OI Rossiyaning Ukrainaga bosimlarini tanqid qildi

Image copyright AFP

Ovro‘po Ittifoqining ikki yuqori martabali rasmiysi Rossiyani Ukraina bilan o‘rtalarida savdo va hamkorlik kelishuvi imzolanishiga xalaqit berayotganini tanqid qilgan.

Mazkur bayonot Kiyevda ovro‘poparast namoyishchilar va politsiya o‘rtasida yangi to‘qnashuvlar kechayotgan bir paytda yangragan.

Ovro‘po Ittifoqi bilan qanday kelishuvga borish borasida Ukraina erkin qaror berishi kerak", deb aytgan OI.

"Shu bois biz Rossiya mavqei va hatti-harakatlarini qat‘iyan qabul qilmaymiz", deyiladi Ovro‘po Komissiyasi Prezidenti Joze Manuel Barozzo va Ovro‘po Kengashi rahbari Herman van Rompey e‘lon qilgan bayonotda.

Ovro‘po rasmiylari ta‘kidlashlaricha, Ittifoq bilan kuchli aloqalar Ukrainaning qo‘shnilari, jumladan, Rossiya bilan mavjud munosabatlariga ziyon yetkazmaydi.

Rossiya agar Ukraina Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuv imzolasa, muayyan iqtisodiy choralar ko‘rish bilan tahdid qilgan.

O‘tmishda Moskva gaz narxlari ustidan kelishmovchiliklar bois ta‘minotni uzib qo‘ygan, joriy yil esa, Ukraina shokoladlari importiga to‘siq qo‘ygan.

Shuningdek, Rossiya OIga xayrixoh savdo aloqalari uchun Gurjiston va Moldova sharoblari va mineral suvlarini boykot qilgan.

"Uyat"

Ukraina politsiyasi Kiyev markazida to‘plangan ovro‘poparast faollar bilan to‘qnashuvda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Xabarlarda aytilishicha, ayrim norozilik namoyishi ishtirokchilari hukumat binolariga kirishga urinishgan, biroq politsiya bunga yo‘l qo‘ymagan.

Minglab namoyishchilar Ovro‘po Maydonida to‘planishgan. Yakshanba kungi chiqishlar 2004 yil Norinj inqilobidan beri eng yirik yig‘in bo‘lgani aytilmoqda.

Namoyishchilar hukumat Ovro‘po Ittifoqi bilan savdo va hamkorlik bitimini imzolamaslik borasidagi qaroridan g‘azablanishgan.

Rossiya Ukrainani o‘zi va yana ikki sobiq Sho‘ro davlati - Belarus hamda Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan Bojxona ittifoqiga kirishga undagan.

Ukraina muxolifati rahbarlari, jumladan, og‘ir vazn bo‘yicha jahon chempioni Vitali Klichko hukumati qo‘qqisdan o‘z fikrini o‘zgartirganini "uyatli" deya ta‘riflagan va Kiyev markazida ommaviy noroziliklar tashkil qilishga so‘z berishgan.

Faollar, jumladan, qamoqdagi muxolifat rahbari Yuliya Timoshenko tarafdorlari hukumatni uni ozod qilishga chaqirgan. Ushbu chaqiriq Ovro‘po Ittifoqi tarafidan ham yangragandi.

Timoshenko xonim surunkali bel og‘rig‘iga Olmoniyada muolija olishni istaydi. Ammo, o‘tgan hafta Ukraina parlamenti uni qo‘yib yuborish borasidagi qonun loyihasini rad etdi.

Muxolifatga ko‘ra, yakshanba kuni 100, 000 kishi Kiyev ko‘chalariga chiqqan. Politsiya hisob-kitoblariga ko‘ra esa, bu son 50, 000ni tashkil qilgan.

Yuzlab namoyishchilar rasmiylarning ogohlantirishlariga qaramay, maydonda chodir tikib, tunni o‘sha yerda o‘tkazishgan.