Stalinning eng dahshatli qilmishlari

Image copyright Getty
Image caption 30 yillarda kelgan ocharchilik millionlab insonlar umriga zomin bo‘ldi

80 yil muqaddam SSSRda fojia yuz bergandi: 1932-1933 yillarda sun‘iy tarzda vujudga keltirilgan ocharchilik...

Insonlarni ocharchilik bilan qirish.

Rossiya Davlat Dumasi ma‘lumotiga ko‘ra, qahatchilikdan 7 millionga yaqin odam halok bo‘lgan – bu raqam siyosiy bahonalar bilan otib tashlanganlar, quloq qilinganlar hamda Stalin boshqaruvining so‘nggi yillarida qirg‘inga uchraganlar sonidan ikki baravar ko‘pdir.

Qurbonlar Chor Rossiyasining "ekspluatatorlar sinfi" yoki "Leninchilar gvardiyasi" emas, oddiy mehnatkash xalq vakillari edi.

Insonlar asosan 1933 yilning birinchi yarmida qirilib ketdi.

Ukrainada 1998 yildan boshlab noyabr oyining oxirgi shanbasi "Ochlik qurbonlari" kuni sifatida nishonlanadi.

Shuning uchun, tarixiy fojia uzoq davom etgan esa-da, 2013 yilning 23 noyabri yubiley sana sifatida qayd etildi.

Unga yuridik jihatdan aniqlik kiritish hozirgi kunda ham katta bahs-munozalarga sabab bo‘lmoqda.

Tanobni torttirish

Bolsheviklar tomonidan uyushtirilgan "buyuk o‘zgarishlar" zamirida tez sur‘atlarda o‘sayotgan shaharlar va armiya uchun bepul oziq-ovqatni qo‘lga kiritish intilishi yotardi.

1920 yillarda qishloq xo‘jaligining iqtisoddagi ulushi 15-20 foizni tashkil etardi. Ya‘ni, besh-oltita dehqondan bir ishchi yoki askarni boqish talab qilinardi.

Bunday resurslar bilan butun dunyoda kommunizm g‘alabasini ta‘minlash mumkinmidi?

Albatta, boshqa yo‘l ham bor edi: yerni kuchli egalar ixtiyoriga topshirish, dehqonlarni iste‘mol mollari ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali pul ishlashga ilhomlantirish.

Biroq Sovet hukumatiga bu yo‘l mutlaqo to‘g‘ri kelmasdi. Xususiy mulkchilik instinktini kuchaytirishga rag‘batlantirishmi? Yoki qurol-aslaha o‘rniga oynali tryumo va velosipedlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishmi?

Stalin 1932 yilga qadar kollektivlashtirish kampaniyasini deyarli yakuniga yetkazish bilan ishning yarmini bajarib qo‘ygandi.

Endi dehqonlarni "poxol" uchun mehnat qilishga va ishdan qochmaslikka o‘rgatish qolgandi.

Mixail Sholoxov Stalinga yozgan mashhur xatida o‘z ona qishlog‘i Veshenskaya misolida 1932 yilda g‘alla bilan ta‘minlashga qanday majburlanganini batafsil tasvirlagan.

1930 yilda Ukrainada dehqonlar yetishtirgan bug‘doyning 30 foizi, Shimoliy Qafqozda esa 38 foizi davlat hisobiga tortib olindi, 1931 yilda 42 va 47 foiz g‘alla undirildi.

Kamhosil 1932 yilda esa davlat rejasi yana uchdan birga oshirildi. Mamlakatning barcha hududlaridan bu rejani bajarish imkonsiz, degan maktublar yog‘ildi. Biroq hukumat undan mehr-muruvvat kutish befoyda ekanini ko‘rsatib qo‘yishga qaror qilgandi.

"Dehqon Sovet hokimiyatini ocharchilik bilan bo‘g‘ib qo‘ymoqchi. Biz ularga ocharchilik qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yamiz", - degandi Ukraina dohiysi Stanislav Kosior o‘zining respublika partiya faollari majlisida qilgan chiqishida.

G‘alla yetishtirish bo‘yicha davlat rejasini bajarmagan kolxozlarda dehqonlardan nafaqat bug‘doy, balki oilalar zahirasidagi sabzavot, tuz va hatto cho‘chqa yog‘igacha olib qo‘yish buyurildi.

Davlat tasarrufiga o‘tkazilgan mahsulotlarning katta qismi aynib qolardi. Shunday bo‘lsa-da, bir tamoyilga bo‘ysunilardi: odamlarga bergandan ko‘ra, yaxshisi chirib ketsin.

