O‘zbekiston: 1 milliondan ortiq odam paxta terishga majburlangan

"Paxta kampaniyasi" tashkiloti tomonidan chiqarilgan hisobotda aytilishicha, o‘zbek hukumati fermerlarni tizimli ravishda davlat paxta rejasini bajarishga, bolalar hamda kattalarni paxtani terib olishga majburlaydi.

O‘zbekiston davlat tomonidan majburiy mehnat qo‘llaniladigan dunyodagi yirik tizim yaratganligi aytiladi. 2013 yilgi paxta mavsumida 1 milliondan ortiq odam paxta terimiga majburlangan, ularning ichida balog‘atga yetmagan bolalar ham bor.

20 dan ortiq xalqaro va mahalliy huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarni o‘zida jamlagan "Paxta kampaniyasi" guruhi tomonidan chop etilgan hisobot "Davlatning majburiy mehnat tizimi davom etadi" deb nomlanadi.

"Paxta kampaniyasi" tashkiloti hisobotida aytilishicha, hukumat paxta terimi ko‘ngilli ravishda amalga oshirilayotgandek tasavvur paydo qilish uchun harakat qilgan. Biroq ushbu sahning ortida 1 milliondan ortiq odam, shularning ichida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar paxta yetishtirish va uni terib olishga majburan safarbar etilgan.

O‘zbekistondan huquq faoli Su‘rat Ikromov bu yil ham davlat byudjetida ishlovchilarning paxta terimiga majburlanayotganining guvohi bo‘lgan.

"Toshkent shahrida deyarlik hamma byudjet tashkilotlari, maktablar, tibbiyot xodimlari, hattoki, tadbirkorlarning ham bo‘yniga paxta majburiyati qo‘yilgan. Har olti xodimga bir odamni paxtaga yuborishi kerak edi", - deydi Su‘rat Ikromov.

Hisobotda 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan kollej talabalari ma‘muriyat tomonidan ixtiyoriy majburiy ravishda paxtaga chiqarilgani aytiladi. Unda kollej talabasi nomidan yozilgan tilxat ham keltiriladi. Tilxatda "vatan oldidagi burchni bajarish uchun paxta terimida o‘z ixtiyorim bilan hissa qo‘shishga roziman", degan jumlalar bor.

Hukumat esa mamlakatda majburiy paxta terdirish kampaniyasini rad etib keladi. Mutasaddilarga ko‘ra, tashabbus paxta terayotganlarning o‘zidan chiqmoqda.

"Oilasi, issiq joyi bor qaysi odam o‘z ixtiyori bilan kimdir ekkan paxtani terib berishi mumkin. Davlatning qilayotgan ishini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Hukumat mulozimlari o‘zidan qo‘rqqani uchun bir nechta odamlarga o‘z ixtiyorim bilan borayapman, deb yozdirib olayapti. Bu tilxatlarni ishdan bo‘shatamiz deb qo‘rqitib yozdirishmoqda. Bizda ishsizlik kuchaygan bo‘lsa", - deydi Su‘rat Ikromov.

Huquq faolining qo‘shimcha qilishicha, natijada oliy ma‘lumotli tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar dalaga chiqib ketdi.

"Paxta kampaniyasi" tashkilotining ma‘lum qilishicha, O‘zbekistonda bu yilgi paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkilotidan kelgan kuzatuvchilarning bo‘lishiga qaramasdan hukumat paxta mavzusini ko‘tarib chiqqan huquq himoyachilarini hibsga olish, qo‘rqitish va qamash orqali ovozini o‘chirishga harakat qilgan.

Hisobotda 2013 yilgi paxta mavsumida kamida 11 odamning qurbon bo‘lgani yoziladi. Terimchilar abgor sharoitlarda yotib turishga majburlangan. Tashkilot vakillari ushbu iddolarni tasdiqlovchi foto va dalillarni ham keltirgan.

2013 yilgi paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkilotining kuzatuvchilari O‘zbekiston dalalarida bo‘lgan. "Paxta kampaniyasi" tashkilotni hisobotdagi dalillarni ham inobatga olishga chorlagan. Tashkilot O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish kerakligini urg‘ulagan.

Paxta O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi asosiy ekinlardan hisoblanadi. Tola sotish evaziga mamlakat byudjetiga har yili 1 milliard dollar mablag‘ keladi.

O‘zbek paxtasining 70 foizini Xitoy va Bangladesh sotib olishi aytiladi.

Your contact details
Disclaimer