Interfax: "Prezident qizi nomidan foydalanib ish tutilgan"

Image caption Hibslar va tergov haqidagi gap-so‘zlar tarqalganiga ancha bo‘ldi, biroq O‘zbekiston huquq-tartibot organlari bu borada sukut saqlamoqda

Gulnora Karimovaga tegishli ayrim tashkilot va shirkatlarning xodimlariga qarshi jinoiy tergov boshlangan.

Bu haqda Rossiyaning Interfax axborot agentligi O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi nomini oshkor etishni istamagan o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatgan.

Interfax xabarida aytilishicha, tergovga jalb qilingan shaxslar orasida Gulnora Karimovaning Guli brendini targ‘ib qilish bilan shug‘ullangan Toshkentdagi Modalar uyi dizayner studiyasi hamda bir necha shirkatlarning xodimlari bor.

Rossiya axborot agentligining o‘z manba‘sidan iqtibos keltirishicha, ular qalloblik, jumladan, xayriya tashkiloti niqobi ostida tadbirkorlarni homiylikka majburlash, xorijda offshshor hisoblari ochish va noqonuniy mablag‘lar hisobiga Ovro‘poda yirik ko‘chmas mulklarni qo‘lga kiritishda gumon qilinmoqda.

O‘zbek huquq-tartibot idoralaridagi manba‘ning ta‘biricha, bu shaxslar "prezident qizining nomidan foydalangan holda o‘z manfaatlarini ko‘zlab ish tutishgan".

@Gulnara Karimova nomi bilan Twitter mikroblogida bir paydo bo‘lib, bir g‘oyib bo‘lib turgan va ko‘pchilik bu Gulnora Karimovaning akkaunti deb ishongan akkaunt bir necha kundan buyon ishlamayapti.

26 noyabr kuni Gulnora Karimova deb ishonilgan Instagram foydalanuvchisi "O‘zi uchun qadrli odamlarni o‘ylab, Twitterda yozmayotganini aytgan".

Va bu bilan, aytish mumkinki, atrofidagi odamlarga qarshi jinoiy tekshiruvlarni bilvosita tasdiqlagan.

27 noyabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki Gulnora Karimovaga aloqasi bor deb ko‘rilgan Credit Standart Bank faoliyati to‘xtatilgani haqida ma‘lum qilgan.

Shu kuni O‘zbekistonda pul yuvishga qarshi yangi, kuchaytirilgan tartib amal qila boshlagan.

Norma.uz web-saytining xabar qilishicha, 25 noyabrdan e‘tiboran kuchga kirgan yangi tartibga muvofiq, eng kam ish haqining 100 barobari miqdoridagi xorijiy valyutani sotmoqchi bo‘lgan shaxslar tekshiriladi.

Hozirgacha bu miqdor eng kam ish haqining 1000 barobariga teng edi.