Qirg‘iziston: Bishkek qamoqxonasidagi mahbuslar ochlik e‘lon qilishgan

Image caption Qirg‘izistondagi turmalarda ommaviy tartibsizliklar yuz berishi keng tarqalgan

Rasmiylarga ko‘ra, ikkita vaqtinchalik ushlab turish bo‘limidagi mahbuslarning nima sababdan ochlik e‘lon qilishgani hozircha noma‘lum.

Ularning aytishicha, mahbuslarning deyarli 60 foizi, ya‘ni 500 nafardan ortiq kishi ertalabdan ovqat yeyishdan voz kechgan.

Lekin ulardan biror bir talab ilgari surilmagan, shuningdek ochlik e‘lon qilganlik haqida ham bildirilmagani aytilmoqda.

Tasdiqlanmagan manbalarga ko‘ra, ular deputat Ahmatbek Keldibekovning hibsga olinishiga mahbuslar shu tariqa norozilik bildirishgan.

Qirg‘izistondagi turmalarda ommaviy tartibsizliklar yuz berishi keng tarqalgan.

Kuzatuvchilar fikricha, bunday tartibsizliklar orqasida jinoiy guruhlar turadi va ular bunday harakatlardan manfaatdordir.

Yana shunday xabarlarga qaraganda, qamoqdan ozod etilib, Qirg‘izistondan chiqib ketgan "qonundagi o‘g‘ri" Aziz Batukayev o‘rniga Bishkekka "Bo‘ri" laqabli yangi jinoiy shaxs kelgan.

Ayni paytda Ahmatbek Keldibekovning himoyachisi Bishkekdagi 1-qamoqxonadagi ochlik deputatni diskriminatsiya qilish uchun ataylab uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.