Voqealar rivoji: BMT "Majnun"idan voz kechmagan "Layli"ni himoya etmoqchi

Image copyright AFP

Arofatini deb, Saudiya Arabistonidan sevgilisining ona Vatani Yamanga qochgan Hudaga siyosiy boshpana berilishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti xuddi shu masala hal bo‘lgunga qadar, uni o‘z himoyasi ostiga olishga qaror qilgan.

Xalqaro tashkilot Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi vakilining BBCga aytishicha, Huda boshpana so‘rab o‘zlariga murojaat qilgan.

Boshpana so‘ragan shaxs maqomida bo‘lgan insonni esa, hech kim majburan ortga deportatsiya etishga haqli bo‘lmaydi.

Mas‘ullarga ko‘ra, ona Vatani Saudiya Arabistonida yaqinlarining, hatto, uni o‘ldirishlari xavfi bo‘lgani uchun ham Hudaga siyosiy boshpana berilishi mumkin.

Hamma bugungi kunning "Layli va Majnun"i yoki "Romeo va Juletta"si deb qarayotgan ikkovlonning muhabbat dostonlari Yamanda hammaning diqqat-e‘tiboriga tushgan.

Hammasi qanday boshlangan edi?

Image copyright FACEBOOK

Yigitchani bir qarashda sevib qolgan qizgina otasining qahriga uchraydi. Ha, vaqt kabi ko‘hna yana bir ishq qissasi. Ammo Layli va Majnun yoki Romeo va Julettadan ularning bir farqli jihatlari bor, qanaqa desangiz, hikoyamizga quloq tuting:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Hikoyamizning ibtidosi Saudiya Arabistonidan boshlangan ekan.

Hozir 22 yoshda bo‘lgan Huda, taqdirning hukmini qarangki, bir kun qishlog‘idagi qo‘l telefonlari bilan savdo qiluvchi do‘konchaga kirib qoladi.

Huda o‘zining "Majnun"i - kambag‘algina oiladan bo‘lgan yamanlik mehnat muhojiri 25 yoshli Arofatni xuddi shu yerda uchratib qoladi.

Bir qarashda muhabbat, deganlari shu bo‘lsa kerakki, ikkovlon do‘konchaning o‘zida bir-birlariga ko‘ngil qo‘yib qolishadi.

Agar, oshiq-ma‘shuq himoyachisining so‘zlariga qaralsa, Arofat rasm-rusmini joyiga qo‘yib, sevgilisi Hudaning otasidan qizining qo‘lini so‘raydi.

Ammo, qizginaning otasi kambag‘alligini yuziga solib, oshiq yigitchaga rad javobini beradi.

O‘zining boshiga tushgan savdolar bilan Youtubeda o‘rtoqlashgan Hudaga ko‘ra, "ota-onasi o‘zini boshqaga bermoqchi bo‘ladi, biroq u Arofatdan o‘zgani demasligini aytib, oyoq tirab turib oladi".

"Ana shu mashmashadan keyin menda uydan qochib ketish fikri tug‘ildi", - deydi Huda.

Ikki o‘t ichida qolgan Huda tugunchasini oladiyu, yamanlik ishchining kiyimida Saudiya Arabistoni chegarasini kesib o‘tadi.

Ammo Yamanga o‘tishi bilan bu noqonuniy xatti-harakati uchun mahalliy mas‘ullar tomonidan qo‘lga olinadi.

Yuz bergan hodisadan xabar topgan Hudaning ota-onasi hammasida "qizlarining boshini aylantirib olgan" Arofatni ayblashadi.

Hudaga yordam berish uchun ona Vatani Yamanga qaytgan Arofatning boshiga ham sevgilisining kuni tushadi. Uni ham darhol hibsga olishadi.

Qanchalar o‘xshash, qanchalar o‘xshash, asrlar kabi ko‘hna yana bir ishq qissasi, dersiz. Ammo Huda va Arofatning Romeo va Juletta yoki Layliyu Majnunlarning muhabbat dostonlaridan bir farqli jihati bor:

Ularning boshiga tushgan ko‘rgo‘liklar Yamanda "Facebook" foydalanuvchilari orasida katta aks-sadoga sabab bo‘ladi.

Hamma oshiq-ma‘shuqlarning sahifasiyu suratlari bilan bo‘lishib ketadi. Ularning suratlarini yoqtirganlar soni qariyb 10 mingga yetadi.

Qoldirilgan izohlar esa, hattoki, millatchilik tusini ham olib ketadi. Ayrim yamanliklar buni badavlat qo‘shnilarining dimog‘dorligiga yo‘yishadi.

Ikki yosh bilan yuz bergan bu kabi hodisa boshqalariga oddiy yamanliklar o‘z haqlarini talab qilib ko‘chalarga chiqishgan 2011 yilgi xalq isyonini eslatib yuboradi.

"Qiz bola boshi bilan mahalliy urf-odatlarga qarshi chiqqani uchun ham hamma Hudaning yonini olmoqda", - deydi kunda-shundalik "Facebook" foydalanuvchisi bo‘lgan 33 yoshli Fahad.

"Huda erkaklarning so‘zi so‘z bo‘lgan bir jamiyatda o‘zi istagan kishiga turmushga chiqmoqchi bo‘ldi. Biznikiga o‘xshash jamiyatlarda odamlar o‘z erki va haq-huquqlariga ega emas. Yuz bergan hodisa jamiyatlarimizning jiddiy islohotlarga muhtojligini ko‘rsatadi", - deydi u.

Bugun yakshanba kuni Huda va Arofatning ustidan mahkama jarayoni bo‘lib o‘tadi.

Fahad esa, mahkama binosi qarshisida oshiq-ma‘shuqlarning himoyasiga norozilik namoyishi uyushtirmoqchi.