Ukraina OI va Rossiya o‘rtasidagi "jang maydoniga aylanishi mumkin"

Image caption Ovro‘poparast namoyishchilar Ukraina hukumatining OI bilan savdo va hamkorlik bitimini imzolamaslik borasidagi qaroridan darg‘azab

Ukraina Bosh vaziri Nikolay Azarov mamlakati Ovro‘po Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi jang maydoniga aylanishi mumkinligidan tashvish izhor etgan.

Uning bayon qilishicha, Rosiya bilan Ukraina o‘rtasidagi moliyaviy ko‘mak haqidagi bitim hozirga qadar imzolashga tayyor emas.

"Rossiya bizga kafolat berayotgani yo‘q, Ovro‘po ham bizga kafolat berayotgani yo‘q, nahotki biz jang maydoniga aylangan bo‘lsak?", - deb aytgan bosh vazir xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Viktor Yanukovich shu hafta Vilnyusda bo‘lib o‘tajak sammitda ishtirok etadi va u yerda Ukraina iqtisodi yuz tutayotgan muammolar yuzasidan Rossiya bilan uch tomonlama muzokaralarni boshlash ehtimollarini muhokama qilish niyatida.

"Dekabr oyi boshida biz muzokaralar stoliga o‘tiramiz va Rossiya bilan munosabatlarimizni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha reja ishlab chiqamiz", - deb aytgan Ukraina bosh vaziri.

Namoyishlar davom etmoqda

Ayni damda Kiyevda Ovro‘po Ittifoqi bilan integratsiya tarafdorlarining norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Bosh vazir binosi qarshisida to‘plangan 150 nafarga yaqin inson bosh vazir Nikolay Azarovdan iste‘foga chiqishni talab qilishmoqda.

Ovro‘po Ittifoqiga qo‘shilishni istaganlar Nezalejnost Maydoniga jam bo‘lganlar. Bir necha o‘n kishi tunni ayni maydonda o‘tkazishgan; Maydonning Ovro‘po qismiga chodirlar shaharchasini qurgan muxolif partiyalar namoyandalari taxminan 80 nafar atrofida edi, deya xabar beradi "Interfaks-Ukraina" axborot agentligi.

Ijtimoiy tarmoqlarda befarq bo‘lmaganlardan maydonga issiq liboslar keltirish so‘ralmoqda.

Kiyevdagi Ovro‘po Maydonida kecha tunda bir necha ming namoyishchi "Berkutom" maxsus guruhi a‘zolari bilan to‘qnashuvlar yuz bergandi.

To‘qnashuvlar muxolifatdan bo‘lgan parlament vakillari maydonda ovoz eshitish jihozlari joylashtirilgan avtobusni topishlari ortidan boshlangan.

Ayni damda Ukraina xavfsizlik xizmati kecha namoyishchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan avtobus unga tegishli ekanini ma‘lum qilgan. Xavfsizlik xizmatida bu qonunbuzarlikni tekshirish talab qilinmoqda.

"Shu yilning 25 noyabrida Kiyevdagi Ovro‘po Maydonida shaxsi noaniq kimsalar Ukraina Xavfsizlik Xizmatiga tegishli xizmat mashinasiga hamla qilganlar", - deyiladi Xavfsizlik Xizmati web sahifasida e‘lon qilingan bayonotda.

Ukraina Xavfsizlik Xizmati tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, tartibbuzarlar texnikani qo‘lga kiritganlar, transportga zarar yetkazganlar va o‘z vazifalarini ijro etayotgan xavfsizlik xizmati xodimlariga jarohat yetkazganlar.

BBC Ukraina xizmati muxbirlari xabab berishicha, to‘qnashuvlar muxolifatchilar avtobusni qo‘yib yuborgach to‘xtagan.

Muxolifat vakillari bu avtomobildan muxolifat shtabida bo‘lgan suhbatlar yozib olinganini da‘vo qilishmoqda.

Yakshanba kungi chiqishlar 2004 yil Norinj inqilobidan beri eng yirik yig‘in bo‘lgani aytilmoqda.

Namoyishchilar hukumat Ovro‘po Ittifoqi bilan savdo va hamkorlik bitimini imzolamaslik borasidagi qaroridan g‘azablanishgan.

Rossiya Ukrainani o‘zi va yana ikki sobiq Sho‘ro davlati - Belarus hamda Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan Bojxona ittifoqiga kirishga undagan.