Shunday vaziyatda, 1932-1933 yillarda 3,41 million tonna bug‘doy, 47 ming tonna go‘sht va sut mahsulotlari va 54 ming tonna baliq o‘ta arzon narxda eksport qilindi-ki, chet ellik hamkorlar Sovet hukumatini narxlarni tushirib yuborishda ayblashdi.

Natijada aholisi 30 million bo‘lgan hudud ocharchilik girdobida qoldi.

Mustaqil tadqiqotchi Stanislav Kulchitskiy ma‘lumotiga ko‘ra, Ukrainada ocharchilik 3 million 238 ming inson yostig‘ini quritgan. Bu raqam majburiy migratsiya va tug‘ilishning ikki baravar kamaygani tufayli yuzaga kelgan demografik yo‘qotishlarni o‘z ichiga olmaydi.

Qozog‘iston aholisi 6 milliondan 3 milliongacha qisqardi. U yerda aholidan non emas, balki chorvani olib qo‘yishgan.

Rossiya Federatsiyasida kartoshka va piyozni dehqonlarga qoldirishdi. Natijada bu yerda "atiga" 400 ming odam halok bo‘ldi.

Biroq Boris Yeltsinning amerikalik biografi Timoti Koltonning so‘zlariga ko‘ra, odamxo‘rlik hollari hattoki Rossiyaning birinchi prezidenti tug‘ilgan Uraldagi Butka qishlog‘ida ham ro‘y bergan.

"Har tunda Xarkov ko‘chalaridan 250 nafarga yaqin ocharchilikdan o‘lganlar jasadlarini terib ketishardi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadi-ki, jasadlardan ko‘plarining jigarlari yo‘q. Ulardan pirojka tayyorlab, bozorlarda sotishmoqda", - deb yozadi Italiya konsuli Rimga bergan hisobotida.

1932 yilning avgustida "Sotsialistik mulkini o‘g‘irlash va talon-taroj qilganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish" to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Bu qonun omma orasida "uch boshoq bug‘doy" nomi bilan mashhurlashdi. Ushbu qonun asosida, birgina 1933 yil dekabrida ocharchilikdan sabr kosasi to‘lgan 125 ming nafar inson qatag‘onga uchradi. Ulardan 5400 nafari otib tashlandi.

Ocharchilikdan tinkasi qurigan xalq shaharlarga oqa boshladi. Bunga javoban hukumat 1933 yil 22 yanvarida Molotov va Stalin imzo chekkan qarorni qabul qildi:

"Sovet hukumati dushmanlari, aksil-inqilobchilar va polshalik josuslar dehqonlarni yoppasiga ko‘chishga undamoqdalar… Barcha mavjud imkoniyatlarni qo‘llagan holda Ukraina va Shimoliy Qafqoz dehqonlarini shaharlarga ketishi man qilinsin".

Armiya mazkur hududlarni o‘rab oldi. Qaror kuchga kirgan birinchi oyning o‘zida maxsus qo‘mita 219460 shaxs qo‘lga olingani haqida hisobot berdi.

"Bir hafta ichida tashlab ketilgan bolalarni qidirish bo‘yicha xizmat tashkil qilindi. Tirik qolishi ehtimoli bo‘lganlarni Golodnaya Gorada tashkil qilingan maxsus baraklarga jo‘natishdi. Zaiflarni yuk poyezdlarida shahar ortiga jo‘natishdi. Vagonlar kelishi bilan jasadlarni oldindan qazib qo‘yilgan umumiy qabrlarga tashishmoqda", - deb yozadi Xarkovdagi Italiya konsuli.

Qo‘rqinchli filmlar sahnalari

Ocharchilikka yuz tutgan hududlarda odamxo‘rlik yoki jasad go‘shtini yeyish holatlariga guvohlik beruvchi talay hujjatlar mavjud.

"Den urojaya" nomli kolxozda uch nafar ayol kolxozchi dalada chopiq ishlari payti vafot etdi. Bechora Stepanova o‘zining 9 yashar yog‘lini yeyish uchun so‘yib qo‘ydi. Nikulinlar oilasi tintuv qilinganda chugun pechda odam chag‘anog‘i topildi", - deya Belgorod viloyati bo‘yicha maxsus qo‘mita vakili Bachinskiy 1933 yil iyunida hisobot bergandi.

