Ukraina: namoyishchilar hukumat binosi yo‘lini to‘sib olganlar

Image copyright AFP

Tunni Kiyev markazida o‘tkazgan minglab norozi namoyishchilar Prezident Viktor Yanukovichning iste‘fosini talab qilmoqdalar, 2 dekabr kuni butun Ukraina bo‘ylab ish tashlashga chaqiriqlar yangragan.

Yakshanba kuni namoyishchilar Kiyev shahri hokimligi binosini bosib olganlar, ko‘plar tunni hokimlik binosida, aksar namoyishchilar Kiyevning Mustaqillik maydonida o‘tkazganlar.

Norozilik ishtirokchilari Ukraina parlamenti va Markaziy Bank binosi kirish yo‘lini to‘sib olganlar.

Poytaxt Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlaridan kelgan yuzlab namoyishchilar Kiyev shahri hokimligini protestlar qarorgohiga aylantirdilar, deb aytgan bino ichkarisidagi faollar.

Norozilik namoyishlari va tartibsizliklar Prezident Yanukovichning Ukrainani Ovro‘po Ittifoqiga yanada yaqinlashtirish maqsadi ko‘zlangan kelishuvni imzolashdan voz kechganidan keyin boshlanib ketdi.

2004 yilda aynan janob Yanukovich saylovda yutib Ukraina prezidenti bo‘ldi, degan rasmiy e‘lon minglab ukrainaliklarni "Zarg‘aldok inqilobiga" olib chiqqan, shundan keyin saylov natijalari bekor bo‘lib, inqilobchilar hokimiyatga kelgan edi.

O‘sha zarg‘aldoq inqilobi kunlarida O‘zbek muxolifati yetakchilaridan Ismoil Dadajonov Kiyevda bo‘lgan edi.

U bugun xam Kiyevda. Ismoil Dadajonov Ukraina poytaxtidagi so‘nggi hodisalar va odamlarning kayfiyati haqida gapirib berdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Taqiqlardan namoyishlarga

Bir kun oldin Kiyev shahri hokimligi namoyishlarni taqiqlash taklifi bilan chiqdi.

Go‘yo namoyishlar yangi yil bayramiga tayyorgarlik, yangi yil archalarini o‘rnatish amallariga xalaqit berar emish.

Hokimlik qarorini Kiyev shahri mahkamasi ham ma‘qulladi, 1 dekabrdan yanvar oyining birinchi haftasigacha Ukraina poytaxtida namoyishlarni o‘tkazishni taqiqladi.

Bu taqiqni rad etgan namoyishchilar yakshanba kuni ham ko‘cha va maydonlarga chiqdilar.

Kechagi norozilik amaliyotlarida 100 mingdan 500 minggacha namoyishchi qatnashgan, deb ko‘riladi.

Namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.

Rasmiylar 100 tacha politsiyachi jarohatlangani haqida xabar tarqatdilar.

Ukraina parlamenti spikeri Vlodimir Ribak aytishicha, 2 dekabr kuni hukumat muxolifat bilan muzokara o‘tkazishni rejalagan.

Barcha taraflar o‘z nuqtai-nazarini ifodalash imkoniyatiga ega, deb aytgan janob Ribak.

Iste‘fo talabi

Muxolifatning liderlaridan biri Vitaliy Klichko ushbu aktsiya muddatsiz ekanligini aytgan: "Uning yakuni bitta – bu joriy prezident va hukumatning intihosidir".

"Xalq vechasi" (Xalq qurultoyi) kuni kiyevda taxminan 300 ming odam Ukraina hukumatining iste‘fosini so‘rab ko‘chaga chiqqan.

Ukraina parlamenti raisi Vladimir Rybak hukumat va muxolifatni murosa qilishga chaqirgan.

"Hukumat ham, muxolifat ham ertadan boshlab murosani boshlashi kerak", - degan u "Inter" telekanali orqali chiqishida.

Yakshanba kuni bir necha yuz faollar prezident ma‘muriyatini hujum bilan olishga harakat qilgandi.

Ukraina muxolifat vakillari Bank ko‘chasidagi prezident ma‘muriyati qoshida bo‘lgan to‘qnashuvlarni Nezalejnosti maydonidagi tinch aktsiyani yo‘qotish uchun hukumat tomonidan uyushtirilgan ig‘vo ekanligini aytdi.

"Berkut" maxsus bo‘linmasi bilan to‘qnashuvlarda o‘nlab odam jarohat oldi. Ukraina IIV taxminan 100 nafar militsiya xodimi ham jarohat olganini aytib chiqdi.

Tartibni saqlash xodimlari namoyishchilarga qarshi yosh sizdiruvchi gaz va to‘qmoqlarni ishga soldi.

Faollar Kasaba uyushmasi binosini va Nezalejnosti maydonidan uncha uzoq bo‘lmagan Kiyev shahri meriyasini egallab olishdi.

Inqilobmi?

NATO bosh kotibi Anderg Fog Rasmussen Ukrainadagi tomonlarni zo‘ravonlikdan saqlanishga, mamlakat hukumatini esa so‘z va to‘planish erkinligini hurmat qilishga chaqirdi.

Uning aytishicha, "Kiyevdagi ko‘plab ukrainlar mamlakatning Ovro‘pa Ittifoqi bilan yanada yaqin aloqalarini qo‘llashda qarorli ekanliklarini bildirishda davom etmoqda".

Ukrainadagi ommaviy norozilik aktsiyalari inqilob darajasiga ko‘tarildi, - deydi "Uchinchi Ukraina respublikasi" harakati lideri, sobiq ichki ishlar vaziri Yuriy Lutsenko.

"Bizning rejamiz tushunarli: bu endi miting yoki aktsiya emas. Bu – inqilob. Bugun bu yerda USSR o‘lmoqda. Bu uning dafn marosimi", - dugan u Nezalejnosti maydonidagi chiqishida.

Ukraina muxolifati Ovro‘pa Ittifoqi bilan assotsiatsiya tuzish to‘g‘risidagi bitimning imzolanmay qolishini "davlatga xiyonat" deya baholagandi.

Bitimning imzolanishini kechiktirishni hukumatdagilar Rossiya tomonidan bosim va Ukrain tomonidan iqtisodiy xavflarni kamaytirish deya izohlagandi.

Rasmiy Kiyev Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning yomonlashuvi ortidan keladigan yo‘qotishlarni qoplash uchun Ovro‘pa Ittifoqidan tovon puli olishni istagan.

Prezident Yanukovich bitim kelajakda imzolanishini bildirgandi.

Your contact details
Disclaimer