Mamadali Mahmudov: "Muhammad Bekjon vatanga xiyonat qilmagan"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright b
Image caption Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, Muhammad Bekjon jahondagi qamoqda eng uzoq o‘tirgan jurnalist

Taniqli adib va sobiq siyosiy mahbus Mamadali Mahmudovning aytishicha, Toshkent portlashlarida ayblanib qamalgan Muhammad Bekjon va boshqalarning aybsizligini rasmiylarning o‘zlari ham e‘tirof etishgan.

1999 yilda ayni ayblovlar bilan 14 yillik qamoq jazosiga mahkum etilib, shu yil aprelida ozod qilingan yozuvchining xotirlashicha, Toshturmadagi tergov jarayonida tergovchilar uning o‘zi, Muhammad Bekjon va qamoqda qolayotgan yana bir "Erk" faoli Yusuf Ro‘zimurodovning aybsiz ekanliklari, ammo ularni qamash haqida yuqoridan ko‘rsatma borligini aytishgan.

"O‘sha tergovchilar hozir tan oladimi, yo‘qmi, ammo ularning so‘zlari mening xotiramda muhrlanib qolgan. Buni Muhammadjon ham eshitgan", - deydi Mamadali Mahmudov BBC bilan suhbatda.

Uning ishonishicha, 59 yoshli Muhammad Bekjon faqat akasi, muxolifat rahbari Muhammad Solihning siyosiy faoliyati tufayligina qamoqda o‘tiribdi.

"Muhammad Bekjon hech qachon vatanga xiyonat qilmagan, u dushmanlariga ham ozor bermaydigan, toza xulq-atvorli odam", - deydi Mamadali Mahmudov.

Chorshanba kuni Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti Bekjonni matbuot erkinligi sohasidagi yillik mukofoti bilan taqdirlagan.

Mamadali Mahmudovga ko‘ra, sog‘ligi yomonlashgan Muhammad Bekjonni ozod qilish-qilmaslik O‘zbekiston hukumatiga bog‘liq.

"Muhammad Bekjon qamoqdan chiqarilsa, O‘zbekistonga faqat foyda bo‘ladi", - deydi umrining qariyb 17 yilini qamoqda o‘tkazgan adib.

Avvalroq Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Muhammad Bekjonning sog‘ligi yomonlashganini aytib, O‘zbekiston hukumatini uni zudlik bilan ozod etishga chaqirgandi.

2012 yil yanvarda jazo muddati nihoyasiga yetishi arafasida o‘zbek mahkamasi Bekjonni qamoqxona tartibini buzganlikda ayblab, uning jazo muddatini yana besh yilga uzaytirgan.