Kiyev: politsiya namoyishchilarga ko‘zdan yosh oqizadigan gaz qo‘lladi

Image copyright AFP

Ukraina Ichki ishlar vazirligidan aytishlaricha, norozi namoyishchilarning zo‘ravonliklariga javoban Kiyev shahrida ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz ishga solingan.

"Ma‘muriy binolarni qo‘riqlash uchun militsiya zanjiri tashkil qilingan edi. Ayrim fuqarolar ana shu zanjirni yorib o‘tishga harakat qilishdi va militsiya tarafga tutun bombalarini uloqtirishdi. Bir-ikki marta gaz ham sepishdi. Hujumni qaytarish maqsadida militsiya ko‘zdan yosh oqizadigan gaz qo‘llashga majbur bo‘ldi", deb aytgan Kiyev Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Namoyish tashkilotchilariga ko‘ra, Kiyevning Ovro‘po maydoniga 100 ming kishi yig‘ilgan.

Kiyev militsiyasiga ko‘ra, namoyishchilar soni 22 mingga yaqin bo‘lgan.

Namoyishchilar Ukraina bilan Ovro‘po Ittifoqi o‘rtasida birlashma tuzish bitimini imzolashni talab qilganlar.

Namoyishchilar qo‘llarida Ukraina va Ovro‘po Ittifoqi bayroqlarini tutganlar, "Ukraina - Ovro‘poning bir qismi", "Men Ovro‘poda yashashni istayman" degan shiorlarni tutganlar.

Kiyevning boshqa bir maydonida hukumatparast namoyishchilar yig‘ilganlar, ularning soni 10 ming kishini tashkil etgani xabar qilingan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ovro‘po Ittifoqini Ukrainani do‘q-po‘pisa bilan kelishuvni imzolashga majburlayotganlikda ayblagan.

So‘nggi kunlarda Ukrainaning Kiyev va boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari tashkil qilinib kelmoqda, biroq 24 noyabrdagisi eng yirigi bo‘lgan.

Ukraina Bosh vaziri Mikola Azarov aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi bilan bitimni imzolamaslik ostida faqat iqtisodiy sabablar turipti.

Hukumat Ukraina, Rossiya va Ovro‘po Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish maqsadidagi qo‘shma komissiya tashkil qilish maqsadida ekanini aytadi.

Aksar ukrainaliklar o‘z hukumati qadamlarida Rossiyaning bosimini ko‘radilar.

BBC muxbiriga ko‘ra, Ukraina Rossiya gaziga qaram. Biroq o‘z vaqtida foydalanilgan gaz uchun haqini to‘lamaganini vaj qilib Rossiyaning "Gazprom" shirkati tabiiy gaz ta‘minotini to‘xtatib qo‘yishi hollari ko‘p bo‘lgan.

2009 yilda qarzdorlik bahonasida Rossiyaning Ukrainaga gaz uzatishni to‘xtatib qo‘ygani oqibatida ayni qish o‘rtasida Ovro‘poning qator mamlakatlarida gaz taqchilligi yuzaga kelgan edi.

Rossiya Belarus va Qozog‘iston bilan Bojxona Ittifoqini tashkil etgan va Ukrainani ushbu ittifoqqa qo‘shilishga da‘vat qilib keladi.

Ovro‘po Ittifoqi bilan erkin savdo kelishuvi esa Ukrainadan butkul boshqacha savdo tartib-qoidasini talab qiladi.

21 noyabr kuni Ukraina qator hujjatlar qatori Ovro‘po bilan birlashish kelishuvini ham imzolashdan bosh tortgani haqida e‘lon qildi.

Ushbu qaror ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi.

Ayrimlar nazarida ushbu qadam Ukrainaning shuncha yillik Ovro‘poga yaqinlashish amallarini to‘xtatish va yuzni Rossiya tomonga burish harakati bo‘ldi.