"Eyskiy tumanidagi Doljanskaya qishlog‘ida fuqaro Gerasimenko o‘zining o‘lgan opasi go‘shtini iste‘mol qilgan. Novo-Shebinskaya qishlog‘ida quloq qilingan Yeliseyenkoning xotini o‘zining uch yashar farzandini chopib, yeb qo‘ygan. Mozorda 30ga yaqin go‘rdan mayyitlar yo‘qolgani aniqlandi", - deyiladi maxsus qo‘mitaning 1933 yil 7 martda tayyorlagan "Shimoliy Qafqoz mintaqasidagi ochlik holati haqida" deb nomlangan hisobotida.

Sudlar statistikasini buzmaslik maqsadida odamxo‘rlar odatda joyida otib tashlangan.

"Bizlarga, kommunistlarga talon berishardi, qishloq faollariga ham, lekin ular nima iste‘mol qilganlariga aql bovar qilmaydi! Qurbaqalar, sichqonlar allaqachon qolmadi, mushuklar ham umuman qolmagan. O‘t-o‘lanlarni ildizigacha sug‘urib olib, maydalab, undan non yopishmoqda. Odaxo‘rlik holatlarini har qadamda uchratish mumkin. Qishloq kengashi binosida o‘tiribmiz, birdan bir faol yugurib keldi va "falonchi xonadonda bir qizchani yeyishmoqda", deb xabar berdi. Birgalikda qurollanib borganimizda, barcha oila a‘zolari jam o‘tirishardi. To‘q qoringa mudrab. Xonadondan qaynatma hidi kelmoqda. "Qizing qayerda? – Shaharga ketdi. – Pechdagi ko‘zalarda nima bor? – Sho‘rva". "Sho‘rva" boshqa idishga to‘kilganda – yog‘da qo‘l va tirnoqlar suzib yuribdi. Xira pashsha kabi suzilib, mudrab kelishmoqda. Ularni nima qilish kerak? Risola bo‘yicha - sud qilish kerak. Lekin "odamxo‘rlik" degan modda mavjud emas. "Qotillik" degan modda mavjud albatta, lekin qancha ovogarchilikka yo‘l urish kerak bo‘ladi. Qolaversa, ocharchilik – bu masalani yengillashtiradigan holatmi yoki yo‘q? Umuman olganda, bizga yuqoridan "joyida hal eting", degan buyruq berilgan. Ularni qishloqdan chetga chiqaramiz, xilvat joyga olib boramiz, boshlariga pistoletdan o‘q uzamiz, bir oz tuproq bilan ko‘mamiz – keyinchalik bo‘rilar yeb ketishadi", - deb izohlaydi Anatoliy Kuznetsov o‘zining "Babiy Yar" romanida.

Jimgina qutilib ketishardi

1932 yil Stalin omma oldida deyarli so‘zga chiqmasdi, butun yozni Sochida, hech qayerga bormay o‘tkazdi. Bu esa G‘arbda uning kasal bo‘lib qolgani haqidagi mish-mishlarga asos bo‘ldi. Tarixchi Nikolay Svanidze ushbu uzoq sukutni Stalinning 1941 yil iyunidagi Blijney nomli dala hovlisida o‘tkazgan uch kunli sukunati bilan solishtiradi. Tadqiqotchi fikricha, diktator qo‘rqinch hissini boshdan kechirayotgan edi.

"U tavakkalga qo‘l urganini va uning oqibati turlicha bo‘lishi mumkinligini tushunib yetgandi", - deydi Svzanidze.

Biroq xalq bosh ko‘tarmadi.

"Tuman markazida avtobus bekatidagi maydonchada, insonlar safidan chiqarilganlar bir to‘da bo‘lib yotardi. Ular – faqat katta-katta ko‘zlari vaqti-bevaqt yonib turadigan skeletlar. Qolganlar esa, ularning aksi - ochlikdan shishib ketgan tanalar. Kimdir qayin daraxtining terisini shilib, chaynamoqda. Kimdir yerda qimirlamay cho‘zilib yotibdi. Kimdir yerdagi axlatni og‘ziga tiqmoqda. Lekin o‘lim oldidan ba‘zilar kutilmaganda bosh ko‘tarib qolishardi – o‘rnilaridan turib, qayinni quchoqlab, og‘izlarini ochishga urinib, nimadir deb qarg‘amoqchi bo‘lishardi, biroq kuchlari yetmay, xirillab qolishardi, og‘zilaridan ko‘pik chiqardi xolos. Qo‘zg‘olonchi daraxtdan yerga qulab ovozi o‘chardi. Atrofda esa odatiy hayot davom etmoqda. Odamlar ishga shoshilishmoqda", - deb yozadi adib Vladimir Tendryakov.