"Putinning oilasimi... uni tinch qo‘ying"

Vladimir Putin va sobiq rafiqasi Lyudmila Image copyright AP
Image caption Putinlar o‘tgan yoz ajrashganlari haqida ma‘lum qilishdi

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Vladimir Putinning oilaviy hayoti har doim maxfiy ushlanadi.

"Mish-mishlar ko‘p. Biroq, biz Vladimir Putinning oilasi haqida hech narsa gapirayotganimiz yo‘q va bu ishni qilmaymiz", deb aytgan Peskov janoblari New Times jurnali bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin uchun oila - "hech kim daxl qilishi mumkin bo‘lmagan shaxsiy hudud".

Bu kabi bayonotlar janob Putinning shaxsan o‘zi va matbuot kotibi tarafidan muntazam yangrab kelgan, ammo masala avval bu qadar qat‘iy qilib qo‘yilmagandi.

Koreyalik kuyov?

"Uning tungi 3:00da Seulga uchib borgani, keyin ertalabki 11:00da ish dasturini boshlagani va ishni kech tugatib, yana darrov uyga uchgani", noto‘g‘ri deb aytgan janob Peskov.

Janubiy Koreyada chiqqan xabarlarga ko‘ra, Putinning Seulga 12 noyabr kungi rasmiy safari shaxsiy ishi - qizining to‘yi bir yilligini nishonlash bilan ham bog‘liq bo‘lgan.

Janob Putinning kichik qizi Katerina Rossiyadagi Janubiy Koreya elchixonasi sobiq harbiy attashesi o‘g‘liga turmushga chiqqani borasida matbuotda ko‘p yozilgan. Peskov esa, bu ma‘lumotni na tasdiqlagan va na rad etgan.

"Yopiq tizim"

Agar avvallari Rossiya prezidentining oilasi haqidagi mavzularni rus matbuoti ataydan chetlab o‘tgan bo‘lsa, endi esa G‘arb matbuotiga ko‘ra, Putinning bolalari va yo sobiq rafiqasi atrofidagi maxfiylik doirasi tobora kengayib bormoqda.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi bu maxfiylikni qisman Putinning oilasi haqidagi ma‘lumotlarni saylovchilarga yetkazish zarurati yo‘qligi bilan ham izohlagan.

"Bilasizmi, uning darajasidagi siyosatchi uchun oilasi haqida gapirish qachon kerak? Qachonki, odamlar saylovda ishtirok etayotgan siyosatchi haqida hech narsa bilishmasa, u o‘ziga tegishli barcha ma‘lumotlardan foydalanishi kerak. Saylovchini ishontirish uchun: qarang, men mana bundayman, shunday oilam bor, menga ovoz bering, deydi. Putin esa, saylovchiga yaxshi tanish, unga ovoz berayotganlarga o‘zi haqida hikoya qilishga ehtiyoji yo‘q", deb aytgan janob Peskov.

Ayni paytda u prezidentning shaxsiy hayoti masalasi "bizda anchayin yopiq tizim" deya tan olgan.

O‘tgan iyun oyida Vladimir va Lyudmila Putinlar ajralganlari haqida ma‘lum qilishgunga qadar mamlakatning birinchi xonimi bir necha yil qariyb omma ko‘ziga ko‘rinmadi.

"Oilamni tinch qo‘ying..."

Image copyright RIA Novosti
Image caption Putin oilasi haqida matbuotga gapirishni istamaydi

2012 yil martida oilasi haqidagi savollardan biriga javob berarkan, Putin janoblari rafiqasi va qizlarini tinch qo‘yishni so‘ragandi.

"Oilam a‘zolari siyosat bilan ham, biznes bilan ham shug‘ullanishayotgani yo‘q, hech qayerga burunlarini suqishmayapti ham va men hamma ularni tinch qo‘yishini istardim. Bu ularning shaxsiy xotirjamligi va xavfsizligi bilan bog‘liq", deb aytgan Vladimir Putin xorijiy matbuot bosh muharrirlaridan biri bilan uchrashuvida.

O‘shanda Vladimir Putin qizlari universitetdagi tahsillarini tugatib, ilmiy ish bilan shug‘ullanishayotgani haqida aytgandi.

Prezidentning qizlari Sankt-Peterburg davlat universitetiga kirganlari haqida 2003 yil ma‘lum bo‘lgan.

O‘sha paytda qizlardan kattasi Mariya biolgiya tuproqshunoslik, Katerina sharqshunoslik fakulьtetlarini tanlagani xabar qilingandi.