"Time" jurnali "2013 yil odami" uchun nomzodlarni e‘lon qildi

Image copyright AFP

Har yilgi an‘anaga ko‘ra, Amerikaning Time jurnali o‘z versiyasi bo‘yicha o‘tayotgan yilning eng mashhur shaxslari nomiga da‘vogarlarni e‘lon qilgan.

42 nafar nomzod orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, 2008 va 2012 yillarda "Yil odami" bo‘lgan AQSh rahbari Barak Obama, Suriya Prezidenti Bashar al-Assad, Amerika maxfiy xizmatlarining faoliyatini oshkor qilgan Edvard Snouden, shuningdek Boston portlashlarining tashkilotchilari deb ko‘rilgan aka-uka Tsarnayevlar ham bor.

Jurnal muharrirlarining izoh berishicha, Rossiya Prezidenti Snouden taqdirida o‘ygan roli va Suriyaga G‘arbning harbiy aralashuvini oldini olishga ta‘sir qilgan asosiy shaxslardan bo‘lgani uchun kiritilgan.

Ro‘yxatda o‘zining shov-shuvli chiqishlari bilan tomoshabinlarni hayratga solishdan charchamayotgan amerikalik qo‘shiqchi Mayli Sayrus yetakchilik qilmoqda. Edvard Snouden to‘rtinchi, Bashar Assad yettinchi, Putin sakkizinchi o‘rinni egallagan.

Jurnalga ko‘ra, yil odami uchun nomzodlar qatoriga Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy, Xitoy rahbari Si Jin Pin, Olmoniya kantsleri Angela Markel, jahondagi yirik internet bozori "Amazon"ning asoschisi Jeffri Bezos, Google rahbari Larri Peyj, hamda Yahoo, Facebook va Twitter internet tarmoqlari vakillari ham kiritilgan.

Nomzodlar uchun ovoz berish "Time" jurnali saytida 4 dekabrgacha davom etadi. G‘olib 11 dekabrda e‘lon qilinadi.