Teliasonera korruptsiya ayblovlariga aloqador to‘rt boshqaruvchisini ishdan bo‘shatdi

Image copyright BBC World Service
Image caption Teliasonera 2002 yildan boshlab O‘zbekiston telekom bozorida faol ish yuritgan

Shvetsiyadagi eng yirik telekom shirkati Teliasonera o‘zining to‘rt boshqaruvchisini ishdan bo‘shatgan.

Teliasonera bunday qarorga Norton Rose Fulbright - xalqaro yuridik shirkatining Ovrosiyo davlatlari bilan bo‘lgan hamkorlik yuzasidan chiqargan xulosalari ortidan kelgan.

O‘tgan yili shved matbuotida Teliasonera O‘zbekistonda ish yuritish litsenziyasini olish uchun millionlab dollar pora bergan, degan da‘volar yangragandi.

Mazkur da‘volar ortidan Teliasonera mustaqil tekshiruv o‘tkazishga buyruq bergandi.

Shved matbuoti Gibraltarda qayddan o‘tgan Takilant shirkatini Teliasoneradan millionlab pora olishda shubha qiladi. Takilant shirkatining O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqasi borligi aytiladi.

Ayni damda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Takilantga egalik qiluvchi O‘zbekiston fuqarolari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

BBC Teliasonera boshqaruvchilarining ishdan olinishiga oid tafsilotlarni o‘rganish uchun shvetsiyalik jurnalist Ola Vesterbergga bog‘landi.

Ola Vesterberg: Men bir oz muqaddam suhbatlashgan Teliasonera ijrochi direktori Yohan Dennilind va raisi Mariya Ehrlingga ko‘ra, to‘rt boshqaruvchi sobiq Sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan mamlakatlar bilan "biznes etikasiga zid ish yuritgani uchun" vazifalaridan bo‘shatilgan. Ammo ular gap qaysi ishlar yoki qaysi boshqaruvchilar haqida borayotganini ma‘lumm qilganlari yo‘q. Boshqaruvchilardan faqat ikki nafarini bilishga muvaffaq bo‘ldik. Ular - sobiq ijrochi direktor Parona Blumkis va shirkatning Ovrosiyo bo‘limi sobiq boshlig‘i Tere Kivisoridir. Eslatib o‘taman, Teliasonera Ovrosiyo mamlakatlaridan Gurjiston, Moldova, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston bilan hamkorlikka ega.

BBC: Teliasonera shirkatining yuqori mulozimlarining ishdan olinishi O‘zbekistonga aloqador korruptsiya janjaliga aloqador bo‘lishi mumkin deb o‘ylaysizmi?

Ola Vesterberg: Ha, mening nazarimda shunday. Chunki, Tere Kivisori O‘zbekiston bilan bo‘lgan shartnoma markazida bo‘lgan. U Shvetsiya prokurori tomonidan rasman poraxo‘rlikda gumon qilingan. Tere Kivisori Ovrosiyo bo‘limi boshlig‘i sifatida mintaqa davlatlari bilan yillar davomida imzolangan qator bitimlarning tuzilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lgan. Teliasonera xalqaro yuridik shirkatga Ovrosiyodagi hamkorlari bilan oxirgi yillarda amalga oshirgan barcha tranzaktsiyalar va shartnomalarni tekshirib chiqishni topshirgan edi. Teliasonera boshqaruvchilarni ishdan bo‘shatgani haqida yuridik shirkat bergan xulosalar ortidan e‘lon qildi. Yuridik shirkat ishi hali tugagani yo‘q, lekin tekshiruvlar aprel oyidan buyon davom etmoqda. Aynan u chiqargan boshlang‘ich xulosalarga tayanib Teliasonera o‘z boshqaruvchilarini ishdan haydagan. Ammo, hozircha aynan qaysi mamlakat bilan "biznes etikasiga zid" hamkorlik qilinganini bilmaymiz.

BBC: O‘zbekistonda ham Bosh prokuratura Teliasonera tranzaktsiyalarga aloqador ko‘rilgan "Takilant" ofshor shirkati egalari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu Teliasonera atrofidagi janjalga aloqador deb o‘ylaysizmi? Umuman "Takilant"ga qarshi jinoiy ish Shvetsiya tomoni talabi bilan ochilgan bo‘lishi mumkinmi?

Ola Vesterberg: Bo‘lishi mumkin. Ammo buni qat‘iyat bilan aytish qiyin. Teliasonera ijrochi direktori menga tekshiruv natijalari Shvetsiya prokuraturasiga taqdim etilganini aytdi. Men undan siz jinoyat sodir etilgan deb o‘ylaysizmi, deb so‘ragandimda u: tekshiruvlar Shvetsiya prokuraturasi olib borayotgan tergovga aloqador bo‘lishi mumkin, deb javob qaytardi. Bularning bari, mening nazarimda, Teliasonera shirkatiga yangi idoriy kengash a‘zolari tayinlanishiga aloqador bo‘lishi mumkin.

BBC: Shvetsiya prokuraturasining Teliasonera ustidan olib borayotgan tergovi hozir qaysi bosqichda?

Ola Vesterberg: Tergovlar hali ancha davom etadiganga o‘xshaydi. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, tergovchilar bir necha mamlakat rahbariyatidan yordam olishga harakat qilmoqdalar. Bunday yordam so‘rovi 12 mamlakatga bo‘lgani tilga olinadi. Tergovchilar dunyoning turli nuqtalaridan ma‘lumot to‘plashmoqda. Tergov jarayoni ancha yirik bo‘lgani uchun uning bu yil nihoya topmasligi aniq, deyishdi tergovchilar.

BBC: Teliasonera Shvetsiyadagi eng yirik telekommunikatsiya shirkati hisoblanadi. Teliasoneraning korruptsiyaga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabar Shvetsiyada qanday qarshi olindi?

Ola Vesterberg: Janjal chiqqan payti Shvetsiya hukumati va parlamenti ancha keskin munosabat bildirishdi. Pullar miqyosi haqidagi xabar ko‘plarni hayratga solgandi. Agar korruptsiya haqidagi ayblovlar o‘z isbotini topsa, bu Shvetsiya tarixida misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lishi shubhasiz.