmiy Tehron G‘arb mamlakatlarining yadroviy qurol barpo etish yo‘llarini qidirayotgani haqidagi da‘volarini rad etib keladi.

Eron o‘zining yadroviy dasturidan ko‘zlangan maqsad elektr energiyasi ishlab chiqarish ekanini ta‘kidlab keladi.

Jeneva shahrida 24 noyabr yakshanba kuni tongigacha davom etgan muzokaralarda bir kelishuvga kelingan.

Eron yadroviy dasturi yuzasidan muloqotlar AQSh, Britaniya, Rossiya, Frantsiya, Xitoy va Olmoniya siyosatchilari bilan o‘tkazib kelinadi.

Ilk kelishuvga ko‘ra, Eron uranni 5 foizdan ortiq to‘yintirmaydi.

5 foizdan ziyod to‘yintirilgan urandan yadroviy qurol barpo etishda foydalanish mumkin.

Uranni boyitish uchun yangi tsentrifugalar o‘rnatilmaydi.

Xalqaro nazoratchilarning Eron yadroviy inshootlariga kirishlariga kengroq ruxsat beriladi.

Tomonlar kelishuvida aytilishicha, agar olti oy davomida Eron o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmasa, yana jazo choralari qayta tiklanishi mumkin.