"Sevishganlarni o‘ldirganlarni toping, aks holda harbiy amaliyot boshlaymiz"

Image copyright BBC World Service

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi politsiyaga sevishganlarni o‘ldirishda mas‘ul shaxslarni qo‘lga olishga buyruq bergan.

Bag‘lon viloyati politsiya xizmati boshlig‘i General Aminulloh Amarxel Ahmadzay qavmiga tegishli 2000 ta oilaga murojaat qilarkan, agar qotillar politsiyaga topshirilmasa, harbiy amaliyot boshlash bilan ogohlantirgan.

Viloyat politsiyasining ma‘lum qilishicha, joriy hafta bir-birlariga ko‘ngil qo‘ygan yoshlar Dandi G‘o‘riy ulusvorligidan qochib ketishga urinishgan.

Ammo, ular ketayotgan avtomobil Ahmadzay qavmi odamlari tarafidan to‘xtatilgan va o‘zlari olib ketilgan.

Qavm kengashi bu ikki yoshning hatti-harakatini jamoa uchun sharmandalik deb toparkan, ular AK-47 rusumli qurol bilan otib o‘ldirilgan.

Sevishganlar mahalliy qishloq odamlari tomonidan qo‘lga olingan payt xavfsizlik kuchlari hududga yetib borishgan. Biroq, minglab odamlar ularini to‘xtatib qolgan.

Qotillik amalga oshirilgan mintaqa viloyat markazi Puli Qumridan 10 chaqirimgina uzoqda joylashgan.

Qatlni yuzlab odamlar tomosha qilishgan.

Bu Afg‘oniston hukumati uchun xijolatli hodisa. Chunki, mintaqa Tolibon tayanch nuqtasi emas, Afg‘oniston hukumati nazorati ostida.