Prezident Nazarboyevga ommaviy tarzda sevgi izhor qilinadi

Nazarboyev Qozog‘istonni Sho‘rolar ittifoqi davridan beri boshqaradi Image copyright Reuters
Image caption Nazarboyev Qozog‘istonni Sho‘rolar ittifoqi davridan beri boshqaradi

Ostona shahridagi universitet talabalari Elboshiga o‘z muhabbatlarini ana shu tarzda bildirmoqchi. 3 ming odam bir vaqtning o‘zida prezident Nazarboyevga sevgi izhor qiladi.

Ostonadagi Qozog‘iston gumanitar-yuridik universiteti mana shunday tashabbus bilan chiqdi. Universitet ma‘muriyati ushbu aktsiya ixtiyoriy ravishda o‘tkazilayotganini bildirdi va bu Elboshiga syurpriz bo‘lgani uchun qanday amalga oshirilishini sir saqlashmoqda.

Tadbir "Birinchi prezident kuni" munosabati bilan Ostonada o‘tkaziladi.

"Ushbu aktsiyada yangilik saqlanib qolishi va intrigani ushlab qolish uchun qanday ko‘rinishda o‘tishini oshkor qilmayapmiz", - deydi aktsiya tashkilotchisi bo‘lmish Qozog‘iston gumanitar-yuridik universitet matbuot kotibi Ruslan Rahimjanov.

Matbuot kotibining ma‘lum qilishicha tadbir 28 noyabr kuni soat 11:00 da universitetning maydonida bo‘lib o‘tadi, unda 3 ming odam qatnashadi.

Aktsiya 10-15 daqiqa davom etishi kutilmoqda va tashkilotchilar u tanaffusda tashkillashtirilgani bois o‘quv jarayoniga ta‘sir qilmasligini aytilmoqda.

Shaxsga sig‘inish kuchaymoqdami?

Ushbu tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Image caption Elboshiga atab haykallar solingan

"Qozog‘istonda qanday marazm sodir bo‘lmoqda. Nahotki uning o‘zi bu narsa sirtdan kulgili va yovvoyi ko‘rinishini tushunmasa", -deb yozadi Janar Qasimbekova.

"Liberti" jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Galim Ageleuov bunday amallar shaxsga sig‘inishning kuchayyotganidan darak berishini aytadi.

"Bu shaxsga sig‘inishning kuchayyotganiga o‘xshaydi. Ma‘muriy resurslar bu kabi xo‘jako‘rsin amallarni bajarish uchun talabalarni majburlamoqda. Bu holatni Shimoliy Koreyada lideri o‘lganda yig‘lamaganlarni jazolashga o‘xshatish mumkin", - deydi Galim Ageleuov.

Blogger, talabalar hayotidagi chiqishlari bilan mashhur jamoat faoli Rinat Qibrayev oliygoh mutasaddilari tomonidan ijtimoiy faollik borasida ikki hil siyosat olib borilayotganiga e‘tibor qaratadi.

"Oliygohlarning rahbariyatlari tez tez ularning o‘quv yurtlari siyosatdan holi ekanligini ta‘kidlashadi. O‘quv yurtlarida rahbariyatdan mustaqil ravishda biror tadbir tashkil qilinadigan bo‘lsa, ular o‘zlarining har qanday partiya va kuchlardan mustaqil ekanliklarini urg‘ulashadi", - deydi Rinat Qibrayev.

Bloggerga ko‘ra mamlakatdagi hukmron "Nur Otan" partiyasi yoki prezident Nakzarboyevga muhabbat izhor qilish kerak bo‘lib qolganda rahbariyat siyosatga aralashmaslik kerakligi haqidagi gaplarini unutadi.

Nursulton Nazarboyevga sevgi izohor qilish aktsiyasi tashabbuskori Qozog‘iston gumanitar-yuridik universiteti ushbu tadbir ixtiyoriy amalga oshirilayotganini va unga hech kim majburlanmayotganini ta‘kidlamoqda.

"Bu narsa ixtiyoriy, biz bunga o‘xshash tadbirlarni har yili o‘tkazib kelamiz. O‘tgan yili "Birinchi prezident kuni"ga bag‘ishlab majmuaviy tadbirlar tashkil qilganmiz. Unga davra suhbatlaridan tortib, sport musobaqalarigacha kiradi", - deydi universitetning Marketing bo‘limidan Alisher.

Blogger Rinat Qibrayev universitetlarda talabalarni biror ishni qilishga majburlash odatiy hol ekanligini va bu narsani ko‘p marotaba boshidan o‘tkazganini aytadi.

"Talabalarni shunkachi zo‘rlashgan. Hech kim o‘z ixtiyori bilan bunaqa aktsiyalarda ishtirok etmaydi. Balki hamma narsadan mamnun 20-30 nafar faol bo‘lishi mumkin, ammo minglab odamlarning ko‘chaga chiqib men Nazarboyevni sevaman deyishi bo‘lmagan gap", - deydi Rinat Qibrayev.

Qozog‘istonni Sho‘rolar Ittifoqi davridan buyon boshqarib kelayotgan 72 yoshli Prezident Nursulton Nazarboyevni mamlakatda shaxsga sig‘inishni yuzaga keltirganlikda ayblashadi.

Elboshi haqidagi qonunga ko‘ra, Qozog‘iston Elboshisi mahkama yoki boshqa javobgarlik daxlsizligi bilan ta‘minlangan, nafaqat Elboshi shaxsiga, balki unga qarashli mol-mulkka ham tegish mumkin emas.

Ikki yil oldin Olma-Ota shahrida Prezident Nursulton Nazarboyevga qo‘yilgan haykal ochilgandi.

Bungacha Ostona shahridagi "Qozoq eli" yodgorlik majmuasida ham Nazarboyevning aksi naqshlangan. Uning nomida dunyodagi eng qimmat universitet ham poytaxtda ochilgan va bir necha istirohat bog‘i mamlakat birinchi prezidenti sharafiga atalgan.